Ayol tadbirkor va tejamkor bo‘lsa

oila totuv, turmush obod bo‘ladi

Ertalabki nonushtada dasturxonga issiqqina non qo‘yildi. Oila a’zolari birgalashib qizarib pishgan non va shirin kulchalarni tanovvul qilishdi. Ayniqsa, ovqatdan bosh tortadigan bolajonlar ham tansiq kulchalarni ishtaha bilan yeyiladi.

– Baraka topsin, Nigora qizimning nonlari biram shirin. Uzoqqa borishning ham hojati yo‘q. Buning ustiga tikuvchilik sexi ham bor ekan. Mana bu ko‘rpachalarning ustini yangi mato bilan qoplash kerak bo‘lib qolibdi. Sandiqdagi matoni olib beraman to‘rtta ko‘rpachaning ustiga qoplatib kelasiz. Oyday baxtini bersin, sexda ishlayotgan qizlar bir pasda tikib berishadi, – dedi So‘na momo keliniga.

– Ha-ya, oyijon o‘tgan hafta narigi mahallada kimdir qiz uzatayotgan ekan. Nigoraxonning sartarosh qizi kelinning sochini chiroyli qilib turmaklab qo‘yibdi. Baraka topishsin. Hamma ishimiz mahalladan bitsa, uzoqqa borishning ham keragi yo‘q, ham vaqtdan yutasan, ham naqddan, qanday yaxshi…

Xorazm viloyatining Urganch shahridagi “Obi hayot” mahallasida “Ayollar markazi” tashkil etib, o‘zining biznes rejasini amalga oshirayotgan Nigora Qo‘shjonova haqida mahalladoshlari ana shunday iliq fikrlarni aytishadi. Tashabbuskorlik uning tabiatida bor, Nigora qo‘lga kiritgan barcha muvaffaqiyatlar zamirida uning har bir ishga mulohaza bilan yondashishi, ishning ko‘zini bilishi kabi fazilatlar mujassam.

“El-yurt e’tiborini qozongan bu tadbirkor ayol 2009 yili respublikada an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yil ayoli” ko‘rik-tanlovi g‘olibi bo‘lib, mamlakatimizning eng faol ayollari safidan munosib o‘rin egalladi. Grant mablag‘ini qo‘lga kiritdi. Ana shu mablag‘ evaziga o‘zi istiqomat qilayotgan mahallada “Ayollar markazi”ni tashkil etdi. U tadbirkorlik asosida Urganch shahri ayollarining ko‘pchiligini yangi ish o‘rni bilan ta’minladi.

“Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili”da non va non mahsulotlari ishlab chiqarish sexida uch nafar, tikuvchilik sexida sakkiz nafar ayolni, “Nilufar” go‘zallik salonida esa ikki nafar qizni ish bilan ta’minladi. Non sexida non va non mahsulotlari ishlab chiqarilib, mahalla aholisining kundalik ehtiyojini ta’minlamoqda. Shuningdek, qurilish korxonalari, oziq-ovqat do‘konlarini ham shartnoma asosida o‘z mahsulotlari bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘ygan. O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi va viloyat “Tadbirkor ayollar” uyushmasi bilan hamkorlikda Xorazm viloyatining shahar va tumanlarida turli tadbir, uchrashuv va o‘quv seminarlari o‘tkazilib kelinmoqda.

Yana o‘qing:  Maktabda matbuot kuni

Kasanachilik faoliyatida esa ular ko‘rpa-to‘shak va ularga jildlar, shifokorlar uchun xalatlar, paxtalik ish kiyimlari ishlab chiqaradi. Viloyatdagi sihatgohlar, bolalar dam olish oromgohlari, tibbiy muassasalar, maktabgacha ta’lim muassasalari bilan tuzilgan shartnomaga asosan ushbu tashkilotlarga mahsulot yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan.

Mazkur markaz tomonidan ishlab chiqarilayotgan non va kiyim-kechak mahsulotlaridan turli bayram tadbirlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga xayriya tariqasida tarqatish odat tusiga kirgan. Xiva shahridagi 20-Mehribonlik uyi, “Saxovat uyi”ga ham Navro‘z va Mustaqillik bayramlari munosabati bilan xayriya tadbirlari o‘tkazib sovg‘alar ulashiladi.

Yana bir tomondan mahallada oilaviy tadbirkorlikning non va non mahsulotlari tayyorlash, tikuvchilik, maishiy xizmat ko‘rsatish turlarining yo‘lga qo‘yilganligi oilaviy biznes sabog‘ini olish imkoniyatini yaratgan.

N.Qo‘shjonova viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi qoshidagi “Ayollar maslahat markazi” rahbari sifatida Germaniya hamkorlik jamg‘arma kassalar fondi bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.

– Oilada tejamkorlikka erishish maqsadida Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi, Germaniya hamkorlik jamg‘arma kassalar fondi, Respublika Markaziy banki bilan hamkorlikda “Mening oilaviy byudjet kitobcham” nomli qo‘llanma chop etildi. Hozirgi kunda markaz rahbari tomonidan viloyat miqyosida, chekka hududdagi qishloqlarda istiqomat qilayotgan ayollar o‘rtasida ham seminar tashkil etilib, shu kitob asosida suhbatlar o‘tkazilmoqda. Har bir xotin-qiz ana shu kitob orqali oilaviy byudjet mablag‘ini to‘g‘ri taqsimlab qayd qilib borsa, oilaviy byudjetda aniqlikka va tejamkorlikka erishiladi. Shu bilan birga tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan xotin-qizlarni ushbu sohaga yo‘naltirish, yangi ishchi o‘rinlarini ochish, bank kreditlarini olishda ko‘maklashish, shuningdek, ularga bank omonat turlarini, biznes rejalar yozishni o‘rgatamiz, – deydi N.Qo‘shjonova.

Endilikda Nigora gazlama va paypoq ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, yana qo‘shimcha bo‘sh ishchi o‘rni yaratishning o‘z oldiga maqsad qilgan “Xorazm texnologiya” xususiy korxonasi uchun “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat bankidan kam foizli kredit olib ishlab chiqarish texnologiyalarini shartnoma orqali keltirib, paypoq ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yish ustida ish olib bormoqda.

Nigora Qo‘shjonovaning turmush o‘rtog‘i Alijon Qutlimurotov bilan birgalikda uch nafar farzandni voyaga yetkazishdi. Hozirda qizi Nilufar “Nilufar” go‘zallik saloni ishlarini boshqaradi, o‘g‘illari Hasan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining ta’lim olmoqda, Husan esa “Xorazm texnologiya” kichik korxonasida ish yurituvchi bo‘lib faoliyat yuritmoqda.

Yana o‘qing:  O‘zbekiston o‘simliklari dunyosi

Mamlakatimizda xotin-qizlarning iqtisodiy bilimlarini oshirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, ayollarning jamiyatdagi nufuzini yuksaltirishga qaratilgan ishlarning tizimli ravishda olib borilayotganini bugungi kunda ana shunday fidoyi tadbirkor ayollar faoliyatida yaqqol ko‘rish mumkin.

Muhabbat XO‘JAMURODOVA,

Xorazm viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: