Sog‘lom yurak siri sakkizta raqam ortida yashirin

O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi, kardiolog olim, akademik
Ravshan QURBONOV bilan suhbat

Sog‘lom yurakning siri nimada? Qanday qilib yuz yil yashash mumkin? Yurak xastaliklarining davosi bormi? Uning oldini olish yo‘llari-chi? Shu va shunga o‘xshash savollarning oqilona javobi nafaqat inson salomatligini asrash, balki jamiyatda tibbiy madaniyatni yuksaltirishning ham muhim omilidir.

– O‘zbekiston kardiologiyasining bugungi yutuqlari, olis qishloqlarda yashayotgan aholiga zamonaviy kardiologik yordam ko‘rsatish loyihalari haqida ma’lumot bersangiz.


– Shuni quvonch bilan aytishim mumkinki, bugun mamlakatimiz kardiologiya xizmati dunyoning taraqqiy etgan davlatlari tibbiyoti bilan hamqadam rivojlanib bormoqda. Jahon tibbiyotida ushbu yo‘nalishda qanday yutuqlar qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, ularning barchasi O‘zbekiston tibbiyotiga ham joriy etilgan. Yurak-qon tomir kasalliklarida koronarografiya va stentlash amaliyoti bunga misoldir. Ana shunday yuqori texnologiyalar tibbiyotimizga kirib kelishi tufayli keyingi 10 yil ichida miokardning o‘tkir infarktidan sodir bo‘layotgan gospital o‘lim holatlari 9-10 foizgacha kamaydi.
Yana bir yuqori texnologik usul – yurakning murakkab aritmiyalarida qo‘llanadigan radiochastotali ablatsiya va yurak blokadalarida elektrokardiostimulyasiya usullari hammarkazda samarali amalga oshirilmoqda. Tibbiyotning bunday yutuqlarini hududlardagi shifo muassasalariga ham joriy etish eng muhim vazifamizdir. Hozirdayoq bu borada muhim qadamlar qo‘yila boshlandi.

– Homilador ayollarning ko‘pchiligi qon bosimi oshishidan shikoyat qiladi. Bu tabiiy holatmi yoki biror kasallik belgisimi?


– Homiladorlikning ikkinchi yarmida ba’zi ayollarda qon bosimining oshishi kuzatiladi. Bu organizmda homiladorlik tufayli ro‘y beradigan gormonal o‘zgarish­lar sababli. Biroq, holat juda og‘ir kechsa va cho‘zilib ketsa, shifokorga o‘z vaqtida murojaat etish kerak. Homilador ayol farzandli bo‘lib, tug‘uruqxonadan chiqqanidan keyin ona-bola doimiy patronaj kuzatuvida bo‘ladi. Patronaj ko‘rigi vaqtida ayolning qon bosimini o‘lchash, agar bosim yuqori bo‘lsa, tegishli shifokorlar ko‘rigini tashkil etish zarur.

– Yurak-qon tomir kasalliklari yil sayin yosharib borayotganday?..


– To‘g‘ri, yurak-qon tomir kasalliklari ancha yosharmoqda. Bunga hayot sur’atining jadallashuvi asosiy sabab desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Sir emas, bugun axborot bosimi ta’sirida yashayap­miz. Qolaversa, turmush tarzimiz yengillashgani sari jismoniy faollik susayib boryapti. Yoshlar orasida chekish ko‘proq uchramoqda. Pala-partish, noratsional ovqatlanish tufayli vazn ortishi yurakka yanada og‘ir zarba beradi. Oqibatda qon tarkibida biokimyoviy o‘zgarishlar yuzaga kelib, qon bosimi oshib ketishiga olib keladi.

– Qon bosimi faqat yurak-qon tomir tizimi kasalliklari tufayli oshadimi yoki bunga boshqa a’zo va tizimlardagi o‘zgarishlar ham sabab bo‘lishi mumkinmi?


– Albatta, boshqa a’zolardagi xastaliklar ham qon bosimini oshirishi mumkin. Masalan, buyrak-tosh kasalliklari, piyelonefrit, endokrin kasalliklar (bo‘qoq, buyrak usti bezining kattalashishi) tufayli qon bosimi oshishi kuzatiladi. Biroq yurak-qon tomir kasallik­laridan farqli ravishda bunday vaziyatda arterial gipertoniya o‘ziga xoslikka ega, ya’ni diastolik bosim ancha oshib ketadi, 140/100, 150/110 simob ustunini tashkil etadi. Bunday vaziyatda bemorning yurak- qon tomir tizimidan boshqa a’zolarida kasallik bor-yo‘qligini aniqlab, tegishli shifokorga yo‘naltirishingiz kerak.

– Yurak xuruji tahdid solayotganini bildiruvchi belgilar bormi?


– To‘sh sohasidagi og‘riq, nafas qisilishi, tez-tez holdan toyish, yurakning betartib, tez urushi, bosh aylanish, ko‘ngil aynish holatlari yurak xurujidan ogohlantirayotgan bo‘lishi mumkin. Yurak-qon tomir kasalliklarining atipik ko‘rinishlarida oshqozon sohasidagi, pastki jag‘dagi og‘riq ham yurak xastaligi belgisi bo‘lishi mumkin. Bunday bemorlarga o‘z bilganicha dori-darmon ichmaslikni, zudlik bilan shifokor ko‘rigiga borib, tibbiy ko‘rikdan o‘tishni uqtiring. O‘z vaqtida ko‘rilgan har bir chora yurak kasalliklarining oldini olishga zamin bo‘ladi.

– Miokard infarktini boshidan kechirgan bemorlarga uy sharoitida qanday yordam bera olamiz?


– Bunday bemorlar statsionarda davolanib uyiga qaytgach, dispanser nazoratiga olinadi. Ularni uy sharoitida reabilitatsiya qilishda yengil mashqlarni bajartirish mumkin. Masalan, yengil badan tarbiya qilish tavsiya qilinadi. Bemor qonidagi biokimyoviy ko‘rsatkichlarni, jumladan, lipidlar miqdorini doimiy tekshirib turish kerak. O‘z vaqtida tibbiy ko‘riklarga jalb etish, parhezga amal qilishi, shifokor buyurgan dorilarni o‘z vaqtida qabul qilishini kuzatib, oiladagilarga bemor parvarishi bo‘yicha maslahat berib turish foydadan xoli bo‘lmaydi.

– Qon bosimi pasayishi sababi nimada? Bunday bemorlarga uy sharoitida qanday yordam ko‘rsatish kerak?


– Qon bosimi pasayishining bir necha sabablari bor. Masalan, bemorda o‘tkir miokard infarkt holati bo‘lsa, qon bosimi birdan tushib ketishi mumkin. Yurak ritmining keskin buzilishi ham qon bosimi pasayishiga olib keladi. Shunday holatlarda zudlik bilan tez yordam chaqirib, u yetib kelguniga qadar bemorni tekis holatda yotqizish, xona eshik-derazalarini ochish, siqib turgan kiyimlarni yechish lozim. Qora choy, kofe berish mumkin. Bilib-bilmay har xil dori-darmon berish bemorning ahvolini yanada og‘irlashtirishi mumkin.

– Yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olishda oddiy va oson usullar bormi?


– Bu borada har bir insonga quyidagi raqamlarni eslab qolishni tavsiya etishingizni maslahat beraman: 0 3 5 140 70 5 3 0. Bu raqamlar izohi ortida sog‘lom yurak siri yashiringan, deyish mumkin.
0 – chekmaslik;
3 – bir kunda 3 kilometr piyoda yurish;
5 – bir kunda 5 mahal meva-sabzavot iste’mol qilish;
140 – qon bosimining 140 millimetr simob ustunidan kam bo‘lishi;
70 – yurak urushi bir daqiqada 70 tadan oshmasligi;
5 – qondagi xolesterin miqdori 5 mmol/l dan oshmasligi;
3 – lipidlar miqdori 3 mmol/l dan yuqori bo‘lmasligi;
0 – ortiqcha vazndan xoli bo‘lish.
Bular har bir inson o‘z hayotida amal qilishi mumkin bo‘lgan eng oson va oddiy qoidalar. Yurak kasalliklari oldini olishning bunday samarali usullari haqida aholini xabardor qilish muhimdir.

Sog‘lom inson uchun me’yoridagi qon bosimi 120/80 millimetr simob ustunini tashkil etishi kerak. Biroq, ba’zi odamlarda, ayniqsa, ayollarda qon bosimi bundan past­roq bo‘lishi mumkin. Qolaversa, kun davomida insonning ruhiy holati, jismoniy harakatiga qarab ham qon bosimi o‘zgarib turadi. Shu bois,100/70 dan 140/90 gacha bo‘lgan ko‘rsatkich me’yoriy holat deb qabul qilinadi.Qon bosimining ushbu oraliqdan tushib yoki oshib ketishi tashvishlanishga asos bo‘ladi. Shunday vaziyatlarda zudlik bilan shifokorga murojaat qilib, tibbiy ko‘rikdan o‘tish lozim.

Akmal ERGASHEV suhbatlashdi

Yana o‘qing:  Jig‘ildon qaynashi bezovta qilganda...

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: