KOMPYUTERDAN FOYDALANISHNI BILAMIZ, HIMOYALANISHNI-ChI?
Kasb taqozosi tufayli ko‘pchilik uzoq vaqt kompyuter oldida o‘tiradi. Har kuni takrorlanadigan bunday holatdan keyin bora-bora ko‘zlarda qizarish, og‘riq paydo bo‘lishi bor gap. Ana shunday vaqtlarda ko‘ngildan «Maxsus ko‘zoynak taqishim kerak edi», degan o‘y o‘tishi tabiiy. Xo‘sh, bunday himoyalanish vositalari rostdan ham foyda beradimi? Keling, shunga oydinlik kiritamiz.
Kaktusmi yoki archa?
Ignabargli bu o‘simlikning turi ko‘p. Ammo hech qaysisi kompyuter nurlanishidan himoya qilmaydi. Shunday bo‘lsa-da, bir sirni ochishimiz mumkin: televizor yoki kompyuter yonida turgan kaktus guli tez gullaydi.
Aniqlanishicha, kompyuter qurilmasi o‘zidan radiatsiyali havo tarqatadi. Uni bartaraf etishda esa archa daraxti yordam berishi mumkin. Afsuski, archa daraxtini bino ichkarisiga olib kirish imkonsiz. Shu bois boshqa himoyalanish usullariga murojaat qilingan ma’qul.
Elektrostatik nurlar hamda chang zarralari terining ochiq joylariga tushishi oqibatida turli xildagi teri kasalliklari kelib chiqishi ehtimoli bor. Ba’zan soch to‘kilishi, teri qurishi kuzatiladi.
Oddiy, ammo samarali mashqlar…
Kompyuter nurini «kesuvchi» maxsus linza va ko‘zoynaklar to‘liq himoyani ta’minlamaydi. Ular qisman yordam beradi, xolos.
Kompyuterda ishlash paytida ko‘zlar toliqmasligi uchun maxsus mashqlar bajarilishi kerak. Mashq quyidagicha amalga oshiriladi:
– 3-5 soniya davomida ko‘zlar yumib, ochiladi;
– Ko‘z qorachig‘i o‘ng, chap, yuqori va pastga qarab harakatlantiriladi;
– Nigohlar qurilma monitoridan «uzilgan» holatda boshqa tarafga qaritiladi;
– Ko‘zlarda achishish sezilgani hamon uni yumib, 3-4 daqiqa dam berish kerak.
Kompyuterdan ko‘p foydalanganda ko‘zda og‘riq, qizarish, achishishish, yoshlanish, peshona sohasida og‘riq, tez charchash, holsizlik kuzatilishi «displey sindromi» deyiladi. Kompyuter ko‘z nurini «o‘g‘irlamasligi» uchun:
– monitor bilan ko‘z oralig‘idagi masofa 45 santimetrdan kam bo‘lmasligi kerak;
– tashqaridan kelayotgan yorug‘lik nuri monitor ekraniga tushib turmasligi lozim;
– ekran yuzasini tez-tez artib turish maqsadga muvofiq. Nega deganda, u o‘zida chang zarralarini yig‘a oladi.
Farzand kutayotgan ayolga ziyoni bor
Bilasiz, bo‘lajak ona o‘z sog‘lig‘ini nihoyatda ehtiyotlashi kerak. Bu davrda zamonaviy gadjetlar homila rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Hatto eski rusumdagi kompyuter bo‘ladimi yoki «notebook»mi – uzoq vaqt foydalanib bo‘lmaydi. Sababi, kompyuter qurilmasa o‘zidan radiatsiyali havo tarqatadi.
Homiladorlikning birinchi uch oyligida kompyuterlardan kamroq foydalangan ma’qul. Bordi-yu ish zarurati tufayli majbur bo‘linsa, albatta, har soatda tanaffus qilish kerak.
Tana qotib qolishining ta’siri
Kompyuterda uzoq vaqt ishlash tana qismlarining bir xil holatda qotib qolishiga olib keladi. Natijada, nafas olishning qiyinlashishi, yelka, bo‘yin mushaklari va bosh og‘rig‘i, osteoxondroz hamda qo‘l kafti bo‘g‘imlariga salbiy ta’siri kabi holatlarning oldini olish uchun, avvalo, qulay stul va stol tanlanishiga ahamiyat berish lozim. Gavdani tik tutish qiyin kechsa, maxsus bolishlardan foydalansa bo‘ladi. Bunday bolishlar yelkadan xiyol pastroqqa joylanib, gavda tekis bo‘lishiga yordam beradi. Mushaklar «siqilishi»ni bartaraf etishda jismoniy mashqlar (ishda o‘rindan turib, xona bo‘ylab yurish mumkin yoki zinadan tushib, chiqish) tavsiya etiladi.
Qo‘llar uchun mashq:
– qo‘llarni 10-15 marotaba silkiting;
– barmoqlarni musht tugib, bo‘shating (10-15 marta);
– qo‘llarni musht tukkan holatda aylantiring (8-10 marta);
– bir qo‘l bilan ikkinchi qo‘l barmoqlarini uqalang.
Yetti muhim qoida
- Doim boshni tik tutib o‘tiring.
- Gavda rostlangan bo‘lishi kerak.
- Ish jarayonida ko‘zlarni to‘g‘riga qarating.
- Monitorga qaralganida ko‘zlar pastga emas, balki qurilma balandligiga mos holatda bo‘lishi kerak.
- Kaftlar va bilaklarni erkin holatda ushlang.
- Oyoq tagiga kichikroq taxtacha qo‘yish mumkin.
- Vaqti-vaqti bilan qo‘llarni yuqoriga ko‘tarib birlashtiring va gavdani o‘ng, chap tarafga harakatlantiring.
Nodira HAMROYEVA,
oliy toifali terapevt-shifokor