ENUREZ: KICHKINA BOLANING KATTA MUAMMOSI
Tungi mahal peshob tutolmaslik tibbiyotda enurez xastaligi deyiladi. Kasallik kattalar va bolalarda ham birdek kuzatilishi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur dardning bolalarda qayd etilish foizi yuqoriroq ekan. Avvallari gapirish ham uyatli sanalgan ushbu xastalik bugun zamonaviy usullar yordamida davolanyapti. Faqat muolaja qancha erta boshlansa, u shu qadar samarali bo‘lishini unutmaslik lozim.
Ota-onalar muhim qoidani yodda tutishlari kerak
Bolalarda peshob qilish akti markaziy asab tizimi orqali boshqariladi. Uning to‘liq shakllanishi 3-4 yoshlariga to‘g‘ri keladi. Agar bu yoshdan keyin ham tungi siyg‘oqlik kuzatilsa, ba’zi kasalliklar alomati yoki markaziy asab tizimida peshob qilish aktining to‘liq shakllanmaganidan darak berishi mumkin:
Bola 1 yoshgacha uyqusidan uyg‘onmay o‘rnini ho‘llaydi;
– 2 yoshdan oshgach, o‘rnini ho‘llab qo‘yganini sezib, uyg‘ona boshlaydi;
– 3 yoshdan keyin tungi siyg‘oqlik muntazam davom etadigan bo‘lsa, enurez tashxisi qo‘yiladi.
4-8 yoshdagi o‘g‘il-qizlarda ham enurez paydo bo‘lishi mumkin. Hatto ilgari kuzatilmagan bo‘lsa-da, biror kasallik asoratidan yuzaga kelishi ehtimoli bor.
Farzandining peshob tutolmasligi shikoyati bilan kelgan ota-onalar muhim qoidani yodda tutishlari kerak. Kasallik to‘g‘ri davolanishi uchun kelib chiqish sababi aniqlanishi shart! Bunda bola o‘rnini ho‘llab qo‘yishi qachondan boshlandi, qancha vaqt davom etyapti, tunning qaysi vaqtida, qolaversa, farzandingiz uyqusi sergakmi yoki haddan tashqari qattiqmi, shu kabi savollarning javobini bilishingiz lozim. Shundan keyingina bolaning UTT tahlili o‘rganilib, javoblar bilan taqqoslanadi.
Uyquchi deng…
UTT tahlilida hech qanday noqislik topilmasa va bolaning uyqusi qattiq bo‘lsa, demak, qovug‘i to‘lgan mahal unda paydo bo‘ladigan impuls markaziy nerv tizimidagi peshob qilish markazini uyg‘ota olmayapti. Bu esa qovug‘i to‘lganidan so‘ng bo‘shalish jarayonining nazoratsiz sodir bo‘lishiga olib keladi. Bunday holatlarda maxsus dori preparatlari yordamida markaziy nerv tizimiga boradigan impulslar kuchi orttirilib, orqa miya o‘tkazuvchanligi oshiriladi. Davolanishdan so‘ng markaziy nerv tizimidagi markaz erta qo‘zg‘aladi va bola siydik qovug‘dan ajralmasidan uyg‘onadi.
Peshob nayining qovuq bilan tutashgan joyi sigmentida maxsus mushaklar bo‘lib, ularning vazifasi qovuq to‘lganida peshob suyuqligining tashqariga chiqib ketmasligini ta’minlashdir. Gohida enurezning sababi ana shu mushaklardagi norasolik ham bo‘lishi mumkin. Bunda bo‘shashib ketgan mushaklar kengayib, tonusini yo‘qotadi.
Buning sababi nimada?
Bola tug‘ilganidan keyin uning ichki a’zolari, nerv tizimi to‘liq shakllanib ulgurmagan holatlarda enurez 6-7 yoshgacha o‘tib ketishi mumkin deyiladi. Shunday bo‘lsa-da, albatta, shifokor bilan maslahatlashish, muammo sababi haqiqatan shundami yoki boshqa kasalliklar bilan bog‘liqligi bormi, aniqlashtirish kerak. Aks holda kasallik tobora avj olib, jiddiy asoratlarga olib kelishi hech gap emas.
Enurezning davosi har bir bola uchun individual bo‘ladi. Muolajaning kechishi ham turli muddatlarga cho‘zilishi mumkin.
Siz uchun muhim!
Farzandining tungi siyg‘oqlikdan qiynalayotganini ko‘rgan ota-ona uni koyigandan ko‘ra ko‘maklashishi lozim. Bunda quyidagi ko‘rsatmalar qo‘l keladi:
• peshob ajralishini nazorat qilish uchun sezgi refleksini paydo qilish va uni muntazam saqlab qolish kerak. Bola soat nechada uxlashga yotganidan qat’i nazar, hamisha bir vaqtda uyg‘otib, yozilishiga o‘rgatish lozim. Bola uyqusiramay, hushiga kelgachgina hojatga borishi mumkin. Ana shunda sergaklik paydo bo‘ladi;
• shifokor buyurgan preparatlarni aytilgan muddatida va belgilangan soatda ichkizish shart;
• kun tartibini to‘g‘ri taqsimlash darkor. Vaqtida o‘ynashi, televizor tomosha qilishi va dam olishi zarur;
• uyqu oldi suyuqlik ichirish tavsiya etilmaydi. Ayniqsa, gazli ichimliklar umuman man qilinadi.
Bolakay ikkinchi haftada ham o‘rnini ho‘llab qo‘yayotgan bo‘lsa, o‘zibilarmonlik bilan turli muolajalar qilish taqiqlanadi. Ayniqsa, eritilgan dumba yog‘ini surtib, belni o‘rab qo‘yish mumkin emas. Yog‘ surtish muolajasi faqat 2 soatgagina bajarilib, undan so‘ng o‘sha soha spirt eritmasi bilan artilishi kerak. Yo‘qsa, teri kataklari berkilib, nafas ololmaydi. Qolaversa, muammo sababi ma’lum bo‘lmaganida, bola organizmida o‘solmay turgan shishlar bo‘lsa, issiqlik ta’sirida faollashishi mumkin.
Jumanazar BEKNAZAROV,
tibbiyot fanlari doktori,
professor