Bilganimiz haqida bilmaganimiz

Inson salomatligini asrash va mustahkamlash, qolaversa, uzoq umr ko‘rishning garovi sog‘lom turmush tarzi ekanligi bugun barchaga ayon haqiqat. Zero, har birimiz, eng avvalo, o‘z sog‘lig‘imizni o‘ylashimiz lozim. Ana shunda xotirjam va farovon hayot kechirgan, ko‘plab asoratli xastaliklarning oldini olgan bo‘lamiz.

Olimlarning fikricha, sog‘lom turmush tarzi quyidagi olti asosiy shartga amal qilish demakdir:
Birinchi shart: to‘g‘ri ovqatlanish. Bu – kundalik iste’mol qilinadigan oziq-ovqatlarni organizmning fiziologik, biologik talablari asosida tanlash va iste’mol qilishdir. To‘g‘ri ovqatlanish shunday tashkil etilishi kerakki, u o‘zining fizik, kim­yo­viy hamda biologik xususiyatlari bilan inson tanasiga og‘irlik qilmasin, aksincha, tez va oson hazm bo‘lib, organizm­ni kerakli ozuqaviy moddalar bilan ta’minlasin.
Ikkinchi shart: hayot – harakatdadir. Kishi kundalik hayotda jismoniy mashqlar, sport o‘yinlari, badanni chiniqtiruvchi muolajalar bilan ko‘proq shug‘ullansa, organizmdagi fiziologik, biologik jarayonlar faollashadi. Natijada, kayfiyat ko‘tarilib, ishchanlik qobiliyati ortadi. Shubhasiz, bu salomatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga egadir.
Uchinchi shart: kun tartibi va ishni biologik rejim asosida tashkil qilish. Koinotda tabiiy hodisalar ma’lum bir tartib asosida takrorlanadi. Xususan, quyoshning har kun ma’lum vaqtda chiqishi va botishi, yil fasllarining har yili takrorlanishi tabiatdagi barcha harakatlar ma’lum bir tartibga bo‘ysunishidan dalolatdir. Va inson ham bundan mustasno emas. Misol uchun, inson tanasidagi faollik kunduzi ortadi, kechasi susayadi. Shu bois ham ish kuni, dam olish vaqti to‘g‘ri rejalashtirilgan bo‘lishi kerak.
To‘rtinchi shart: ruhiy osoyishtalik va asabiy muvozanatni ta’minlash. Ma’lumki, bizning tanamiz, ichki a’zolar faoliyati asab tizimiga bevosita daxldor. Ularning me’yoriy faoliyati esa ruhiy holatimiz, kayfiyatimizni belgilaydi. Shu ma’noda huda-behudaga jizzakilik qilmay, yaxshi narsalar haqida o‘ylab, oqilona fikrlash, yomonliklardan tiyilish, nafsga erk bermaslik, xushfe’l, xushmuomala bo‘lish sog‘liqni saqlash va mustahkamlashning garovidir.
Beshinchi shart: ichkilikbozlik, kashandalik, giyohvandlik singari zararli odatlardan tiyilish. Bu illatlarning sog‘liq va turmushga ziyoni bisyorligini alohida ta’kidlab o‘tirishga hojat yo‘q. Zero, bunday kishilarning hayotga befarq, kun o‘tsin uchun yashovchi, o‘z sog‘lig‘i va kelajagini o‘ylamaydigan zaif odamlarga aylanib qolishi hayotda ko‘p kuzatilgan. Bu achinarlidir.
Oltinchi shart: ozodalik, orastalikka rioya qilish, atrof-muhitga munosabat masalasi. Kundalik hayoti asnosida inson atrof-muhitga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, hayotimiz uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqatlardan chiqindi hosil bo‘lishi o‘ta tabiiy hol. Bilasiz, chiqitlarni to‘g‘ri kelgan joyga tashlash tufayli atrof-muhit ifloslanadi: suv, tuproq va havoda salomatlikka salbiy ta’sir qiluvchi omillar vujudga keladi. Shuning uchun ham ozodalikka qat’iy amal qilish kundalik turmushimizda odatiy holga aylanishi kerak.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlarining fikricha, tibbiy-sanitariya statistikasida individual salomatlik, deganda turli buzilishlar, kasalliklardan holi hayot; populyasiya darajasidagi salomatlik, deganda esa kasallanish, nogironlik, o‘lim ko‘rsatkichlarini kamaytirish jarayoni hamda salomatlik darajasining oshishi tushuniladi.

Yana o‘qing:  Mutaxassis maslahati (2012/46-47)

Salomatlik resursi – bu salomatlik muvozanatini ijobiy tomonga suruvchi, organizmning morfofunksional va psixologik imkoniyatidir. Sog‘lom turmush tarzi orqali salomatlik muvozanati ijobiy tomonga buriladi.

Salomatlik potensiali – individiumning tashqi muhit ta’siriga adekvat javob bera olish xususiyati. Reaksiyalarning adekvatligi organizmning kompensator – moslashuv tizimi asab, endokrin va boshqalar holati hamda o‘z-o‘zini boshqara olish mexanizmlari (psixologik himoya va boshqalar) holatiga bog‘liq.

Salomatlik balansi – salomatlik potensiali va unga ta’sir etuvchi omillarning o‘zaro mutanosibligi, moslasha olish holati, demak.

Xavfli omillar – inson salomatligiga xavf tug‘diruvchi, kasalliklarning kelib chiqishi, rivojlanishiga sabab bo‘luvchi – biologik, genetik, ekologik, ijtimoiy xarakterga ega; tashqi muhit, ishlab chiqarish sharoiti, turmush tarzi bilan bog‘liq omillar guruhidir. Zero, tashqi muhit va ijtimoiy iqtisodiy sharoitlar aholi salomatligiga, mehnat va turmush sharoitiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Durdona MUROTALIYEVA tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: