BEBAHO MIKROELYeMENT
Sihat-salomatlikda umr kechirish – barchamizning istagimiz. Va bilamizki, bebaho boylikni asrash, mustahkamlash ko‘plab omillarga bog‘liq. Xususan, organizmda mikro va makroelementlar, oqsil hamda boshqa shifobaxsh moddalar yetishmovchiligining oldini olish katta ahamiyatga ega.
Magniy ham ana shunday zarur elementlardan biri hisoblanadi. U organizmdagi ko‘plab fiziologik jarayonlarda faol ishtirok etadi: suyak, mushak, asab tizimi me’yorida ishlashi uchun muhimdir. Bundan tashqari, magniy energiya, oqsil, uglevod va yog‘ almashinuvini ta’minlovchi fermentlar faoliyatini muvofiqlashtirishi bilan ahamiyatli. Shu ma’noda mazkur mikroelement tanqisligining oldini olish orqali asab tizimini barqaror saqlash, turli stresslardan bezarar o‘tish mumkin, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Organizmning magniyga bo‘lgan bir kunlik ehtiyoji 300-350 mg.ni tashkil qiladi. Homiladorlik va boshqa holatlarda bu ko‘rsatkich yanada ortadi. Ushbu modda organizmda mustaqil ishlab chiqarilmagani tufayli uni faqat oziq-ovqatdan olish mumkin. Afsuski, keyingi paytda organizmning bu moddaga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq ta’minlash muammoga aylanib qoldi. Chunki bugun ovqatlanish ratsionimizdan keng o‘rin egallayotgan fasd-fudlar, gazli ichimliklar, shakar, tuz kabi mahsulotlar yetarli miqdorda magniydan bahramand bo‘lishimizga to‘sqinlik qilmoqda. Va alkogol ichimliklarga ruju qo‘yish, chekish kabi zararli illatlar ham magniy tanqisligini yuzaga keltirayotir.
Asabiylik, tez-tez bosh aylanishi hamda og‘rig‘i, sababsiz qo‘rquv, vahima hissi, surunkali charchoq, holsizlik, uyqu buzilishi, xotira susayishi, me’da-ichak spazmi, yurak urishining tezlashishi, qon bosimi oshishi (yoki tushishi), yurak sanchig‘i, mushaklar tortishishi singari holatlar organizmda magniy tanqisligidan dalolatdir. Bunday holatda asabiylashishning oldini olish, ichish, chekish, qahva, qora choy, sho‘r taomlar va shirinliklarni kamroq iste’mol qilish lozim. Magniyga boy mahsulotlar esa guruch, baliq, jigar, pishloq, grechixa yormasi, kunjut, qovoq, yong‘oq, makkajo‘xori, boshoqli va dukkaklilar, meva-sabzavotlardir. Shuningdek, chanqaganda magniyga to‘yintirilgan mineral suv ichgan ma’qul.
Bugun dorixonalarda ko‘plab turdagi magniy preparatlari mavjud. Ayrimlar organizmda magniy tanqisligi kuzatilsa, o‘z bilganicha dori xarid qilib ichishni odat qilgani sir emas. To‘g‘ri, tarkibida magniy saqlovchi preparatlarning organizmga nojo‘ya ta’siri aniqlanmagan. Shunday bo‘lsa-da, shifokor ko‘rigidan o‘tmay turib, o‘zibilarmonlik bilan dori ichish salbiy asoratlarga olib kelishi mumkinligini yodda tutish zarur. Masalan, organizmda magniy miqdori me’yoridan oshib ketsa, diareyani keltirib chiqarishi, qon bosimi tushib ketishi mumkin. Faqat nevropatolog, terapevt yoki kardiolog shifokor ko‘rigidan o‘tgachgina mutaxassis tavsiyalariga amal qilgan holda davolash kursini olib borish kerak. Aks holda magniy tanqisligi tufayli soch to‘kilishi, tirnoqlar sinishi, tishda kariyes yuzaga kelishi hamda immun tizim faoliyati susayishi, yurak aritmiyasi kelib chiqishi mumkin.
Sevinch QUVONDIQOVA
tayyorladi