MEMORANDUM IMZOLANDI
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi va «Sog‘lom avlod» gazetasi tahririyati o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Farhod Hanapiyaev, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Boshqaruvi raisi Svetlana Inamova hamda boshqa mas’ullar ishtirok etgan ushbu tadbirda o‘zaro hamkorlik haqida kelishib olindi.
Tadbirda ushbu hamkorlik respublikada sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, bu jarayonda xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy manfaatlarini ishonchli himoyalash bo‘yicha tarmoq kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar, shuningdek, sohadagi mavjud muammolar yechimini keng yoritishda muhim omil bo‘lishi aytib o‘tildi. Aholi, birinchi galda sog‘liqni saqlash xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarziga amal qilinishini targ‘ib qilish, bu yo‘nalishda birgalikda tadbirlar tashkil etish lozimligi alohida ta’kidlandi.
Bundan tashqari, hamkorlik doirasida yurtdoshlarimizning mehnat muhofazasi, ijtimoiy-iqtisodiy hamda mehnat qonunchiligi masalalariga oid savollariga kasaba uyushma mutaxassislari atroflicha javob va zaruriy maslahatlar berib boradi. Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining ijtimoiy sheriklari bilan tuzilgan Tarmoq kelishuvlari doirasida tasarrufdagi korxona va muassasalarda ishlovchi xodimlarning mehnat, mehnatni muhofaza qilish, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy, intellektual huquq va manfaatlari himoyasi, ijtimoiy sheriklik, madaniy-ommaviy hamda sport sog‘lomlashtirish ishlari keng yoritiladi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbirda ishtirokchilar tomonidan hamkorlikning yangi yo‘nalishlari bo‘yicha bildirilgan bir qator takliflar ham ma’qullandi.
O‘z muxbirimiz