V guruhi vitaminlari: asabni asraydi, yuzni tiniqlashtiradi, qarish jarayonini sekinlashtiradi
Vitaminlar insonning jismoniy va aqliy ish qobiliyatini oshiradi, organizmning turli kasalliklarga chidamliligini kuchaytiradi. Shu bois ushbu moddalarga tanamiz hamisha ehtiyoj sezadi. Vitaminlarni asosan tashqi omillardan — oziq-ovqat mahsulotlari hamda maxsus dori vositalari orqali olamiz. Ularga bo‘lgan talab, ayniqsa, qish faslida yanada ortadi. Xo‘sh, moddalar almashinuvi jarayonida faol qatnashuvchi, o‘zida kaloriya saqlaydigan turli oziqa moddalaridan energiyaning ajralib chiqishi, to‘qimalarning nafas olishi, ichaklar faoliyatini yaxshilash va asab tizimi xastaliklariga qarshi kurashishda muhim o‘rin tutadigan V guruhi vitaminlariga bo‘lgan ehtiyojni mazkur davrda qanday qondirish mumkin? Keling, shu haqda, umuman, V guruhiga mansub vitaminlarning xususiyati to‘g‘risida atroflicha so‘z yuritsak.
Vitamin B1 (tiamin) — oqsil va uglevod almashinuvini muvozanatga keltiradi. Uning yetishmovchiligi, eng avvalo, asab tizimi faoliyatining o‘zgarishiga, xotira pasayishi, yurak-qon tomir, oshqozon-ichak va qon tomirlar tizimi faoliyati buzilishiga sabab bo‘ladi. Vitamin V1 yiringli infeksiyalarga qarshi immunitetni hosil qiladi. Ayniqsa, husnbuzarlar, teri qichishishi, eshakemi kasalliklarini davolashda zarurdir.
Manbai: dag‘al maydalangan undan tayyorlangan non, yorma (grechixa, suli), yong‘oq, no‘xat, loviya, soya, jigar, buyrak, yurak, mol go‘shti.
Vitamin B2 (riboflavin) — hujayralar almashinuvi va terining yuza qatlamidagi jarayonlarni yaxshilash, shuningdek, normal nafas olishga xizmat qiladi. Ushbu vitaminning tanqisligi lab chetlaridagi og‘riqli yoriqlar, shilliq qatlamlarning yallig‘lanishi, sochlarning to‘kilishi, bosh aylanishiga olib kelishi mumkin. Mazkur vitaminning uzoq vaqt davomida yetishmovchiligida teri shilliqlikni yo‘qotib, qari teri ko‘rinishiga kela boshlaydi.
Manbai: sut va sut mahsulotlari, tuxum, jigar, buyrak, baliq hamda tovuq go‘shti, yormalar va non.
Vitamin B3 (nikotin kislotasi-RR) — teridagi suv almashinuvi, pigmentatsiya shu bilan bog‘liq. U qon tomirlarini kengaytiradi. Bu vitamin xusnbuzarlar va nevrozlarni davolashda qo‘llaniladi.
Manbai: na’matak, shalfey, bug‘doy kepagi, sabzi, qo‘ziqorin.
Vitamin B5 (pantoten kislotasi) — teri yallig‘lanishining oldini oladi, soch to‘kilishidan himoya qiladi, to‘qimalarga ijobiy ta’sir o‘tkazadi, ichaklarda ovqatning so‘rilish jarayonida ishtirok etadi. Undan asosan yallig‘lanish jarayoni, muzlaganda, boldir jarohatlarida foydalaniladi.
Manbai: suli, yangi va quritilgan no‘xat, kartoshka, pomidor.
Vitamin B6 (piridoksin) — asab tizimi va oqsillar almashinuvi uchun zarur vitamin. Soch to‘kilganda, terining yallig‘lanishida qabul qilinadi. Oziq-ovqat mahsulotlarida piridoksin miqdori uncha ko‘p emas, biroq ovqatlanish ratsioni to‘g‘ri muvozanatlashtirilsa, u yetarli miqdorda bo‘lishi mumkin.
Manbai: jigar, sut, kartoshka, sabzi, tuxum, karam, loviya, yormalar, bug‘doy uni, drojjalar.
Vitamin V9 (foliy kislotasi) — homiladorlik davrida, embrionning asab hujaylari shakllanishida asosiy vazifani bajaradi. Bundan tashqari, foliy kislotasi muddatidan ilgari tug‘ish, chala tug‘ilish kabi holatlarning oldini oladi hamda tug‘uruqdan keyingi depressiv holatlarni kamaytiradi.
Manbai: dag‘al maydalangan undan tayyorlangan non mahsulotlari, yormalar, sabzi, qovoq, gulkaram, yong‘oq, qo‘ziqorin, jigar, tvorog, pishloq, qo‘y, mol hamda tovuq go‘shti, tuxum sarig‘i.
Vitamin V12 (sianokobalamin) — aqliy va ruhiy rivojlanish, asab tizimi va qon hosil bo‘lishida juda kerakli. Mushaklarning me’yorida rivojlanishida ham ushbu vitaminning o‘rni katta.
Manbai: jigar, go‘sht, baliqning ayrim turlari, pishloq. V12 vitamini ichak florasida ham ishlab chiqariladi.
Vitamin V15 (pangamat kislotasi) — jigar uchun zarur bo‘lgan vitaminlardan biridir. U to‘qimalarning kislorodni oziqlantirish jarayonini yengillashtiradi. Neytrallashtirish tarzida ta’sir etib, qichishishni kamaytiradi, qarish jarayonini sekinlashtiradi, organizmda xolesterin miqdorini kamaytiradi.
Manbai: qovun va kungaboqar urug‘lari.
Durdona MUROTALIYEVA,
tayyorladi