Sport inshootlari: sog‘lom turmush kafolati
Mamlakatimizning chekka va olis tumanlarida zamonaviy sport majmualari, stadionlar, sportga ixtisoslashgan maktablarni qurish, mavjudlarini esa joiry va to‘liq ta’mirlash, ularni sport anjomlari bilan to‘liq ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar o‘z samarasini berayotir.
Bir paytlar maktablarda hatto jismoniy tarbiya darslarini o‘tish uchun ham jihozlar yetishmasdi. Bugun yurtimizdagi zamonaviy bolalar sporti majmualari, umumta’lim maktablari negizida barpo etilgan muhtasham sport zallari barcha zarur sport inventarlari bilan ta’minlanmoqda.
Yosh avlodni jismonan sog‘lom va ma’nan barkamol insonlar etib tarbiyalash, ularni jismoniy tarbiya hamda sportga keng jalb etishda sport inshootlarida yaratilayotgan sharoitlar bilan birga, turli tadbirlar, musobaqalar ham muhim o‘rin tutadi.
“Obod turmush yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Toshkent shahar filiali tomonidan turli tashkilotlar bilan hamkorlikda maktab o‘quvchilarining “Umid nihollari” sport o‘yinlari dasturi asosida tuman va shahar musobaqalari, oilaviy jamoalar o‘rtasida “Otam, onam va men – sportchilar oilasi”, o‘quvchi-qizlar o‘rtasida “Bahor malikalari”, “G‘uncha” singari to‘rt yuzdan ziyod sport musobaqalari tashkil etildi. Ushbu musobaqalarda 240 ming nafardan ziyod o‘g‘il-qiz ishtirok etdi.
Amalga oshirilgan bunday izchil ishlar tufayli sport bilan shug‘ullanayotgan yoshlar safi tobora kengayib, ular erishayotgan yutuqlar salmog‘i muttasil ortmoqda.
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Xalq ta’limi vazirligi hamda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan “Respublikamizdagi sport inshootlari va ta’lim maskanlarini sport anjomlari bilan ta’minlash borasidagi olib borilayotgan ishlar: muammo va yechim” mavzuida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanda shular haqida fikr yuritildi.
Xalq ta’limi vazirligi Axborot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.