Bunday paytda shoshib qolmang: bolaga darhol birinchi yordam ko‘rsating
Bolada talvasa xuruji sodir bo‘lganda, tabiiyki, aksariyat ota-onalar shoshib qoladi. «Bunday paytda nima qilish kerak?», «Qanday yo‘l tutsa uning ahvoli yengillashadi, tezroq o‘ziga keladi?» Xurujni qanday qilib asoratsiz o‘tkazish mumkin?..»
Shu va boshqa savollar paydo bo‘lganda har qanday kishi, avvalo, o‘zini qo‘lga olib, birinchi yordamni to‘g‘ri ko‘rsatishi juda muhim. Chunki talvasa xuruj qilganda, bola salomatligi unga ko‘rsatiladigan ilk yordamga har tomonlama bog‘liq. Birinchi yordam ko‘rsatish tartibiga to‘xtalishdan oldin, talvasa xuruji haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tish o‘rinli. Zero, kasallikning kelib chiqish sabablari, kechishi va oldini olishni bilish ko‘mak vaqtida asqotadi.
Homilador ayol kamqon bo‘lmasin!
Talvasa tug‘ma va orttirilgan bo‘lib, tug‘ma talvasa nasldan o‘tishi yoki onaning homiladorlik davriga borib taqalishi mumkin. Agar homilador ayol kamqon bo‘lsa, ona va bolada kislorod tanqisligi yuzaga keladi. Bu moddalar almashinuvi izdan chiqishiga va oqibatda go‘dak talvasa xuruji bilan dunyoga kelishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek:
• tug‘ruq yo‘lidan o‘tayotganda chaqaloqning jarohatlanishi;
• kalsiy moddasi yetishmasligi;
• chaqaloqlik davrida V6 vitamini tanqisligi;
• bola organizmida mikroelementlar nomutanosibligi;
• biror turdagi aminokislota kamligi;
• gijjalar ham keyinchalik unda talvasa xurujlari yuzaga kelishiga asos bo‘lishi mumkin.
Ko‘pincha xuruj bemor shamollaganda, diareya bo‘lganda, tana harorati ko‘tarilgandan yuz beradi. Bu organizmda mikroelementlar balansi buzilishi bilan bog‘liq.
Ko‘mak berishning o‘z tartibi bor
Bolada talvasa xuruji boshlanishi bilanoq, darhol tez tibbiy yordam chaqiriladi. Tibbiy xizmat yetib kelguniga qadar esa uy sharoitida quyidagi tartibda birinchi yordam ko‘rsatish lozim:
- Bola, avvalo, chalqancha holatda yotqiziladi.
- Bemor xonada bo‘lsa, darhol eshik va derazalar ochilib, toza havo kirishi ta’minlanadi.
- Siqib turuvchi kiyimlari, tugmachalari bo‘shatiladi.
- Bolaning og‘zida biror narsa bo‘lsa, og‘iz bo‘shlig‘i ovqatdan tozalandi.
- Tili tortiladi. Ya’ni bolaning til ildizi qoshiq sopi yoki shunga o‘xshash qattiqroq narsa bilan bosib turiladi. Bunda bemorning og‘ziga qo‘lni solish mumkin emas! Chunki qo‘l qusish refleksini yuzaga keltirishi va bemor qayt qilsa, nafas yo‘liga qusuq massalari o‘tib qolishi mumkin.
- Shundan so‘ng paxtaga biroz nashatir spirti tomizilib, bolaning burni atrofidan sekin o‘tkaziladi.
Davolashni nimadan boshlash kerak?
Albatta, xuruj sababini aniqlashdan. Bola pediatr, nevropatolog, immunolog, gelmintolog tekshiruvidan o‘tkaziladi. So‘ngra qondagi kal’siy miqdori aniqlanib, bosh miya elektroensefalografiyasi qilinadi. Bemorning umumiy ahvoliga qarab shifokor magnit-rezonans tomografiya, kompyuter tomografiyasi tekshiruvlarini ham buyurishi mumkin. Bu tahlillarda miyada rostdan ham xuruj o‘choqlari bor yoki yo‘qligi aniqlanadi. Muolaja tekshiruv natijalariga ko‘ra belgilanadi. Ayrim hollarda tanqisligi kuzatilayotgan moddaga organizmning ehtiyoji qondirilishi bilan xurujlar ham bartaraf bo‘ladi.
Davolash samarasi uning uzviyligiga bog‘liq. Talvasa xurujiga qarshi davolanayotgan bola barcha dori-darmonlarni o‘z vaqtida ichishi va muolaja to‘liq yakunlanishi lozim.
Bu ham muhim
Bunday bolalar doimo mahalliy nevropatolog nazoratida bo‘lishi, agar ta’lim yoshiga yetgan o‘g‘il-qiz bo‘lsa, sog‘ligidagi muammo haqida o‘quv muassasasi hashirasi ham ogohlantirilishi lozim. Taomnomasi to‘g‘ri va rejali bo‘lmog‘i: mikroelementlarga, ayniqsa, kalsiyga boy mahsulotlardan ko‘proq iste’mol qilishi, o‘z vaqtida ovqatlanishi muhim. Talvasa xurujidan aziyat chekadigan bolalar uchun kun tartibiga amal qilish, ochiq havodagi sayrlar alohida ahamiyatga ega.
Umida ShAYXOVA,
nevropatolog