Jizzaxda harbiylar oila a’zolari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
Jizzax shahridagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi harbiy xizmatchilarining oila a’zolari uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini har tomonlama ijtimoiy himoya qilishga qaratilayotgan chora-tadbirlar tinch va osoyishta hayotimizni ta’minlashda yuksak samara bermoqda.
Harbiy xizmatchilar oilalarida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ularning salomatligini mustahkamlash, jismoniy sog‘lom va ma’nan yetuk, yuksak intellektual salohiyatli yosh avlodni tarbiyalash maqsadida “Sog`lom avlod uchun” fondi tomonidan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga sog‘lom turmush tarzi va uni to‘g‘ri shakllantirish mavzularida tibbiy maslahatlar berildi.
Chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik doirasida harbiy xizmatchilarning oila a’zolari ginekolog, bolalar shifokori, terapevt kabi malakali mutaxassislar qabulida bo‘lib, tegishli maslahat hamda tavsiya oldi. Rentgen, UTT, EKG va boshqa zamonaviy tibbiy uskunalar yordamida sifatli ko‘rikdan o‘tkazildi.
Katta leytenant Odil Bo‘tayev turmush o‘rtog‘i bilan uch nafar farzandini tarbiyalab kamolga yetkazib kelmoqda. Ular birinchilardan bo‘lib tibbiy ko‘rikdan o‘tishdi.
“ – Farzandlarimning sog‘ligi men uchun muhim, – deydi u, – terapevt, jarroh, nevropatolog, stomatolog va boshqa mutaxassislar qabulida bo‘ldik. Shifokorlar tomonidan farzandlarim sog‘ligini mustahkamlashga doir zarur tavsiyalar berildi. Oila a’zolarimning salomat ekanligi xotirjam xizmat o‘tashimga yordam beradi”.
Jizzax viloyati FVB Axborot xizmati