Maktabgacha ta’lim: Bolajonlar ekologiyani qanday o‘rganadi?
Mamlakatimizda ekologik madaniyatni rivojlantirish maqsadida Maktabgacha ta’lim vazirligi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YeXHT) O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori idorasi, «SVB Advisory» Britaniya-O‘zbekiston barqaror rivojlanish kompaniyasi va O‘zbekistonda ekologik madaniyatni targ‘ib qiluvchi «Hashar Week» ijtimoiy loyihasi bilan birgalikda maktabgacha ta’lim tizimida ekologik ta’lim va tarbiyani joriy etish bo‘yicha pilot loyihani boshladi. Ushbu loyiha taqdimotiga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu haqda batafsil ma’lumot berildi.
– So‘nggi yillarda atrof-muhit bilan bog‘liq muammo va masalalar tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ekologik ta’lim va aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni shakllantirish sog‘lom jamiyat va barqaror davlat siyosati qurilishida zaruriy qismga aylanib bormoqda, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin. – Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida pedagog kadrlarning salohiyatini oshirish maqsadida o‘tgan yilning dekabrida Toshkent shahridan tanlab olingan 13 ta maktabgacha ta’lim muassasasining 50 nafar tarbiyachisi uchun o‘quv-seminarlar o‘tkazildi.
O‘quvlarda tarbiyachilar maktabgacha yoshdagi bolalarning ekologik ta’limi doirasida xulq-atvor psixologiyasi texnikalariga o‘qitilib, «Qiziqarli chiqindi» dasturining o‘qitish uslubi bilan yaqindan tanishishdi. Barqaror rivojlanish sohasida bilim olishdi.
– Bugungi kunda chiqindi muammosi nafaqat yurtimiz, balki butun dunyoni tashvishga solmoqda. «Qiziqarli chiqindi» dasturining asosiy vazifasi o‘sib kelayotgan yosh avlodga ekologik ta’lim-tarbiya berish, chiqindilarni turlarga ko‘ra ajratishdir. Seminarlarda olgan bilim va ko‘nikmalarimni o‘z ish faoliyatimda qo‘lladim. Bolajonlar katta qiziqish bilan qatnashishdi, – deydi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 504-maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Arofat Ro‘zmatova.
Loyiha doirasida YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalar Koordinatorining idorasi tanlab olingan 13 ta bog‘chaga begovel (bolalar pedalsiz velosipedini) taqdim etadi.
– Begovel yordamida bolalarga erta yoshdan boshlab koordinatsiya va muvozanatni ushlashni o‘rgatish mumkin. Ushbu texnikaning afzalligi bolaning oyoq mushaklarini mustahkamlash, velosipedda mashq qilish uchun samarali tayyorgarlik jarayoni imkoniyatlarini oshirishdan iborat, – dedi Velosport federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Kozim O‘rinboyxo‘jayev.
Bolalarni yoshligidanoq ekologik madaniyat va ta’limga o‘rgatishni maqsad qilgan «Qiziqarli chiqindi» loyihasi butun respublika bo‘ylab barcha MTTlarda joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
O‘z muxbirimiz