PANDEMIYa: FARZANDINI MAKTABGA YUBORAYOTGAN OTA-ONALARGA MUHIM TAVSIYALAR

Cog‘liqni saqlash vazirligining o‘quv-terbiya muassasalari bo‘yicha bosh mutaxassisi, tibbiyot fanlari doktori Inobat Ahmedova bilan suhbat

– Pandemiya vaziyatida farzandlarini maktabga yuborayotgan ota-­onalarga qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?
– Hurmatli ota-onalar, avvalo, maktabga yuborishdan oldin farzandingizning sog‘ligi va ruhiy holatiga, albatta, e’tibor bering. Shu o‘rinda psixologlar bunday uzoq karantindan chiqish uchun vaqt (kamida uch hafta) talab etilishini inobatga olib, sizdan bolaning hissiy holatiga e’tibor berishingizni so‘raydi. Farzandingizda o‘tgan vaqt davomidagi o‘zlashtira olmagan bilimlariga yetib olishi uchun paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan stressni yengishga ko‘maklashish kerak. Karantin ta’tilidan ke­yin bola maktabda yomon baholar olishi mumkin. Bunday holatda unga tanbeh bermaslikka harakat qiling. Doimiy tanbehlar sabab o‘g‘lingiz yoki qizingizning o‘ziga, kuchli tomonlariga bo‘lgan ishonchini yo‘qotishiga yo‘l qo‘ymang. Farzandingizning sog‘lig‘ini kuzatib boring va agar unda kasallik belgilari (yuqori tana harorati, hansirash, yo‘tal, hid va ta’m sezmaslik, qorinda og‘riq, ich ketishi) paydo bo‘lsa, uni ta’lim muassasasiga yubormang. Shuningdek, farzandlaringizga quyidagi gigiyena qoidalarini o‘rgating:
– qo‘llarini sovun va toza suv bilan tez-tez yuvib turish;
– sovun va suv bo‘lmasa, qo‘llar uchun spirt asosidagi dezinfeksiya vositasidan foydalanish (spirt miqdori kamida 60 foiz bo‘lishi kerak);
– faqat toza ichimlik suvidan foydalanish;
– jamoat hojatxonalari hamda uy hojatxonalarining tozaligiga e’tibor berish va foydalanish tartibiga rioya qilish;
– chiqindilarni xavfsiz hamda to‘g‘ri yig‘ish, saqlash va utilizatsiya qilish ko‘nikmalari;
– nafas olish gigiyenasiga rioya qilish: yo‘tal va aksirganda og‘iz-burunni mato yoki tirsak yordamida to‘sish;
– kaft bilan yuzga, ko‘zlarga, og‘iz va burunga tegmaslik.
Bundan tashqari, farzandlaringizni bir-biriga e’tiborli bo‘lishga o‘rgating, ular o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchilikning oldini olish choralarini ko‘ring. Ta’lim muassasasi ma’muriyati va pedagoglari bilan ma’lumot almashinish maqsadida doimiy muloqotda bo‘lib, maktab xavfsizligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar bilan tanishib, qo‘llab-quvvatlashga harakat qiling.

– Turli infeksiyalar avj oladigan kuz faslida o‘quvchilar nimalarga amal qilishlari lozim?
– Darhaqiqat, kuz faslida o‘tkir virusli infeksiyalar avj oladi. Bu paytda o‘quvchilar turli infeksiyalar yuqishining oldini olish va kasal bo‘lib qolgan paytida esa, boshqalarni gripp, koronavirus infeksiyasi va boshqa o‘tkir respirator virusli infeksiyalardan himoya qilish uchun respirator gigiyena qoidalariga amal qilishi kerak. Ya’ni qo‘llarni tez-tez va yaxshilab sovun bilan oqar suvda yuvish, spirtli dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalanish, ovqat qilish davomida, undan oldin va keyin, shuningdek, ovqatlanishdan oldin, hojatxonadan yoki hayvon oldidan kelgach qo‘llarni yuvish lozim. Yuzni qo‘l bilan ko‘p ushlamaslik kerak. Imkon qadar teatr, kinoteatr, aeroport, vokzal, bozor va katta do‘konlar, umuman, ko‘p odam yig‘iladigan joylarga borishni kamaytirish lozim.
Yo‘talganda, burun qoqqanda va aksirganda og‘iz bilan burunga bukilgan tirsak, yeng yoki salfetkani tuting. Undan keyin salfetkani darhol axlat idishiga tashlang va qo‘lingizni yuvishni unutmang.
Shamollash yoki gripp alomatlariga ega odamlar bilan yaqin aloqada bo‘lishdan cheklanish lozim. Kasallikning ilk alomatlari kuzatilganda, uyda qolish va darhol shifokorga murojaat qilish shart. Ushbu kasalliklarning qo‘zg‘atuvchilari juda yuqumli bo‘lib, asosan, havo tomchilari orqali yuqadi. Shu sababli sinfxonalarni, albatta, tez-tez shamollatish zarur hisoblanadi.

– Qanday xastalikka chalingan yoki surunkali kasalliklari bor o‘quvchilarga onlayn ta’lim olishni tavsiya qilasiz?
– Bu holatda bolaning salomatlik ko‘rsatkichlariga e’tibor beriladi. Salomatlik ko‘rsatkichlari 5 ta guruhga bo‘linadi.
1-guruh. Bunga surunkali kasalliklarga chalinmagan, tekshirish paytida biron-bir kasallik aniqlanmagan va o‘z yoshiga muvofiq jismoniy hamda aqliy jihatdan rivojlangan sog‘lom bolalar kiradi.
2-guruh. Surunkali kasalligi bo‘lmagan, lekin ayrim morfofunksional nuqsonlari bo‘lgan hamda tez-tez (bir yilda 4 marta) dardga chalinib turadigan bolalardan tashkil topgan.
3-guruh. Surunkali kasalligi bor yoki kompensatsiya davrida patologik holati og‘ir bo‘lmagan, umumiy o‘zini his etishi me’yorida bo‘lgan bolalarni birlashtiradi.
4-guruh. Surunkali kasalliklari bor, subkompensatsiya davrida umumiy holati buzilgan, o‘zini yomon his eta boshlagan, o‘tkir yuqumli kasalliklardan so‘ng tuzalishi kechikkan bolalar.
5-guruh. Dekompensatsiya davrida bo‘lgan, og‘ir surunkali kasalliklarga chalingan, kamharakat, bolalar muassasalariga qatnay olmaydigan nogiron bolalardan iborat.
Salomatlik guruhini aniqlashda bola salomatligi haqidagi ma’lumotlarni hisobga olish zarur.
Qoidaga muvofiq, 1- va 2-guruhdagi bolalar umumiy bolalar muassasalariga qatnaydi.
Onlayn ta’lim olish uchun asosan 3-, 4- va 5-guruhdagi surunkali kasalliklari bor, ushbu kasalliklarning zo‘riqish davri aniqlangan bolalarga tavsiya etiladi.

Yana o‘qing:  Suvchechak

– Agar o‘quvchi yoki o‘qituvchida koronavirus aniqlansa, kasallikning keng tarqalmasligi uchun, birinchi galda, qanday chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur?
– O‘quvchini maktabga qabul qilib olishdan avval tibbiy xodim orqali o‘quvchilarning oila a’zolari salomatligi holati, oilasida yuqumli kasallik bilan og‘rigan, klinik belgilari namoyon bo‘layotganlar bor yoki yo‘qligi so‘rab surishtiriladi, epidemiologik tarixi to‘planadi (tana haroratining 37 gradusdan oshishi, ko‘ngil aynish, yo‘tal va O‘RIning boshqa belgilari).
Agar o‘quvchi yoki o‘qituvchi maktabda o‘zini yaxshi his qilmasa, unda «COVID-19»ning odatiy alomatlari bo‘lsa, boshqa odamlardan alohidalash kerak. Virus yuqtirgan o‘qituvchi yoki o‘quvchi bilan aloqada bo‘lgan barcha yuzalar, shu jumladan, barcha sirtlar va buyumlar, hojatxonalar, eshik tutqichlari va telefonlarni tozalash kerak. Tozalash uchun dezinfeksiyalash vositalaridan foydalanish tavsiya etiladi.
Agar o‘quvchi yoki o‘qituvchining ahvoli yomonlashsa (tana harorati ko‘tarilsa, O‘RI alomatlari aniqlansa), izolyatorga joylashtiriladi. Izolyator xonasi bo‘lmagan taqdirda, o‘quvchi yoki o‘qituvchi hamshiraning xonasiga yoki izolyasiya uchun mo‘ljallangan boshqa xonaga joylashtiriladi. Shoshilinch tibbiy yordam chaqirish va Sanitariya-epidemiologiya xizmatining hududiy bo‘linmalariga ma’lumot yetkazish kerak bo‘ladi.
Profilaktik chora-tadbirlar qatorida o‘quvchilar yoki o‘qituvchilarning qo‘llariga gigiyenik ishlov berish jadvalini ishlab chiqish (har soatda qo‘llarni sovun bilan yuvish yoki antiseptik spirtli eritmalar bilan ishlov berish), har ovqatdan oldin va hojatxonaga borgandan keyin, har bir mashg‘ulotdan keyin qo‘llarni sovun yoki antiseptik vositalar bilan yuvish lozim hisoblanadi.
Bir martali ishlatiladigan qog‘oz sochiqlardan foydalanish tavsiya etiladi. Qog‘oz sochiqlar, bir marta ishlatiladigan salfetkalar bilan ta’minlash imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, har kuni o‘zgartiriladigan va bir-biridan 25-30 sm. masofada osilgan, qayta ishlatiladigan individual sochiqlardan foydalanish talab qilinadi.
Mashg‘ulotlar vaqtida guruhlarda kamida o‘quvchilar orasidagi 1,5-2 metr masofa ta’minlanadi. O‘quvchi va o‘qituvchilar o‘rtasida uzoq muddatli to‘g‘ridan-to‘g‘ri jismoniy aloqalar cheklanadi hamda mashg‘ulotlar davomida turli guruhlardagi o‘quvchilarning o‘zaro aloqasi va aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

– Ma’lumki, kasallikka chalinmaslik yoki uni yengil o‘tkazishda immunitet muhim o‘rin tutadi. Shu ma’noda o‘quvchilarning ovqatlanish ratsioni qay tartibda bo‘lishi kerak?
– Maktab o‘quvchilaridagi zaif immunitet ko‘pincha vitaminlar tanqisligi, yomon uyqu va doimiy psixologik stress natijasida yuzaga keladi. Keling, ushbu omillarni ko‘rib chiqaylik.

Psixologik holat va bolalar immuniteti

Yana o‘qing:  Parhez keksalar uchun zararli

Uydagi ijobiy psixologik mikroiqlim bolalar salomatligining muhim shartidir. Siz bolaga baland ovozda gapirmasligingiz, tez-tez tanbeh bermasligingiz kerak. Bundan tashqari, uyda yuqori darajadagi stress, immunitet hujayralariga hujum qiladigan kortizol gormonini ishlab chiqarishni ko‘paytirishi mumkin. Maktab o‘quvchisining psixologik holatini barqarorlashtirishning eng yaxshi usullari bu do‘stlari bilan uchrashish, sevimli mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanish, ota-onalar bilan film tomosha qilish, o‘yin o‘ynash va sayohat qilish kabilardir.

Sog‘lom uyqu va kun tartibi

Maktab o‘quvchilarining organizmi ma’lum ritmlarga moslashadi. Shuning uchun uxlash, ovqatlanish, o‘ynash, yurish va mashq qilish uchun vaqt topish juda muhimdir. Immunitetni yaxshilash uchun bolani yoshligidanoq rejimga ko‘niktirish yaxshiroqdir. Turli yoshlarda ertalab turish, tushlik qilish, uy vazifasini bajarish va yotishga tavsiya etilgan vaqt mavjud. Kichik maktab yoshidagi bola kechqurun soat 21:00 da yotishi va ertalab soat 7:00 da turishi kerak, kattaroq o‘quvchilar keyinroq, soat 22:00 da yotishlari mumkin. To‘liq kunlik dam olish immunitetga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Uyqu paytida bola organizmidagi metabolizm tezroq bo‘ladi, shuning uchun bolalar bu soatlarda yaxshi o‘sadi. Darvoqe, toza havo olish – bu immunitet tizimini kuchaytirishning ishonchli usuli hisoblanadi. Bola kuniga kamida 2 soat ochiq havoda bo‘lishi kerak.

Ovqatlanish ratsioni

Maktab o‘quvchilari orasida pala-partish ovqatlanuvchi bolalarning soni yildan yilga ortib boryapti. Yarim tayyor fasfud taomlar va o‘quv jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan og‘ir yuklama ko‘pincha bolalarga zarur bo‘lgan vitamin va minerallarni ovqatdan olishiga to‘sqinlik qiladi. 7 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan davrda bolaning tanasida bir vaqtning o‘zida o‘sish va o‘rganish vazifalari turganini unutmaslik kerak. Bu esa ota-onadan alohida e’tibor talab etadi.
Shundan kelib chiqqan holda, o‘quvchi immunitetining mukammal bo‘lishi uchun quyidagi sog‘lom ovqatlanish qoidalariga amal qilish lozim hisoblanadi.

  1. Maktab yoshidagi bolalar turli ovqatlarni iste’mol qilishlari kerak. Bolaning kundalik ratsionida taxminan 15 turdagi oziq-ovqat bo‘lishi, bir hafta davomida taomnoma kamida 30 xil ovqatni o‘z ichiga olishi kerak.
  2. Bolaning ovqatlanishida har kuni quyidagi ozuqalar bo‘lishi kerak: go‘sht, sariyog‘, sut, non, yormalar, yangi sabzavot va mevalar, shuningdek, baliq, tuxum, smetana, tvorog va boshqa fermentlangan sut mahsulotlari.
  3. Bola kuniga kamida 4 marta ovqatlanishi lozim. Soat 7:30-8:00 da nonushta (uyda, maktabga ketishdan oldin), 10:30-11:30 da maktabda issiq nonushta, 14:00-15:00da maktabda tushlik yoki uyda 19:00-19:30 da kechki ovqat.
  4. Yodlangan tuzni doimiy iste’mol qilish shart.
  5. Ovqatlanish qulay sharoitda amalga oshirilishi kerak.
  6. Agar bolada tana yetishmovchiligi yoki ortiqcha vazn bo‘lsa, ovqatlanishni sozlash uchun shifokorning maslahati zarur.
  7. Sport bilan shug‘ullanadigan o‘quvchining ovqatlanishi jismoniy mashqlar hajmini hisobga olgan holda tuzatilishi talab etiladi.
  8. Suv ichish rejimiga ham amal qilish kerak.
    To‘g‘ri ovqatlanishni tashkil qilishda birinchi qadam ovqatlanish madaniyatiga rioya qilishdir. Bolaning qanday oziq-ovqat iste’mol qilishi muhim emas, chunki ovqatlanish muvozanatli bo‘ladi. Nonushta, tushlik, kechki ovqat muntazam va jadvalga muvofiq bo‘lishi kerak.
    Bolaning kunlik taomnomasida, yuqorida aytib o‘tganimizdek, sabzavot va mevalar, sut mahsulotlari, ko‘katlar, baliq va go‘sht bo‘lishi kerak. Immunitetni oshirishga tabiiy antioksidant bo‘lgan asal va viruslarga qarshi samarali kurashadigan sarimsoq yordam beradi. Sabzavotlarda folat miqdori ko‘p, bu esa infeksiyalarga qarshi kurashishda muhim ahamiyatga ega. A vitamini bilan boyitilgan sabzi va shirin kartoshkani, sitrus mevalari va brokkoli S vitamini hamda gripp va nafas yo‘llarining yuqumli kasalliklariga qarshi kurashishda yordam beradigan Ye vitaminiga boy yong‘oqlar, albatta, bolalar ratsionida bo‘lishi maqsadga muvofiq. 
Yana o‘qing:  Yangi texnologiya erta qarishning oldini olishda yordam beradi

– Bugungi pandemiya nafaqat kattalar, balki bolalar ruhiyatiga ham salbiy ta’sir etmoqda. Ushbu holatda ota-onalar va o‘qituvchilar nimalarga e’tibor berishsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi?
– Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va YUNISEF tomonidan tibbiyot xodimlari va ota-onalarga hozirgi kasallik avj olgan paytda bolalarni tinchlantirish va himoya kilishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqilgan. Shunga ko‘ra, ota-onalar quyidagi tavsiyalarga amal qilishsa, farzandlari ruhiyatiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarning oldini olsa bo‘ladi.
Birinchi navbatda, bolaning har bir qilayotgan ishiga ijobiy javob bering. Uni nima tashvishga solayotganini biling va uni o‘z muhabbatingiz va e’tiboringiz bilan qamrab oling. Ayniqsa, og‘ir damlarda bolaga e’tibor zarur. Shuning uchun ularga e’tiboringizni odatdagidan ko‘proq qarating. Farzandingizga quloq soling, unga mehr ko‘rsatib, dalda bering. Bolani chalg‘itish uchun turli o‘yin va qiziqarli tadbirlarni qo‘llashga harakat qiling.

Imkon qadar, bolalarni ota-onalari va boshqa oila a’zolaridan ajratmaslik tavsiya etiladi. Agar buning iloji bo‘lmasa (masalan, kasalxonaga yotkizish holatlarida), bolaning oilasi bilan doimiy muloqotini (masalan, telefon orqali) ta’minlash kerak.

Ochiq savollar bering va tinglang
Farzandingizni ushbu pandemiya mavzusini muhokama qilishga taklif qiling. Bu borada nimalarni bilishini so‘rang va javobini tinglang. Vaziyatdan foydalanib, holatni bolaning yoshiga mos keladigan tilda tushuntiring, gigiyena qoidalari to‘g‘risida eslatib o‘ting.
Xavfsiz muhitda ekanligingizga ishonch hosil qiling va bolaga erkin gapirishiga imkon bering. Rasmlar, hikoyalar va boshqa qiziqarli usullar farzandingiz bilan ochiq suhbat qurishga yordam beradi. Eng muhimi, tushkunlikka tushishiga yo‘l qo‘ymang.

Farzandingizga qanday himoyalanish kerakligini ko‘rsating

Bolalarni koronavirus va boshqa kasalliklardan himoya qilishning eng yaxshi usullaridan biri doimiy qo‘llarini yuvishni rag‘batlantirishdir. Qo‘l yuvish qoidalarini o‘rgatish qiziqarli bo‘lishi lozim.
Shuningdek, siz bolalarga yutalganda yoki aksirganda tirsagi bilan og‘iz yoki burunni qanday yopish kerakligini ko‘rsatishingiz mumkin va bu alomatlar mavjud bo‘lgan odamlarga yaqinlashmaslik kerakligini tushuntiring. Boladan isitma, yo‘tal yoki nafas qisilishi bor yoki yo‘qligini sizga aytib berishini so‘rang.

Dalda bo‘ling
Televideniye yoki internet orqali ko‘plab tashvishli videolavhalarni ko‘rganimizda ba’zida qiyin ahvolga tushib qolamiz. Bolalar ekrandagi lavha va ulardagi voqealarni farqlay olmasliklari va xavf ostida ekanliklariga ishonishlari mumkin. Siz farzandlaringizga imkon qadar o‘ynash va dam olish imkoniyatini berib, stressni yengishga yordam berishingiz mumkin. Odatdagi kun tartibiga iloji boricha ko‘proq rioya qiling.
Agar farzandingiz o‘zini yomon his qilayotgan bo‘lsa, u uyda yoki kasalxonada qolishi kerakligini tushuntiring, chunki bu o‘zi va do‘stlari uchun xavfsizdir.

Rahmdillik va saxiylikni o‘rgating

Bolalar mehr va saxiylikni namoyon etib, odamlar bir-birlariga yordam berishini bilishi juda muhimdir. Misol uchun, farzandingizga sog‘liqni saqlash, ta’lim tizimi xodimlari, jamoat xavfsizligini ta’minlayotganlar yoki faol yoshlar haqida gapirib bering. Rahmdil insonlarning koronavirus kasalligiga qarshi qilayotgan sa’y-harakatlarini bilishi unga katta tasalli bo‘lishi mumkin.

O‘zingizga g‘amxo‘rlik qiling

Agar siz o‘zingizga g‘amxurlik qilsangiz, ya’ni kasallikdan o‘zingizni himoyalash choralarini ko‘rsangiz, bolalaringizga eng yaxshi namuna bo‘la olasiz. Farzandlaringiz kasallik haqidagi har qanday yangiliklarga qanday munosabatda bo‘lishingizni taxmin qilishadi. Shuning uchun o‘zingizni xotirjam tutishingiz va vaziyatni boshqarishingiz ularga yordam beradi.

Akmal ERGASHEV
suhbatlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: