Ta’lim sifatini oshirish – ustuvor masala
Bugungi kunda umumta’lim maktablarida farzandlarimizning ta’lim olishlari uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilgan. Shinam va yorug‘ sinfxonalar, zamonaviy o‘quv jihozlariga ega bo‘lgan fan kabinetlari o‘quvchilar ixtiyorida.
Kuni kecha poytaxtimizning Mirobod tumanidagi 110-umumta’lim maktabida Toshkent shahar Xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan umumta’lim maktablarida “Ta’lim sifatini oshirish: muammo va yechimlar” mavzusida tadbir o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda shahar Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, “Yoshlik” ko‘ngilli sport jamiyati vakillari, tuman xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi xodimlari va umumta’lim maktablari o‘qituvchilari ishtirok etdi. Unda poytaxt xalq ta’limi tizimidagi muassasalarda o‘quv-tarbiya jarayonini yaxshilash, pedagog xodimlarining mahoratini oshirish orqali ta’lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarish borasidagi vazifalar to‘g‘risida axborotlar berildi.
Yig‘ilish bahs-munozara tarzida o‘tkazilib, ishtirokchilar tomonidan taqdimotda ko‘tarilgan masala va muammolar, ularning yechimlari xususida fikr-mulohazalar, takliflar bildirildi.
Ma’rifat TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri