Oramizdagi Yulduz
(Ocherk)
Akbarobod qishlog‘iga butun sepini yoyib bahor keldi. Ariqlarning bo‘yida hulvolar nish ko‘rsatib, xushbo‘y iforini ro‘yi zaminga socha boshladi. Dovu daraxtlar bahor oftobining taftidan yashil qabosini egniga ildi. Ariqlarda chuldirab suvlar qo‘shiq kuylashga tushdi.
Yulduzga bularning bari xush yoqsa-da, xayoli ertaga adabiyot fanidan yoziladigan erkin mavzudagi inshoda edi. Maktablarning bitiruvchi sinflarida «Kim bo‘lsam ekan?» mavzusida insho yozish anchadan buyon urfda edi. O‘rta maktabni tugatayotgan yigit-qizlarning orzulari anchayin o‘zgaruvchan bo‘ladi. O‘tgan galgi inshoda Yulduz: «Kelajakda o‘qituvchi bo‘laman», deb yozgandi. Bunga sabab bor edi. Ingliz tilidan saboq beradigan domlasi darsni qoyillatib o‘tardi. Ba’zan Valiyev domla Yulduzga dars o‘tib turishni tayinlab, o‘z yumushlarini bajarish bilan andarmon bo‘lardi. Bu mas’uliyatli ishni u binoyidek bajarardi. Biroq havas qilib yurgan ustozi bir voqea sodir bo‘ldiyu, maktabni tark etdi. Keyin uni ona tili va adabiyot fanlari o‘qituvchisi Teshaboyevning jonli saboqlari o‘ziga torta boshladi. O‘quvchilarning zo‘r dars beradigan ustozlari faniga qiziqishi ortishi oddiy hol-da.
Yulduz tabiatan bosiq, kamgap, biroq darslarni pishiq-puxta o‘zlashtirardi. Bu galgi inshoga tayyorgarlik ko‘rayotganda shifokor bo‘lgisi kelib qoldi. Onasi Xadichaxonga maslahat solganida:
– Kasb tanlashda adashishga haqqing yo‘q. Chunki u bir umr sening hamrohing bo‘ladi. O‘zing yaxshi ko‘rmagan kasbda ishlash bamisoli sevmagan kishing bilan yashashdek gap. Yanayam o‘zing bilasan. Ko‘pni ko‘rgan Turdali tog‘ang bilan maslahatlash, – dedi.
Qari bilganni pari bilmaydi, degan gap haqrost. Turdali tog‘asi katta amallarda ishlagan; jiyanlarini yeru ko‘kka ishonmasdi. Ayni pallada qishloq kengashida rais bo‘lib ishlayotgan tog‘asi Yulduzni quchoq ochib kutib oldi. Uy ichini, ota-onasini ijikilab so‘radi. So‘ngra jiyani bejiz tashrif buyurmaganini sezib, savol nazari bilan unga qaradi.
– Tog‘a, xabaringiz bor. Bu yil maktabni bitirayapman. 10-sinfgacha o‘qituvchi bo‘lishni orzulagandim. Endi ishqim shifokorlikka tushib turibdi. – Yulduz nima derkin, deya tog‘asining og‘ziga qaradi.
– Shifokorlik – sharafli kasb. Tanlovingni qo‘llab-quvvatlayman. Biroq imtihonlarga qattiq tayyorlanishing kerak. O‘tish balli tibbiyot institutlarida ancha yuqori bo‘ladi, – dedi tog‘asi. Yulduzning yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek yengil tortdi. Tog‘asining yuzidan «cho‘lp» etib o‘pdi-da, yengil qadamlar bilan tashqariga otildi.
Atrofda bahor nozanin kelinchak misoli husnu tarovatini ko‘z-ko‘z qilgancha ayqirib yotardi. Tabiatdagi go‘zallik uning kayfiyatiga ham ko‘chdi. Uyga xursand holda kirib keldi. Onasiga barcha gapni to‘kib soldi. So‘ngra inshoga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Yozma ishni qisqa, lekin faktlarga boy holda yozdi. Ertasi kuni adabiyot o‘qituvchisi Teshaboyev baholarni eshittirarkan: «Yulduz, bahong «5». Aslida sen adabiyot o‘qituvchisi bo‘lishing kerak edi. Nega aynib qolding, bilmadim», dedi. Yulduz orzularini sinfdoshlari va ustoziga baralla ochiqladi.
Qizgina o‘rta maktabni a’lo baholarga tugatdi. Attestatida faqat geografiya va mehnatdan «4» baho bor edi. U bir narsaga sira tushunmasdi: geografiyadan dars beradigan o‘qituvchisi devordarmiyon qo‘shnisi bo‘lsa, nega bahosini past qo‘ydi? Arpasini xom o‘rmagan bo‘lsa. U ziyolilar orasida ham hasadgo‘ylar uchrashini aqliga sig‘dira olmasdi. Biroq kayfiyatini tushirmadi. Axir, u baho uchun o‘qimayotganini bilar edi-da.
Attestatni qo‘lga oldiyu, Farg‘onaning Quvasidagi qishlog‘idan poytaxtga uchdi. Hujjatlarini Toshkent davlat pediatriya institutining Pediatriya fakultetiga topshirdi. Katta oilada o‘sgani uchun ham bolalar shifokori bo‘lishni tanlagandi. Inshodan «4/5» baho oldi. Ijodiy ishning imlosiga «4», mazmuniga «5» baho qo‘yilgandi. Qolgan fanlar — kimyo, biologiya va fizika fanlarining barchasidan «4» baho oldi. Mandatdan muvaffaqiyatli o‘tgach, qadrdon qishlog‘i Akbarobodga qafasdan bo‘shalgan ozod qush misoli parvoz qildi. Bo‘lajak shifokorni otasi Mamatqul aka, ayasi Xadicha opa, tog‘asi Turdali aka, tug‘ishganlari xursandchilik bilan kutib oldilar.
Yulduz tirishqoq talaba edi. Fanlarni «yaxshi» va «a’lo» baholarga o‘zlashtira boshladi. Uchinchi kursga borganda muammo paydo bo‘ldi. Barcha darslar rus tilida o‘tila boshlandi. Maktabda rus tili o‘qituvchilari yetishmasdi. Til bilishdagi qiyinchiliklar baholariga ta’sir qildi. Shunday bo‘lsa-da, bo‘sh kelmadi. Katta-katta matnlarni yod olib, imtihonga kiradigan bo‘ldi. Ba’zan o‘ylari chuvalib xayol suradigan bo‘ldi. «Buyuk bobomiz Abu Ali ibn Sino meditsina faniga asos solgan bo‘lsayu, biz ajnabiy tilda tibbiyot asoslarini o‘rganib yursak». O‘sha paytlari imtihon daftarchasiga «3» baho tushsa, stipendiya berilmasdi. Bir fandan «3» baho olib qolsa bo‘ladimi? Aslida mavzuning mohiyatini bilardi, lekin rus tilida yayrab-sayrab aytib berolmadi. Stipendiya varaqasidan o‘z familiyasi tushib qolganini ko‘rgan Yulduz kurs sardori Qahramon Barotovning giribonidan oldi.
– Bizning oilada 6 farzand voyaga yetayapti. Men stipendiya olishim kerak. Ota-onamga yuk bo‘lishni istamayman! – dedi jahl bilan u.
Masala kasaba uyushma qo‘mitasigacha yetib bordi. Adolat tiklandi. Ko‘p farzandli oila vakilasi sifatda Yulduzga stipendiya beriladigan bo‘ldi. Chunki Toshkent shahrida yashayotgan bir-ikkita «3» baho olgan kursdoshlariga tanish-bilishchilik qilib stipendiya yozilgan edi-da. Kursdoshlarning barchasi hayron. Yuvvoshgina Yulduzda shunday shijoat qayerdan paydo bo‘ldi? Paxta terimi davrida u kursdoshlari davrasida Mashrabning «O‘rtar» g‘azalini qo‘shiq qilib aytib, tilga tushgandi. «O‘tgan kunlar» romanidagi Kumushbibi uning sevimli qahramonlaridan sanalardi. Andisha qilib yuraversa, stipendiyadan quruq qolishini bilib harakatga keldi.
1978 yilda institutni bitirib, internaturani o‘tash uchun Surxondaryo viloyatining Denov shahriga yo‘l oldi. Ikki yildan keyin ona qishlog‘i Akbarobodga qaytdi. Bu yerda yuqumli kasalliklar shifoxonasida vrach bo‘lib ishlay boshladi. Shifokorlikning noni qattiqligini ana shunda his etdi. Kechagidek esida: shifoxonaga difteriya xastaligi bilan 24 yoshar bemor olib kelindi. Ahvoli nihoyatda og‘ir edi. Yulduz ertalabgacha uxlamay bemorning boshida parvona bo‘ldi: ukollar qildi, sun’iy nafas oldirdi. Bemorning hayoti saqlab qolindi. O‘sha paytlari kasallarga ayrim yuqumli kasalliklar tashxisini qo‘yish taqiqlangandi. Chunki sho‘rolar saltanati bizda bu xastaliklar allaqachon tugab ketgan, deya butun dunyoga jar solib qo‘ygan edi-da.
Er qayerda bo‘lsa, xotin shu yerda. 1989 yilda Usmonovlar oilasi Sirdaryo viloyatiga ko‘chib keldi. Yulduzxon Zarbdor va Do‘stlik QVPlarida ishladi. Orada farzandlar dunyoga keldi. Ajoyib kunlarning birida «Sog‘lom avlod uchun» Xalqaro xayriya fondi Sirdaryo viloyati filiali direktori Gulnora Boltaboyeva uni ishga chorlab qoldi.
– Bir muddat maoshsiz ishlab turasiz. Keyin barchasi izga tushib ketadi, – dedi Gulnora Shodmonovna.
Mana shu «biroz» sakkiz oyga cho‘zildi. Sabr tagi sariq oltin, degan kuyi filialda bosh mutaxassis bo‘lib ishlab yuraverdi. 2010 yilda Yulduz Usmonova «Sog‘lom avlod uchun» Xalqaro xayriya fondi Sirdaryo viloyati filiali direktorligiga tayinlandi. Lavozim maoshsiz, jamoatchilik asosiga qurilgan edi. Rahbarlikni tibbiy-ijtimoiy potranaj brigadasi pedatri vazifasi bilan qo‘shib olib bordi. Filialning asosiy vazifasi 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni (Xalqaro hujjatlarda 18 yoshgacha bo‘lganlar bola sanaladi) tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bilan shug‘ullanishdan iborat. Yurak tug‘ma hamda lab-tanglay nuqsonli, ortopedik xastaliklarga chalingan bolalarni aniqlab, ularga tekin jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun yo‘llanmalar beradi. Bunday bemorlar Germaniya, Janubiy Koreya, Hindiston davlatlari hamda mamlakatimizdagi «Ezgu niyat» klinikalarda fond mablag‘lari hisobidan operatsiya qilinadi.
Yulduz Usmonovani bemor bolalarning ota-onalari eng yaqin xeshlarini siylagandek hurmat qilishadi. Chunki fond filialining sa’y-harakatlari bilan ularning zurriyodlari birin-ketin sog‘lom hayotga qaytishmoqda. Birgina misol, Boyovut tumanidagi Tursunboy Latipov xo‘jaligida umrguzaronlik qilayotgan Murtazoyevlarning 4 yoshar farzandi Sherzod yurak tug‘ma nuqsoni bilan dunyoga kelgan. Otasi Rossiyada oilasini boqish uchun mehnat muhojiri sifatda ishlab yurgan. Filial uni operatsiya qildirish uchun Janubiy Koreyaga yo‘lladi. Biroq mahallaning ayrim og‘ziga kuchi yetmagan kishilari oila bekasi Noilaxonga malomatlar yog‘dirishdi. «Cho‘ntagida hemirisi yo‘g‘u, tom boshida qo‘sh tandir. Xorijda bolasini davolatishga qayerdan pul topdi, ekan», deb. Ana shunda Yulduz Usmonova bu xayrli ishni «Sog‘lom avlod uchun» Xalqaro xayriya fondi o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirganini ochiqlab, malomatchi kimsalarning og‘ziga qulf solib qo‘ydi. Birgina 2019 yilda viloyatimizdagi 11 nafar tug‘ma nuqsonli bolalar fond mablag‘lari hisobidan operatsiya qilinib, kasalliklaridan butunlay forig‘ bo‘ldilar.
– 2015 yilda bemor bolalarni kuzatib Germaniyaga bordim. Ushbu mamlakatda shifokorlarga bo‘lgan munosabatni ko‘rib, lol qoldim. Kaminani O‘zbekistondan kelgan shifokor, deya tanishtirishganda, olmoniyalik hamkasblarim hurmat yuzasidan qo‘llarimdan o‘pib qo‘yishdi. Bu yerdagi klinikalarda navbat, ur-yiqitni ko‘rmaysiz. «Aqlli tibbiyot» allaqachon yo‘lga qo‘yilgan. Patsiyentlar navbati qachon kelishini bir necha kun oldin bilishadi. Xuddi shu vaqtni mo‘ljalga olib kelishadi. Prezidentimiz rahnamoligida bizda ham «Aqlli tibbiyot»ni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha keng islohotlar olib borilayotganligi kishini quvontiradi, – deydi Yulduz Usmonova.
2020 yil dunyo aholisi uchun sinov yili bo‘ldi. Pandemiya tufayli filialning ishlari yanada tig‘izlashdi. Xodimlar har kuni 100-150 chaqirim yo‘l bosib, aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi, dori-darmon tarqatish bilan shug‘ullandi. Sardoba fojiasi jabrdiydalari salomatligini tiklash uchun «Lukoyl» kompaniyasi 100 million so‘m mablag‘ iona qildi. Boshqa bir qator hotamtoy firmalar ham mazkur yo‘nalishga 140 million so‘m pul tikdi. Omonatni egalariga bekami ko‘st yetkazish uchun filial xodimlari kunni tunga ulab astoydil harakat qildilar.
Yulduz Usmonovaning xizmatlari hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. 2013 yilda u II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni sohibasiga aylandi. Qahramonimiz o‘shanda oliy mukofotni Bosh vazir, hozirgi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning shaxsan o‘z qo‘llaridan olgan edi. Bundan tashqari, Usmonova ko‘ksini bir necha Mustaqillik yubiley esdalik medallari bezab turibdi. O‘tgan yili u «Mo‘tabar ayol» ko‘krak nishoniga loyiq ko‘rildi.
– Joylarga borganimizda meni Yulduz Usmonova deb tanishtirganlarida ko‘pchilik bir qalqib tushadi. Chunki ular oinai jahonda o‘zbek estradasining primadonnasi Yulduzxonim qo‘shiqlarini eshitaverib, quloqlariga quyilib qolgan. Biroq men mashhur xonandamizdan ancha oldin tug‘ilganman. Nilufar degan qizim ham bor. U ham Nilufar Usmonovadan ancha katta. Ism familiyaning mos kelishi bir tasodif. Biroq har bir kishi o‘zi egallagan kasbning yulduzi bo‘lmasa-da, mohir ustasi bo‘lishi kerak, – deydi qahramonimiz.
Zamonamiz qahramonlari o‘zga sayyoralardan oyog‘ini uzatib tushmaydi. Ular oramizda yashaydilar. Yulduz Usmonovani hech ikkilanmay ana shunday oramizdagi yulduzlar sirasiga qo‘shish mumkin.
Muhammadali AHMAD