Hayotning mitti qahramonlari

Dunyoda bola kulgusidan yoqimliroq tuyg‘u bo‘lmasa kerak. Biroq, ming afsuski, barcha bolalar ham bunday imkoniyatga ega emas. Negaki, bunga ular jismidagi dard monelik qiladi…

Turli kasalliklarga chalingan bolalarning to‘liq shifo topishi uchun ba’zan ota-onalarning moddiy imkoniyati yetmasligi mumkin. «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi shunday hollarda beminnat yordam qo‘lini cho‘zmoqda. Jumladan, fondning Namangan filiali ham nogiron bolalarni sog‘lomlashtirish dasturlari doirasida e’tiborga molik ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, 2003-2020 yillar davomida Germaniya­ning «Fridinsdorf Interneyshnl» xalqaro tashkiloti grant mablag‘lari hisobidan 34 nafar namanganlik o‘g‘il-qiz Germaniyadagi nufuzli klinikalarda darddan forig‘ bo‘lib qaytdi. Ayni paytda 2 nafar nogiron bola Germaniyada davolanishni davom ettirmoqda.

2018 yilda Germaniya davlatida xizmat safarida bo‘lib, u yerda davolanayotgan o‘zbek bolalari yashash tarzi bilan yaqindan tanishdim. Ularning yashashi, ta’lim olishi, davolanishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilgani, har bir bemor bola uchun alohida shifokor, hamshira, o‘qituvchi-murabbiy, enagalarning tayinlangani ko‘nglimizni ko‘tardi. Olib borilayotgan eng zamonaviy usullardagi davolash, o‘qitish, sport-sog‘lomlashtirish, ovqatlanish tartib-tamoyillari o‘g‘il-qizlarning tezroq sog‘ayib ona yurti va oilasi bag‘riga qaytishiga yordam bermoqda, desak aslo yanglishmagan bo‘lamiz.
Safar chog‘ida 15 nafar o‘zbekistonlik bemor bolani Germaniya davlatiga olib borib, 13 nafar ma’lum muddatlarda davolanish bosqichlarini o‘tagan va jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilib, shifo topgan bolani ota-onasi, yaqinlari bag‘riga olib qaytdik.

Norin tumani Norinkapa mahallasida istiqomat qiluvchi, 2004 yilda tug‘ilgan Abdulloh Tojiboyevga chap oyoq boldir suyagining tug‘ma nuqsoni, yolg‘on bo‘g‘im tashxisi qo‘yilgan. U Germaniyada ikkinchi bor davolanish bosqichlarini o‘tadi.

– Chap oyog‘im o‘ngidan 5 santimetr kalta bo‘lib, boz ustiga bo‘g‘imlarimdagi muammolar erkin harakat qilishimga halaqit berardi, – deydi Abdulloh. – Mening ham sog‘lom tengdoshlarim kabi ko‘cha changitib o‘ynagim, to‘p tepgim kelardi. Afsuski, bunga salomatligim yo‘l qo‘ymasdi. Ota-onam ham mendan kam xafa bo‘lishmasdi. Endi hammasi ortda qoldi. Ilk bor 2013 yilda meni fond tomonidan Germaniya davlatiga yuborishdi. U yerda bir yil davomida davolandim, ham o‘qidim. 2017 yilda esa davolashning ikkinchi bosqichi uchun yuborishdi. Olti oy davomidagi muolajalar besamar ketmadi. 2018 yilning fevralida ota-onam bag‘riga qaytdim. Bizga shunday imkoniyatlarni yaratib bergan «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondidan cheksiz minnatdormiz.

Tug‘ma xastalik yoki baxtsiz tasodif tufayli nogiron, ko‘ngli yarim jonga aylangan, umidini butkul yo‘qotgan 34 nafar o‘g‘il-qizning bugun ko‘zlari quvonchdan porlayapti. Bu aytishgagina oson. Bardosh bilan ham dardni, ham ota-ona, yaqinlari, qadrdon xonadoni sog‘inchini yengayotgan bolalarning har biri, nazarimizda, hayotning mitti qahramonlaridir.

Yana o‘qing:  Sil bilan kasallangan ayol farzand ko‘ra oladimi?

Xayrullo ARTIQOV,

«Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi

Namangan filiali direktori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: