Bahorgi allergiya bolalarda xavf tug‘dirmaydimi?

Qishning sovuq kunlari ortda qolib, biz orziqib kutgan go‘zal bahor olamga o‘z sepini yoydi. Ushbu go‘zal kunlar afsuski, ayrimlar uchun behuzurlik, bezovtalik ham olib kelishi mumkin. Allergiyaga moyilligi bor kishilar bahorni, ayniqsa, aprel oyini unchalik ham xushlamasligi tabiiy. Allergiyadan butkul xalos bo‘lish oson kechmasa-da, ammo bu mavsumni nisbatan yengil o‘tkazish ham katta muvaffaqiyat, aslida. Bu borada biz suhbatga tortgan mutaxassis allergolog-immunolog shifokor Sherzod Muxtorov siz uchun kerakli tavsiyalarni berib o‘tdi.

– Ma’lumotlarga qaraganda, dunyo aholisining taxminan beshdan bir qismi bahorda allergik reaksiyalarga duch kelmoqda. Xo‘sh, allergiyani keltirib chiqaruvchi omillar qanday?


– Bolalardagi mavsumiy allergiya allergen bilan ilk aloqadan keyin rivojlanadi. Bu juda erta yoshda kuzatilishi mumkin. Odatda, bu bolalar irsiy moyillikka ega, kamdan kam hollarda alomatlar o‘zini namoyon qilishi mumkin. Kichik yoshdagi bolalarda mavsumiy allergiya kattalarga qaraganda og‘irroq kechadi. Qishki sovuqdan keyin zaiflashgan organizm quyosh nuri va vitamin yetishmasligi immun tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatib turgan bir paytda mavsumiy allergenlar konsentratsiyasining cho‘qqiga ko‘tarilishi ayni muammoga olib keladi. Allergiya toshmasi nafas olish muammolarini ham keltirib chiqarib, vaziyatni yana og‘irlashtirishi mumkin. Tashqi tomondan u ko‘pincha kichik teshikchali, birlashishga moyil va katta pufakchali shaklda bo‘lib, doimiy qichishib, bola o‘z nazoratini yo‘qotishi, terini tirnab jarohatlashi va hatto infeksiya rivojlanishiga zamin yaratishi ham mumkin.

– Maktabgacha yoshdagi bolajonda mavsumiy allergiya kechishiga qarshi qanday usullar yordamida kurashish mumkin?


– Bolalarda mavsumiy allergiya kechishiga qarshi kurash an’anaviy va xalq tabobati usulida olib boriladi. Ammo urinishlarni avvalo parhezdan boshlash kerak. Kasallik hurujini zo‘raytirishi mumkin bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini ratsiondan chiqarib tashlagan ma’qul. Bu holatda oziq-ovqat allergiyasini qo‘zg‘atmaslik g‘oyat muhimdir. Avvalo, shokolad, tovuq tuxumi, qo‘ziqorin, qo‘y go‘shti, sitrus mevalar, asal, baliq, mosh, loviya, yong‘oq, sigir suti, qizil sabzavot va mevalardan vaqtincha voz kechgan ma’qul. Xalq tabobati bilan allergiya terapiyasi ko‘plab retseptlarga ega. Bunda eng asosiy qoida davolovchi shifokor tomonidan tavsiya etilgan dori-darmonlarni e’tiborsiz qoldirmaslik, balki ularni to‘ldirishdir. Shartli ravishda yengillashtirish uchun mo‘miyo eritmasi, selderey sharbati, moychechak, qoraqiz o‘ti, dafna barglaridan tayyorlangan damlamalarni qo‘shimcha ravishda qabul qilish mumkin. Terapiyaning davomiyligi ikki oydan oshmasligi kerak. So‘ngra tanaffus qilish va boshqa vositaga o‘tish mumkin.

Farzandingizni mavsumiy allergiyadan imkon qadar saqlashda ehtiyotkorroq bo‘lish zarar qilmaydi, albatta. Oddiy qoidalarga rioya qilgan holda bolajonning hayotini yaxshilash, uni xavfli asoratlardan himoya qilish mumkin.

Xususan, xonalarda iloji boricha nam tozalashni amalga oshirish, uydagi optimal harorat va namlik darajasini saqlash, har safar ko‘chaga chiqqanda va qaytib kelganda poyabzalni nam mato bilan artish, kiyimlarni yuvish, changlanish paytida ochiq havoda kamroq bo‘lish, chiqqanda ham tibbiy niqob taqish, xonani faqat kechqurun shamollatish, havo filtrlaridan foydalanish, uy hayvonlarini yuvib-tarash kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, sintetik tolali kiyim kiymaslik, yomg‘irdan keyingi sayr, issiq va kuchli shamolda derazalarni yopish, avtomobilda harakatlangan paytda derazalarni ochmasdan konditsionerdan foydalanish, har safar bola ko‘chadan qaytgandan keyin uni yuvintirish, ayniqsa, burnini tez-tez yuvib turish, bir necha o‘simlik gullariga yaqinlashishidan cheklash va ayniqsa, nafas olish yo‘llari kasalliklarining rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, ularni o‘z vaqtida davolash, kasalliklarning surunkali holatga o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik g‘oyatda muhimdir.

– Bolajonlarda bahorgi allergiya xavfli oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinmi?


– Albatta, bola organizmi kattalarga nisbatan allergiyaga moyilligi yuqori ekan, uning xavfli oqibatlariga ham aynan erta yoshda ko‘proq duch kelinadi. Bolalarda bahorgi allergiyaning asosiy xavfi shundaki, ulardagi pichan isitmasi osonlikcha bronxial astmaga aylanib ketishi mumkin. Allergiyaning eng keng tarqalgan ko‘rinishlaridan biri bo‘lgan pichan isitmasi ­dunyo aholisining 16 foizi uchun noqulaylik tug‘diradi. Statis­tikaga qaraganda o‘g‘il bolalar qizlarga qaraganda pichan bezgagidan ko‘proq aziyat chekadi.

Kasallikning dastlabki alomatlari 3 yoshdan 9 yoshgacha kuzatiladi. Pichan bezgagining mavsumiyligi o‘simliklarning gullash davriga bog‘liq. Odatda begona o‘tlar, don va ba’zi turdagi daraxtlar turli vaqtlarda gullaydi va shu sabab pichan isitmasi manbasini aniqlash unchalik qiyin bo‘lmaydi.

Asosiysi, bolada yildan-yilga rivojlanayotgan allergiya borligini o‘z vaqtida aniqlashdir. Ota-onalar bilishlari zarurki, agar ulardan birida allergiya namoyon bo‘lsa, bolada pichan bezgagi paydo bo‘lish havfi sezilarli ravishda oshadi. Yangi uzilgan o‘t tufayli paydo bo‘lgan aksirish pichan isitmasi — allergik rinit boshlanishini ko‘rsatishi mumkin. Ammo kuchli hidga ega gullar allergiyani keltirib chiqara olmaydi. Chunki ular asalarilar tomonidan chang­lanadi. Shuning uchun yosh onaga taqdim etilgan atirgul guldastasi uchun tashvish­lanish o‘rinsiz — bu farzandi uchun xavfsiz. Gullardan ajraladigan polen(allergiya keltirib chiqaruvchi o‘simlikning juda kichik erkak urug‘i)ning havoda maksimal konsentratsiyasiga yetib, allergiyani eng yuqori darajada keltirib chiqaradigan payt ertalab bo‘lib, ayni shu paytda daraxtlar 25 foiz holatda, begona o‘tlar 42,5 foiz holatda, madaniy va yovvoyi holda yetishtiriladigan don mahsulotlari esa 92,5 foiz holatda bolalarda allergiyani rivojlantirishi mumkin. Asosan, bahor va yozning dastlabki oylari bahorgi allergiya avj oladigan davr hisoblanadi. Bu quyidagi belgilar orqali namoyon bo‘ladi:

• yuqori nafas yo‘llari va ko‘z qovoqlarining shishi;
• ko‘zlar yoshlanib, burun oqishi;
• burun va ko‘z qovoqlarining qichishishi;
• tez-tez aksirish;
• nafas qisilishi;
• bronxospazm;
• teri toshmalari.

Shuningdek, bunday paytda bolada bo‘g‘ilish hurujlari, quruqyo‘tal va xirillash kabi bronxial astma belgilari ham namoyon bo‘lishi ehtimoli bor. Umumiy zaiflik, bosh og‘rig‘i, uyqusizlik, terlash kabi asab tizimi buzilishlari ham kuzatiladi. Ammo tana harorati me’yorda bo‘ladi. Mavsumiy allergiya alomatlari ikki oydan ortiq davom etmaydi. Ammo agar bolaning allergen bilan aloqasini kamaytirsangiz va qo‘shimcha profilaktika choralarini ko‘rsangiz, buzilishlar tezroq yo‘qoladi.

– Bolaning aksirib, darmonsizlanishi, boshi og‘rib, aylanishi ba’zan ota-onalarni esankiratib, kasallikni o‘tkir respirator virusli infeksiyalar bilan adashtirish holatlari ham uchrab turadi. Shu o‘rinda O‘RVI bilan mavsumiy allergiyani qanday qilib aniq farqlasa bo‘ladi?


– Allergiya duchor bo‘lgan bolalarda isitma ko‘tarilmaydi. Burundan doimiy ravishda kelayotgan «oqim» suyuq va rangsiz bo‘ladi. Shamollashda esa burun shillig‘i quyuqroq, yashil yoki sariq ranga ega bo‘lib, bir haftadan so‘ng to‘xtaydi. Allergik aksirish ham shamollashga qaraganda tez-tez sodir bo‘ladi. Shu bilan birga, ko‘zda og‘riqdan holi bo‘lgan shishish, qizarish yoki yoshlanish kuzatiladi, allergen bilan aloqa qilganda alomatlar yana takrorlanadi.

– Bolalarda allergiyani bartaraf etishda yuqori samara usuli deb qanday yo‘lni tavsiya eta olasiz?


– 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga qaraganda bog‘cha yoshidagi bolalarda allergik ta’sirchanlik nisbatan yengilroq kechadi. Bolalar besh yoshga yetgach ular bilan allergenga xos immunoterapiya (ASIT) o‘tkazish mumkin. Bu allergiyadan forig‘ bo‘lishda juda yaxshi samara beradi. Bunday holatda shifokor nazorati ostida bolaga ma’lum, o‘ta kichik miqdorda allergen dozalari teri osti yoki til osti orqali beriladi. Immunoterapiya kursi har yili o‘tkazilib, davolash uch yildan besh yilgacha cho‘ziladi. Immunoterapiya davrida bola parhezga rioya qilishi kerak va bu payt­da har qanday profilaktik emlash tadbirlarini o‘tkazish qat’yan man etiladi.
ASIT immun tizimining hujayralariga shunday ta’sir ko‘rsatadiki, ular organizmga kirganda allergenlarni to‘sib qo‘yadigan o‘ziga xos immunoglobulinlarni sintez qila bosh­laydi. Bu esa, o‘z navbatida, allergik reaksiyalarning faolligini pasaytiradi. Shunday qilib, ASIT yordamida ular nafaqat simptom bo‘yicha, balki kasallik sabablari bo‘yicha harakat qilishadi.

– ASIT davolanishini yilning qaysi paytida boshlashgan ma’qul?
– Allergiya kasalligining klinik remissiyasi davrida davolanishni boshlagan ma’qul. Jumladan:
• daraxtlar va o‘tlarning changlari uchun – oktyabr-noyabr;
• yovvoyi o‘tlarning gul changi davrida – yovvoyi o‘tlarning gullash davri kech tugaganligi sababli bir oy davomida – noyabr-dekabr;
• Qo‘ziqorin allergenlariga allergiya bo‘lsa, mog‘orlarning faol sporulyasiyasi (qor erishi) davrlari hisobga olinadi – bu erta bahor, yoz va kech kuzda.

Xulosa qilib aytish mumkinki, mavsumiy allergiyani butkul davolash mumkin. Ushbu usul haqida shifokorga murojaat qiling. Zora yillar davomida farzandingizni qiynab kelgan muammo barham topsa.

Nargiza HUSANOVA

Yana o‘qing:  ONA VA BOLA hamisha e’tiborda, e’zozda

suhbatlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: