TUG‘URUQDAN KEYINGI DEPRESSIYa: SABAB VA OQIBATLARI
Ma’lumki, yaqinda farzandli bo‘lgan ayollarda turli psixologik jarayon kechadi. Ushbu holatda qanday yo‘l tutgan ma’qul? Shundan kelib chiqqan holda tug‘uruqdan keyingi depressiya, uning oldini olish yo‘llari va oqibatlari haqida ma’lumot berib o‘tsak.
Mutaxassislarning fikricha, deyarli har bir ona tug‘uruq jarayonida qaysidir darajada stress holatini boshdan kechiradi. Bu esa, undan keyingi depressiyaga olib kelishi mumkin. Buning asosiy sabablari quyidagilar:
• Stressga nasliy moyillik;
• Homiladorlik va tug‘uruqning og‘ir kechishi;
• Tug‘uruqdan keyin ayol organizmidagi gormonal o‘zgarishlar;
• Psixologik jihatdan ayolning ona bo‘lishga tayyor emasligi;
• Bolaning nuqson bilan tug‘ilishi;
• Ijtimoiy muhit ta’siri.
Yaqinda farzand ko‘rgan kelinlar bo‘lsa, ularning nafaqat jismoniy holati, balki kayfiyatiga ham e’tiborli bo‘lish lozim. Oddiy tushkunlik bora-bora depressiyaga eltishi hech gap emas. Onaning ruhiy holati oila a’zolari bilan suhbatlashsa oydinlashadi. Masalan, quyidagi alomatlar ayolda tug‘uruqdan keyingi depressiya yuzaga kelganidan dalolat beradi:
• Onaning doimiy yolg‘izlik va toliqishdan shikoyat qilishi;
• Yig‘loqilik, tez xafa bo‘lish, kayfiyatning tushkunligi va uyqusizlik;
• Diqqatni bir joyga to‘play olmaslik;
• Jahldorlik, jizzakilik;
• Tez-tez nizoli vaziyatlarni yuzaga keltirish;
• Onaning o‘z sog‘lig‘i va bola kelajagi haqida xavotirli o‘y-xayollarga borishi;
• Atrofda yuz berayotgan hodisalarga befarqlik;
• Bolaga nisbatan befarq bo‘lish;
• Yurakning tez urishi (taxikardiya);
• Doimiy bosh og‘rig‘i;
• Ishtahaning yo‘qolishi.
Tug‘uruqdan keyingi depressiyaning rivojlanishi ona va bola o‘rtasidagi bog‘lanish tizimining shakllanish davriga to‘g‘ri keladi. Natijada onadagi ruhiy o‘zgarish chaqaloqqa ham ta’sir etadi. Ayrim ayollardagi e’tiborsizlik shu darajaga yetib boradiki, hatto farzandiga nisbatan ham befarq qaraydi. Bunday ayollar bolani parvarish qilish, emizish, hatto qo‘liga olishni ham xohlamaydi. Bu esa ona mehri va g‘amxo‘rligidan bebahra qolayotgan bolaning har tomonlama rivojlanishiga salbiy ta’sir etadi.
Bularga ijobiy yechim topishda shifokorlarning o‘rni katta. Ular farzandli bo‘lgan ayolda depressiya holatini payqasa, darhol oila a’zolarini bundan ogohlantirishi, xavfli asoratlari haqida tushuntirish berishi lozim. Shuningdek, ayolni ruhiy zo‘riqishdan olib chiqish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatish ham shifokordan mas’uliyat talab qiladi. Ayniqsa, ona irodasini kuchaytirish, yaqinlarning qo‘llab-quvvatlovchi munosabati depressiyani mustaqil yengib o‘tishiga ko‘maklashadi. Shu bilan birga, quyidagi tavsiyalarga amal qilish muhim:
• Ayol uning hayotida boshqalar orzu qiladigan eng baxtli hodisa ro‘y berganini o‘ziga doim eslatib turishi kerak. Bola onaning mehriga muhtojligi, uning hayoti uchun ona javobgarligini unutmasligi lozim. Bolani tez-tez qo‘lga olib, mehr ko‘rsatish, bag‘riga bosish ona va bola uchun juda zarur;
• Ayol kishi his etayotgan ichki kechinmalar haqida uni tushuna oladigan, iliq munosabatlar shakllangan yaqin insoni bilan suhbatlashish, dardlashish depressiv holatning pasayishiga yordam beradi;
• Bola bilan toza havoda sayr qilish nafaqat go‘dak, balki ona uchun ham foydali;
• Ayol kishi imkoniyat darajasida dam olishga harakat qilishi kerak.
• Tashqi ko‘rinishiga ahamiyat qaratishi, o‘zini parvarish qilishi, sifatli va ratsional oziqlanishi lozim.
Ayrim holatlarda onadagi ruhiy tanglik o‘ta kuchli bo‘lib, u mutaxassis yordamisiz depressiyadan chiqib keta olmaydi. Bunday vaziyatda, albatta, psixolog yordamidan foydalanish kerakligini to‘g‘ri tushuntirish muhim. Aks holda, depressiya boshqa og‘irroq oqibatlar — psixopatik holatning yuzaga kelishi, kognitiv sohadagi buzilishlar (psixik jarayonlar funksiyasining buzilishi), axloqiy o‘zgarishlar (suitsid qilishga urinish) kabilarni keltirib chiqarishi mumkin. Psixolog, o‘z navbatida, psixoterapiya va autogen mashg‘ulotlar qo‘llash orqali depressiyadan chiqib ketishga ko‘mak beradi. Shuni aytib o‘tish joizki, tug‘uruqdan keyingi depressiyaning og‘ir ko‘rinishlarida psixoterapiya tibbiy muolajalar bilan bir vaqtda olib borilishi lozim.
Nigora SAYDALIYEVA,
psixolog