Toshkent shahrida ochiq osmon ostidagi muz maydoni ochildi
7 yanvar kuni Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri oldida muz maydoni ishga tushirildi.
O‘zbekiston Respublikasi “Ochiq osmon ostidagi shahar muz maydoni” loyihasi Toshkent shahar hokimiyati, Madaniyat vazirligi hamda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, “Art Uz Promotion Agency”, shuningdek “Saxovat” va “Weber” savdo belgilari hamkorligida yo‘lga qo‘yildi.
Muz maydoni ochilishini Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ochib berdi.
Aholi orasida sog‘lom turmush tarzi hamda sportni keng targ‘ib qilish maqsadida ishga tushirilgan muz maydoniga yurtdoshlarimiz bir oy mobaynida tashrif buyurib, o‘z vaqtlarini mazmunli va foydali o‘tkazishlari mumkin. Bu vaqtda qator madaniy-ko‘ngilochar va sport tadbirlari tashkil etiladi.
Maydon oldida chang‘i va boshqa uchish aksessuarlari ijara punkti xizmati yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, xokkey, figurali uchish va muz ustidagi raqs bo‘yicha bepul mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
Shahar muz maydoni ochilishida Rossiya muz sporti yulduzi, figurali uchish bo‘yicha Olimpiya chempioni Aleksey Yagudin o‘zining «Qish» dasturi bilan ishtirok etdi. Shuningdek, marosimda o‘zbek estradasi yulduzlari ham o‘z chiqishlari bilan qatnashdi.
Amal SOLIYEVA,
Maryam AHMEDOVA