Bolalar manfaati – doimiy himoyada

Poytaxtimizda BMTning Bolalar jamg‘armasi – YUNISEFning “Dunyo bolalarining ahvoli – 2013” global hisoboti taqdimoti bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda tegishli davlat, jamoat, xalqaro tashkilotlar vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.

BMTning Bolalar jamg‘armasi – YUNISEF tomonidan har yili an’anaviy ravishda ishlab chiqiladigan dunyoda bolalarning ahvoliga oid global hisobotning mavzusi bu yil imkoniyati cheklangan bolalarni jamiyatga integratsiyalash masalalariga bag‘ishlandi.

Hisobotda qayd etilishicha, bugungi kunda sayyoramizda 93 million nafar nogiron bola hayot kechirmoqda. Ularning haq-huquqlarini, manfaatlarini muhofazalash, ta’lim-tarbiya berish, salomatligini yaxshilashga ko‘maklashish jahon hamjamiyati oldida turgan dolzarb vazifalardandir.

Tadbirda YUNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari R.Fuderich, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi direktori V.Alimova, Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Abdurahimova va boshqalar O‘zbekistonda o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama yetuk, barkamol insonlar etib voyaga yetkazish, bolalar salomatligini asrash va manfaatlarini muhofaza qilish Prezident Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan ekanini ta’kidladi.

Mamlakatimizda BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasi ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2008 yil 7 yanvarda qabul qilingan “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni mazkur ishlar ko‘lamini kengaytirishda muhim dasturilamal bo‘layotir.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” milliy modeli BMTning Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishishning samarali strategiyalaridan biri sifatida e’tirof etilgan. Yurtimizda jahon andozalari darajasida barpo etilgan birlamchi tibbiy-profilaktika tizimi, ona-bola skrining xizmati kasalliklar va bolalar nogironligining oldini olish, oilada sog‘lom farzandlar tug‘ilishini ta’minlashga xizmat qilayotir.

Oziq-ovqat mahsulotlarini foydali mikroelementlar bilan boyitish, immunizatsiya tadbirlarini reja asosida tashkil etish, bolalar o‘rtasida vitamin yetishmasligining oldini olish maqsadida saplementatsiya tadbirlarini o‘tkazish, homilador ayollarga bepul polivitaminlar yetkazib berish borasida amalga oshirilayotgan dastur va loyihalar o‘z samaralarini berayotir.

Nogiron bolalarni jamiyatga integratsiyalash, ularning salomatligini yaxshilash, ijodiy qobiliyatini yuzaga chiqarishga ko‘maklashish, har tomonlama tibbiy-ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish ham doimiy e’tiborda. Mamlakatimizda bu boradagi vazifalarni hayotga tatbiq etishda davlat tashkilotlari qatori jamoat tuzilmalari ham faol ish olib borayotir.

“Har bir farzand – mehr va e’tiborda” mavzusida tibbiy va ijtimoiy aksiyalar o‘tkazish an’anaga aylangan. Inklyuziv ta’lim tizimi tobora rivojlanmoqda. Ta’lim muassasalarida imkoniyati cheklangan bolalar sog‘lom tengdoshlari qatorida ta’lim olishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan. “Muruvvat uylari”, maxsus ta’lim va sog‘lomlashtirish muassasalarining moddiy-texnika bazasi yildan-yilga takomillashtirilmoqda. Nogiron farzand tarbiyalayotgan oilalarga manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimi shakllantirilgan.

Yana o‘qing:  Intiluvchan, izlanuvchan va champion

Tadbirda mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofazalash, imkoniyati cheklangan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, bu boradagi qonuniy asoslarni yanada takomillashtirish, dunyo bolalarining ahvoliga oid global hisobotda ilgari surilgan dolzarb vazifalarni hayotga tatbiq etish uchun davlat, jamoat, xalqaro tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari hamkorligini kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.

B.XIDIROVA,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: