Iqtidori cheklanmagan bolalar
Inson yillar davomida o‘zini kashf etib boradi. Qobiliyatini sinovdan o‘tkazadi. Zero, iqtidorsiz kishi yo‘q. Eng asosiysi, iste’dodni to‘g‘ri yo‘naltira olishda.
Olmazor tumanidagi 106-zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida o‘qiyotgan imkoniyati cheklangan bolalarning intilishi, yaratuvchanlik ishtiyoqi fikrimizning isbotidir.
Maktab-internat hovlisiga qadam qo‘yarkansiz, yam-yashil archazor ko‘zingizni quvnatadi. Ixcham va ko‘rkam bog‘ga kelib qolganday bo‘ladi, kishi. Atrofdagi saranjom-sarishtalik ruhingizga tetiklik, ko‘tarinkilik ulashadi. Devorda ilingan turli rasmlar, bejirim qilib to‘qilgan kiyimlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, naqqoshlik-o‘ymakorlik san’ati namunalari o‘zining mukammalligi bilan diqqatni tortadi. Ha, muassasa o‘quvchilari imkoniyati cheklanganiga qaramasdan ana shunday qobiliyatga ega. Murg‘ak qalbi san’atga, ezgulikka oshufta.
– Asosiy vazifamiz bolalarga so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilishni o‘rgatishdir, – deydi muassasaning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Feruza Madaminova. – Ammo ularning iqtidorini faqat nutqqa safarbar qilish bilangina kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Bizda eshitish qobiliyati sustroq, ya’ni karlikka yaqin, butkul eshitmaydigan, nutqida kamchiligi bor va ikkilamchi imkoniyati cheklangan bolalar tahsil olishadi. Hammasiga bir xil ta’lim berish mushkul ish. Kimdir aqliy, kim esa jismoniy rivojlanishdan ortda qolgan. Biroq, ularning iqtidorini ko‘rib lol qolasiz. Eng muhimi, ruhi tetik. Bolalarning harakatchanligi biz o‘qituvchilarga ham kuch bag‘ishlaydi. O‘z ishimizga mas’uliyat bilan yondashishga undaydi.
Istiqlol yillarida yurtimizda inson qadri ulug‘lanib, bu tushuncha yangi mazmun kasb etdi. Kishilarning erkin ijod qilishi, qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun imkoniyatlar eshigi ochildi. Inson huquq va erkinliklarini mustahkamlash, aholining kam ta’minlangan va imkoniyati cheklangan qatlamini ijtimoiy himoyaga olish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bu ezgu ishlar Bosh Qomusimizda ham o‘z ifodasini topgan. Ana shunday sa’y-harakatlar natijasida ozod va obod Vatanimizning taraqqiyotiga, uning gullab-yashnashiga hissa qo‘shadigan farzandlar kamol topayotir. 106-zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida tahsil olayotgan o‘quvchilar o‘zlarining hunarmandchilik buyumlari bilan “Bazar-Art” XII ko‘rgazma-yarmarkasida ishtirok etishib, “Ijod” O‘zbekiston rassomlar, san’atshunoslar va xalq ustalari assotsiatsiyasining sertifikatiga loyiq ko‘rildi. Shuningdek, maktab-internat o‘quvchisi Otabek Abdurahmonov “Yangi avlod” bolalar ijodiyoti festivalining Toshkent shahar bosqichida ishtirok etib, tasviriy san’at yo‘nalishida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Dilmurod Oripov esa O‘zbekiston Respublikasi Paralimpiya terma jamoasi tarkibida Bolgariya davlatida o‘tkazilgan jahon chempionatida stol tennisi bo‘yicha musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashdi.
Darvoqe, maktab-internatda qator muassasa va markazlar bilan hamkorlikda ijodiy to‘garaklar tashkil etilgan. Bolalar mazkur mashg‘ulotlarda o‘z qobiliyatlarini shakllantirib borayotir. Xususan, Toshkent shahridagi 25-musiqa maktabi bilan hamkorlikda “Doira”, “Chang”, “Rubob”, “Tanbur”, “Yog‘och o‘ymakorligini o‘rganamiz” nomli to‘garaklarda o‘quvchilar milliy cholg‘u asboblarida kuy ijro etishni va milliy hunarmandchilikning nozik sirlarini puxta o‘zlashtirishmoqda. Qolaversa, “Barkamol avlod” markazi ham muassasaning yaqin hamkori. “Biserli munchoq”, “To‘qishni o‘rganamiz”, “Odam va salomatlik”, “Raqs” kabi mashg‘ulotlarning qiziqarli o‘tishida ularning hissasi katta.
Zilola Usmonova 8-sinf o‘quvchisi. U to‘quvchilikni puxta o‘zlashtirgan. Uning bolalarga mo‘ljallangan eskizlari o‘zining ko‘rinishi, sifati bilan ajralib turadi. Iplarni bir-biriga mohirlik bilan uyg‘unlashtirish, rang tanlash, turli detallardan ustalik bilan foydalanish qobiliyati to‘garak mashg‘ulotlari davomida shakllangan. 7-sinfda tahsil olayotgan Ulug‘bek Mahkamov esa yog‘och o‘ymakorligi va naqqoshlik san’atini qunt bilan egallamoqda. U ustozi Oybek Qilichev ko‘magida qator uy-ro‘zg‘or buyumlari yasashni o‘rganibgina qolmay, ularga bejirim naqshlar berishni ham o‘zlashtiryapti. Ma’lumki, milliy naqqoshlikda gulli shakl berishning o‘n ikki bosqichi bor. Tobora mukammallashib, betakror go‘zallikni o‘zida namoyish etadigan bu hunarmandchilik turi Ulug‘bek Mahkamovga qiyinchilik tug‘dirayotgani yo‘q.
– Muassasamiz qoshida ham bolalarning nutqiy, aqliy va jismoniy qobiliyatini shakllantirish maqsadida qator to‘garaklar faoliyat yuritayotir, – deydi maktab-internatning surdopedagogi Dilnoza Sultonova. – “Ashula to‘garagi”, “Stol tennisi”, “Volleybol”, “Karate”, “Yosh futbolchilar”, “Qiziqarli matematika”, “Mohir qo‘llar”, “Yosh musavvir”, “Rus tilida gapirishni o‘rganamiz”, “Yosh geograf”, “Tarixni o‘rganamiz”, “To‘g‘ri gapirishni o‘rganamiz”, “Dramatik nutq”, “Ifodali o‘qish” kabi mashg‘ulotlar shular jumlasidandir. Qolaversa, maktab-internatimizda darslar ikki yo‘nalishda olib boriladi. Birinchisi umumiy ta’lim fanlari bo‘lsa, ikkinchisi nutqiy faollikni oshiruvchi korreksion darslardir. Har bir bolaning talaffuzi ustida alohida mashg‘ulot o‘tkaziladi. Ayniqsa, bu biz surdopedagoglardan katta mas’uliyat talab qiladi. Bunda ota-ona yoki tarbiyachi, sinf rahbari yaqin ko‘makdosh. Mazkur jarayonni faollashtirish maqsadida psixologlarni ham bu ishga jalb etmoqchimiz. Eng muhimi, bolalarning so‘zni to‘g‘ri talaffuz qilishga intilishlari yuqori. Har bir harfning to‘g‘ri yangrashida bo‘g‘iz, til naychalarining tutgan o‘rni haqida o‘quvchilarga tushuncha beramiz. O‘quv va mashg‘ulot xonalarida stendlar tashkil etilgan. Ulardagi predmetlarning nomini o‘qib bolalarning nutqi ravonlashib boradi.
Xalqimiz azaldan do‘stlik va hamjihatlik tuyg‘ulariga hurmat bilan qaragan. Har bir davlatning milliy mentaliteti, qadriyatlari, madaniyati hamda san’atiga yuksak ehtirom ko‘rsatib kelgan. Ayniqsa, mustaqillik yillarida ko‘pgina rivojlangan mamlakatlar bilan o‘rnatilgan iqtisodiy, siyosiy, madaniy aloqalar aholi turmush tarzining yanada rivojlanishiga, umuminsoniy tushunchalarning tobora ravnaq topishiga turtki bo‘ldi. Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillarining sa’y-harakati bilan shu yilning bahorida maktab-internatda katta anjuman tashkil etilib, “Koreya madaniyat kunlari” o‘tkazildi. Maxsus mutaxassislar o‘quvchilarga koreys milliy hunarmandchiligi “Origami” va “Kvin” usullarida qog‘oz yordamida gul yasash, koreys milliy liboslarini tikishni o‘rgatishdi. Shuningdek, muassasada tahsil olayotgan qizlar koreys milliy raqsini puxta o‘zlashtirdi.
– Ilm olish, hunar o‘rganish, ijodiy iqtidorni shakllantirish inson ruhiy olami, aqliy va jismoniy rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Ra’no Mirfayozova. – Boshqa xalqlar madaniyati, san’ati bilan yaqindan tanishish esa bolalarning dunyoqarashini kengaytiradi. Bilasizmi, eshitishi va talaffuzi zaif bolalarning asab tizimi va suyak-tayanch tizimi sog‘lom tengdoshlariga nisbatan sekin rivojlanadi. Bizning mashg‘ulotlar esa har ikkisi uchun ham foydali. Shu nuqtai nazardan koreys milliy raqs san’ati, amaliy hunarmandchiligi o‘quvchilarimiz uchun foydadan holi bo‘lmaydi. Qolaversa, haftada bir kun bolalar o‘zini o‘zi idora qila olishi uchun tozalik kuni joriy qilganmiz. Unda ular sinfxona va yotoqxonalarini tozalab, shaxsiy gigiyena qoidalarini o‘rganadilar. Shuningdek, maktab-internat hovlisidan har bir sinfga maydonchalar ajratilgan bo‘lib, o‘quvchilar u yerning ko‘kalamzorligi uchun mas’uldirlar. Bu birinchi navbatda, obodonchilik madaniyatini shakllantirsa, ikkinchi tomondan ularni ijtimoiy mehnatga o‘rgatadi.
Maktab-internatning O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Yong‘in xavfsizligi Bosh boshqarmasi bilan ham hamkorligi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Muassasa o‘quvchilari tomonidan tuzilgan “Yosh qutqaruvchilar” jamoasi ““Yosh qutqaruvchilar – 2013” respublika tanlovida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Diqqatga molik tomonlaridan yana biri maktab-internat qoshida maktabgacha ta’lim muassasasi ham tashkil etilgan. U yerda imkoniyati cheklangan bolalar tasviriy san’at, musiqa to‘garaklari bilan shug‘ullanishadi. Nutqni ravon qiluvchi mashg‘ulotlarda qatnashishadi. Bu esa ularni maktab-internatga o‘tgach, mashg‘ulotlarni tez o‘zlashtirishiga zamin hozirlaydi.
Bolalarning iqtidori kashf etilishida muassasa jamoasining ham xizmati katta. Ular bolalarga o‘z farzandiday mehr berishmoqda. O‘quvchilar o‘z uyidagiday ta’lim-tarbiya olishyapti. Maktab-internatning yotoqxonasi ham zamonaviy ko‘rinishda to‘liq ta’mirdan chiqarilgan. Xonalar toza-ozoda. Barcha sharoitlar muhayyo. Bolalarga darsdan so‘ng ham tarbiyachilari turli eshitish va nutqni ravonlashtiruvchi mashqlar o‘tishadi.
Muassasa bolalarni turli sayrga, tomoshagohlarga olib borishi uchun hukumat tomonidan “Isuzu” avtobusi bilan ta’minlangan. Qolaversa, qator xayriya tadbirlari uyushtirib turiladi. O‘quvchilarga turli sovg‘alar tashkil etiladi. Ana shunday tadbirlarni “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi Olmazor tumani tayanch maskani ham amalga oshirayotgani diqqatga sazovor. Ular tomonidan yaqinda muassasada tahsil olayotgan 358 nafar bolaga qishki poyabzallar taqdim etildi. Shuningdek, tayanch maskani tashabbusi bilan reabelitatsiya markazi xodimlari o‘quvchi qizlar o‘rtasida salomatlik va balog‘at bilan bog‘liq mavzularda suhbatlar o‘tkazishdi. Bolalarning ekomadaniyatini yuksaltirish, atrof-muhit muhofazasiga daxldorlik hissini kuchaytirish maqsadida tabiat muzeylariga safarlar uyushtirishda tayanch maskani yaqindan ko‘mak berayotir.
Darhaqiqat, bu kabi tadbirlar maktab-internat o‘quvchilarining salohiyatini yanada kuchaytirishga xizmat qilyapti. Ularni Vatanni sevishga, har bir lahzadan unumli foydalanishga o‘rgatmoqda. Shuning uchunmi ular tomonidan yaratilayotgan san’at va hunarmandchilik asarlari hayotiy rang-baranglik kasb etgan. Ularning sport sohasida erishayotgan natijalari ham quvonarli. O‘quvchilarning ertangi kunga dadil qadam tashlayotganini ko‘rib beixtiyor tilingga bir so‘z keladi: Bu bolalar imkoniyati cheklangan xolos. Insonni esa qobiliyat yuksaltiradi. Zero, iqtidor hech qachon cheklanib qolgan emas.
Bahodir HALIMOV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri