NOS CHEKISH SARATONGA OLIB KELADIMI?

Dunyoda turli tutunsiz tamaki mahsulotlari mavjud. Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonda eng keng tarqalgan shakli nosvoydir. Uning inson salomatligiga salbiy ta’siri qanday? O‘zbekistonda necha foiz odam bu illatga ruju qo‘ygan? Jahon mamlakatlaridagi holat qanday? SSV matbuot xizmatining shu yo‘nalishdagi savollariga Sog‘liqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha bosh konsultanti, tibbiyot fanlari nomzodi Shuhrat Shukurov javob berdi.

– Nos to‘q yashil yoki sarg‘ish yashil murakkab tarkibli moddalar aralashmasidan iborat, – deydi Sh.Shukurov. – Asosan bu mahsulot uy sharoitida sanitariya qoidalariga rioya qilinmagan holda turli usullarda tayyorlanadi. Uni tayyorlash usulini ko‘rgan, tarkibida qanday moddalar borligini bilgan kishi nos chekishdan voz kechishi turgan gap. Uning tarkibida tamaki yaprog‘i, kul (g‘o‘zapoya yoki boshqa o‘tinlar kuli), o‘simlik moyi (paxta yoki kunjut moyi), so‘ndirilgan ohak hamda shirin ta’m beruvchi qo‘shimchalar bo‘ladi. Agar insonga ushbu mahsulotlar: qurilish ohagi, kul, tamaki yaprog‘ini bersangiz iste’mol qilishni xohlarmidi? Ammo mamlakatimizda nos chekuvchi insonlar soni juda ko‘p, ayniqsa, yoshlar orasida.

– Nosning inson organizmiga salbiy ta’sirlari qanday?

– Nos psixoaktiv moddalar qatoriga kiradi va markaziy asab tizimiga ta’sir ko‘rsatib, ruhan va jismonan kuchli qaramlikni yuzaga keltiradi. Nos og‘iz bo‘shlig‘i, xalqum, qizilo‘ngach va oshqozonga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir etib, shilliq qavatlarni doimiy shikastlaydi va shu ta’sir natijasida shilliq qavatlarda saraton kasalligi rivojlanishiga olib keladi. Bu kasallikka uchraganlarning 95 foizi nosga ruju qo‘ygani ilmiy jihatdan isbotlangan.
Nos qonga so‘rilib, bosh miya, jigar, buyrak, oshqozonosti bezi va boshqa organlarni faoliyatiga salbiy ta’sir etib, shu a’zolarning kasallanishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, og‘iz bo‘shlig‘ida so‘lak bezlari faoliyatining buzilishini yuzaga keltiradi.
Bundan tashqari, nosvoy iste’mol qiladigan erkaklarda bepushtlik, og‘iz va milklarning yallig‘lanishi, milklar atrofiyasi, kariyes kabi kasalliklar kuzatiladi.
Nos o‘smirlarning ruhiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, xotira yomonlashishiga, jizzaki bo‘lishiga hamda darslarni o‘zlashtirishi keskin pasayishiga olib keladi.

– O‘zbekistonda nos chekuvchilar soni qancha? U qay darajada ­ommalashib bormoqda?

– Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda katta yoshdagi kashandalarning soni 1,1 milliard bo‘lib, ularda kamida 367 million kishi tutunsiz tamaki iste’mol qiladi. Mamlakatimizda erkaklarning, qariyb, har to‘rttadan bittasi nosvoy iste’mol qilishi kuzatiladi.
O‘zbekistonda nosvoy bozorlarda, ko‘chalarda va ta’lim muassasalari oldida ochiq sotiladi. Uni ishlab chiqarish va sotishni cheklash bo‘yicha hech qanday qonun hujjati va ko‘rsatma mavjud emas. Eng achinarlisi, muntazam tutunsiz tamaki iste’mol qiluvchi minglab insonlar bevaqt o‘lim xavfiga duchor bo‘lmoqda.

– Tutunsiz tamaki mahsulotlarini ommalashishini cheklash bo‘yicha dunyo tajribasi qanday?

– Avstraliya, Singapur, Baxrayn, Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlarda tutunsiz tamaki mahsulotlarini sotish taqiqlangan. Bir qator MDH mamlakatlari (Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston, Turkmaniston)da ham nosvoy ishlab chiqarish va sotishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Nosvoyning inson salomatligiga katta zarar keltirayotgani uchun tegishli idoralar tomonidan mamlakatimizda tutunsiz tamaki mahsulotlarini, jumladan, nos aylanmasini taqiqlovchi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlab, tutunsiz tamaki mahsulotlarining inson organizmiga zararli ekanligi borasida aholi orasida muntazam targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bormoqda.
Xulosa qilib aytganda, avvalo, bunday mahsulotlarning inson salomatligi uchun xavfli ekanini aholining o‘zi teran anglab yetishi zarur. Shundagina bu borada ijobiy natijalarga erishishimiz mumkin.

Yana o‘qing:  Nega kun o'rtasida uxlash yaxshi natija beradi?

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: