QIZ BOLA GULDEK NOZIK: unga alohida mehr va e’tibor kerak
Oilada farzand dunyoga kelgach, ota-onaning mas’uliyati bir necha barobar ortadi. Ayniqsa, qiz bolani sog‘lom va barkamol etib kamolga yetkazish nihoyatda e’tibor talab etadigan vazifadir. Chunki qizbola guldek nozik. Uni nafaqat parvarishlash, balki jismoniy va ruhiy rivojlanish bosqichlarini doimiy kuzatib borish zarur. Bu jarayonda umumiy amaliyot shifokori, pediatr va boshqa tor mutaxassislar bilan bir qatorda o‘smirlar ginekologi ota-onalarga yaqin ko‘makchi bo‘ladi. Zero, ayni o‘smirlik davrida qizlarning organizmida ko‘plab o‘zgarishlar ro‘y beradi, xususan, jinsiy yetilish jarayoni kechadi. Bularning barchasi risoladagidek o‘tishi va qizlarimiz to‘rt muchasi sog‘ holda shakllanishida tibbiy yordam muhim o‘rin tutadi.
Bugungi kunda dispanserimizda 14-25 yoshgacha bo‘lgan qizlarga shu yo‘nalishda tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Shifo maskanimizga aksariyat hollarda u yoki bu tibbiy muammo tufayli ota-onalar farzandlarini olib keladi. Profilaktika maqsadida ko‘rikdan o‘tish istagida bo‘lganlar ham uchrab turadi. Dispanserga tashrif buyurganlardan yashash joyidagi oilaviy poliklinikadan yo‘llanma va anketasidan ko‘chirma olib kelish talab etiladi. Bizda tibbiy xizmat ko‘rsatish bepul. O‘smirlarni yigirmaga yaqin tor mutaxassislar ko‘rikdan o‘tkazadi. UTT, EKG, flyuorografiya, elektroensefalografiya kabi diagnostika apparatlari o‘smirlarga zamonaviy andozalar darajasida tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini berayapti.
Aytish kerakki, ba’zi ota-onalar qizlarini ginekolog ko‘rigidan o‘tkazishga ahamiyatsiz qarashadi. Holbuki, ularning kelajakda sog‘lom va baxli hayot kechirishi tibbiyotning ko‘plab yo‘nalishlari qatori o‘z vaqtida ginekologik yordamini ham samarali tashkil etib berishga bog‘liq. Aks holda, jinsiy a’zolarda uchraydigan ba’zi patologiyalar keyinchalik rivojlanib, qizlarimizni qiyin ahvolga solib qo‘yishi mumkin. Masalan, sinexiya kasalligini olaylik. Bu nuqsonni kichik yoshdagi qizchalarda erta aniqlash va konservativ muolajalar vositasida sog‘lomlashtirsa bo‘ladi. Yosh o‘tgan sari xastalik rivojlanishi natijasida uni davolash uchun operatsiya usulini qo‘llashga to‘g‘ri keladi. Shu bois, ginekolog ko‘rigi bunday holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Shu ma’noda, mamlakatimizda tibbiyot sohasini isloh etish, ona va bolaga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar jarayonida qizlar ginekologiyasi yo‘nalishini rivojlantirishga ham davlat darajasida e’tibor qaratilayotgani diqqatga molik. Farzandining kelajagi haqida qayg‘uradigan, uning shirin turmush kechirishini istaydigan ota-onalar borki, bunday imkoniyatlardan oqilona foydalanishi maqsadga muvofiq.
Qizlarni, eng avvalo, bolaligidan tozalik, ozodalikka o‘rgatish, shaxsiy gigiyena qoidalarini ularning ongiga singdirish nihoyatda muhimdir. Qolaversa, farzandlarimizni ratsional ovqatlantirish, ular bilan do‘stona munosabatda bo‘lishimiz zarur. Biroq, bunga hamma xonadonda ham amal qilinadi, deb bo‘lmaydi.
Yaqinda bir ayol qizini tibbiy ko‘rikka olib keldi. 17 yoshli navniholning ranglari oqargan, holsiz. Shu holda ham onasi uni xasta deb emas, balki uy ishlariga ko‘maklashmayotgani uchun maslahatga olib kelibdi. Qiz bo‘lsa o‘zidagi o‘zgarish – uzluksiz hayz ko‘rayotganini onasiga aytishga uyalgan. Natijada u ko‘p qon yo‘qotib, kamqonlikka yo‘liqqan, qon bosimi tushib ketgan. Qiz reanimatsiya yordamiga muhtoj edi. Zudlik bilan muolaja choralari ko‘rilgach, ahvoli o‘nglandi.
Bunday noxush holatlar yuz bermasligi uchun onalar qizlar bilan do‘stona munosabatda bo‘lishi, farzandlarning ichki kechinmalariga quloq tutishi, ayniqsa, o‘smirlik davrida qizlarda ro‘y berayotgan o‘zgarishlardan xabardor bo‘lishi, hayz siklini nazorat qilishni o‘rgatishi lozim.
Quyidagi holatlarda biror muammo bo‘lish-bo‘lmasligidan qat’i nazar, o‘smir qizlarni, albatta, ginekolog ko‘rigidan o‘tkazish kerak: ilk hayz ko‘rganda, qornida qandaydir shish bo‘lsa, hayz og‘riq bilan kelsa, jinsiy yetilish erta (8 yoshda) yoki kech (15 yoshdan keyin) ro‘y bersa, qindan ko‘p suyuqlik ajralsa, peshob, najas tahlilida patologiyalar aniqlansa, tashqi jinsiy a’zolar patologiyalarida, semizlik va ozg‘inlikda, qorin bo‘shlig‘ida operatsiya o‘tkazilgan bo‘lsa, surunkali tonzillit, revmokardit va boshqa kasalliklarga chalingan qizlar ginekolog shifokor ko‘rigidan o‘tib turishi zarur.
Aholiga mana shu masalalarni tushuntirish, o‘smir qizlarni o‘z vaqtida ginekolog ko‘rigidan o‘tkazishda, ayniqsa, patronaj hamshiraning o‘rni katta. Oilaga kirib borgan o‘rta tibbiyot xodimi voyaga yetayotgan qizlarning tarbiyasi, turmush tarzi, ular uchun yaratilgan sharoit, ota-onaning farzand tarbiyasidagi bilim va tushunchasini boyitishga doimiy e’tibor qaratishi kerak. Bu orqali ko‘plab tibbiy-ijtimoiy muammolarning oldini olish, sog‘lom avlodni kamolga yetkazishga erishamiz.
Nargiza ShUKUROVA,
oliy toifali akusher-ginekolog