Ofis xodimi sindromi: xonada o‘tirib ishlash qanday kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin?

Odatda, sakkiz soatlik ish vaqtiga amal qilmaydigan kishilar surunkali charchoq his etishadi. Shuningdek, aksariyat ofis xodimlari bosh og‘rig‘i, ko‘z ichi qizarishi (achishish, qichishish), bel sanchiqlari, qorin dam bo‘lishi va oyoq uvishishi kabi muammolardan shikoyat qiladi. Ushbu holat zamonaviy tibbiyotda «ofis xodimi sindromi» deyiladi. Siz bu haqda eshitganmidingiz?

Kimlar xavfda?


Ofis xodimi sindromi o‘z-o‘zidan yuzaga kelmaydi. Shunisi ma’lumki, ish staji hali u qadar katta bo‘lmagan xodim ham ushbu sindrom bilan kasallanishi mumkin. Quyida kimlar xavfli guruhga kiritilishi va ogohlantiruvchi simptomlar haqida ma’lumot beramiz:

– ortiqcha vazn. Xizmat taqozosi bilan bir joyda o‘tirib ishlaydigan kishilar kamharakat bo‘lishadi. Bilasiz, jismoniy faollik sust bo‘lsa, tanada qon aylanishi me’yorda kechmaydi;
– oshqozon-ichak trakti kasalliklari. Asosiy sabab – noto‘g‘ri ovqatlanish, shuningdek, yo‘l-yo‘lakay tamaddi qilish odatining mavjudligi;
– yurak-qon tomir xastaliklari. Tamaki va spirtli ichimliklar iste’mol qilish, ko‘p miqdorda kofein moddasi qo‘shilgan ichimlik (qahva, achchiq choy) ichish, stress, uyqusizlik – muammoning bosh omillari hisoblanadi;
– kichik tos a’zosi bezovtaliklari, bavosil. Yana o‘sha gap, bir joyda uzoq vaqt o‘tirib ishlash, tanada qon aylanishini izdan chiqaradi. Kishi avval ham bavosil bilan og‘rigan bo‘lsa, xastalikning qaytalanish ehtimoli yuqori;
– quruq ko‘zlar sindromi. Komyuterdan muntazam foydalanuvchilarda ko‘z ichi qizarishi (achishish, yoshlanish) holati ko‘p kuzatiladi. Sababi esa monitordan tarqaluvchi yorqin nurdir. Shuningdek, konditsioner havosi ham ko‘zlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin;
– nafas yo‘llari kasalliklari. Xonada 5-6 nafar xodim ishlasa va ulardan biri grippga chalingan bo‘lsa, kasallik qo‘zg‘atuvchi infeksiya havo-tomchi yo‘li orqali boshqalarni ham zararlashi mumkin;
– mushak va bo‘g‘im og‘riqlari. Harakatsiz holatda (ko‘pincha engashib o‘tirish) uzoq vaqt o‘tirilsa, bo‘g‘imlar «qotib» qoladi. Qon yetib kelishi to‘liq bajarilmagani bois oyoq uvishadi.

Muammoning yechimi bor!


Dastavval, ofis xodimi sindromida yetakchilik qiluvchi – umurtqa kasalliklari haqida to‘xtalib o‘tsak. Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 25 yoshdan oshgan ishchilarning 80 foizida umurtqa pog‘onasi xastaliklari, xususan, umurtqa qiyshiqligi aniqlanadi. Buni qarangki, 80 foizni keltirib chiqargan omil — ish stolida gavdani noto‘g‘ri tutish ekan. Sizning-cha, muammoning oldini olish mumkinmi? Albatta. Buning sharti oson: xodim ish vaqti davomida (imkon qadar har bir-ikki soatda) 5-10 daqiqalik tanaffus qilish lozim. Bu paytda bir necha marotaba o‘tirib, turish, gavdani yon tomonga harakatlantirish, boshni soat mili bo‘ylab aylantirish kerak. So‘ng o‘pkani to‘ldirib nafas olinadi va yana ishni davom ettirishga kirishiladi.

Yana o‘qing:  Hiqichoqqa limon davo

Bel og‘riqlaridan himoyalanishda kursi suyanchig‘iga maxsus ortopedik yostiq o‘rnatish mumkin. Shuningdek, bunday yostiqlar bavosil bilan og‘rigan kishilar uchun ham tavsiya etiladi.

Har ikki soatda bo‘yin mushaklari uchun mashq bajarilishi, bo‘yin osteoxondrozi profilaktikasi hisoblanadi. Ayniqsa, ensa va kurak sohasida og‘riq, uvishish kuzatilganida mashqlar g‘oyat foydalidir.

Qon aylanishini yaxshilaydi


Kamharakatlik tanada qon aylanishini buzadi. Birinchi navbatda, oyoq va kichik tos a’zosida me’riy jarayon izdan chiqadi. Buning asoratida esa oyoq vena qon tomirlarida varikoz kengayish, bavosil tugunlarining hosil bo‘lishi yuz beradi. Qon aylanishini yaxshilash uchun jismoniy faollikni oshirish lozim. Ishni ertalabki badantarbiyadan boshlagan ma’qul. 10-15 daqiqa qo‘l-oyoq chigilini yozish, qon aylanishni yaxshilaydi. Kun davomida esa zinadan piyoda ko‘tarilish, vaqti-vaqti bilan xona bo‘ylab yurish kerak.

Qon aylanishining me’yorda bo‘lishi ko‘p jihatdan iste’mol mahsulotlariga ham bog‘liq. Muntazam qahva yoki achchiq qora choy ichish qonni quyultiradi. Shuningdek, shirinliklar qonda «yomon» xolesterin miqdorining ortishini yuzaga keltiradi. Aksariyat kishilarda kuzatiladigan holat: komyuter qarshisida taom yeyishning esa ziyoni katta. Nega deganda, monitordan tarqalayotgan nur nafaqat inson tanasi, balki u iste’mol qilayotgan mahsulotga ham yetib boradi va uni ma’lum ma’noda zararlaydi.

Ko‘zlarga ham orom kerak


Eng oson mashg‘ulot: kishi nigohini derazadan tashqariga, biror ob’yektga qaratadi. So‘ng yana yaqindagi narsaga qarash mumkin. Ko‘zlarni o‘ng, chap, tepaga va pastga harakatlantirish ham foydalidir. Bu ko‘z mushaklarini harakatga keltiradi. Shuningdek, ko‘zni tez-tez yumib, ochish ham asqatadi. Muhimi, komyuter qarshisida uzoq vaqt o‘tirmaslik kerak. Kichik tanaffuslar ko‘zga dam beradi.

Ofis xodimi sindromidan asabi bo‘shlar ko‘proq aziyat chekadi. Demakki, sog‘lom hayot kechirish va sevimli mashg‘ulot bilan shug‘ullanishda davom etish uchun stressli vaziyatlardan himoyalanish darkor. Har bir kasallik asabdan, deyilishi bejiz emas, axir.

Nodira HAMROYEVA,

oliy toifali terapevt shifokor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: