O‘quvchingiz «xobbi»sini bilasizmi?
O‘quvchilar o‘rtasida hayotga yengil munosabatda bo‘ladigan, dunyoqarashi tor va yuzaki fikrlaydigan o‘smirlar ham yo‘q emas. Aslida hayot go‘zalligidan
bahramand bo‘lish, uni qanchalar qiziqarli va mazmunli o‘tkazish har bir o‘smirning harakati, intilishi va qiziquvchanligiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Bu borada atrof-muhit, mahalla, murabbiy, ota-ona, qolaversa, keng jamoatchilikning roli katta bo‘lmog‘i lozim.
O‘smirlarning darsdan tashqari biror narsaga qiziqishi – «xobbi»si o‘quvchilik chog‘laridayoq uyg‘onadi. Ularni o‘zlari sevgan mashg‘ulotlaridan zavqlantira bilish, sekin-asta hayot jarayoniga, kundalik turmushga olib kirish, ishtiyoqini oshirish, yo‘l-yo‘riq va ko‘rsatmalar berib borish lozim. Masalan, badiiy va boshqa turdagi adabiyotlarni xarid qilib olish hisobiga shaxsiy kutubxonasini boyitish yoki bo‘lmasa pochta markalari, turli yorliq, nishon va shu kabi o‘zini qiziqtirgan narsalardan kolleksiya to‘plash va ko‘paytirib borish maqsadga muvofiqdir. Yig‘ilgan kolleksiya bir-biridan farq qilishi, o‘xshamasligi, agar ma’lum sohaga yoki mavzuga oid bo‘lsa yanada xarakterli va e’tiborga loyiq bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.
G‘allaorol tumanidagi Mullabuloq qishlog‘ida istiqomat qilgan, marhum Abduqodir Sangirovning uyi kichik muzeyni eslatadi. Bu yerda arab va lotin alifbosida chop etilgan adabiyotlar, gazeta va jurnallar tahlamlari hozirgi kungacha saqlanadi. Qo‘ytoshlik Saidolim Pirmuhamedov bolalik yillarida falaj kasalligiga chalinib, to‘shakda yotib qoladi. Lekin u bir dam ham tushkunlikka tushmasdan tinim bilmay kitoblar mutolaa qilib bordi, ular orqali irodasini tobladi va hayotning naqadar go‘zal va shirin ekanligini angladi. Shaxsiy kutubxonasida ikki mingga yaqin turli adabiyotlar mavjud. Hozirda qishloq ahli uning badiiy kitoblaridan bahramand bo‘lib kelishmoqda.
Shu tumanda istiqomat qiluvchi mehnat faxriylaridan Qo‘nish To‘xtamishev, Anvarxon Ibodullayev va Abdulhakim Shakarboyevlarning har birida 1200-1300 nusxadan turli adabiyotlar mavjud bo‘lib, kitobxonlar ulardan baholi qudrat foydalanib kelishmoqda.
Respublikada hizmat ko‘rsatgan quruvchi O‘rishboy Majidov ko‘pdan turli adabiyotlarni to‘plab keladi. Uning keng va yorug‘ xonadonida 10 mingdan ziyod kitobi bo‘lib, shundan 7,5 mingtasi badiiy adabiyotlar hisoblanadi. Zarbdor tuman Bo‘ston shaharchasidagi «Shodlik» mahalla aholisi bu xonadondagi badiiy asarlardan foydalanib turishadi.
O‘quv dargohimizda tashkil etilgan surat va fotolar ko‘rgazmasini sevmaydigan, undan hayratlanmaydigan o‘smir bo‘lmasa kerak. Bu orqali ularga go‘zallik, matonat, chinakam do‘stlik va baxt-saodat tuyg‘ulari singdiriladi. San’at asari qaysi ko‘rinishda bo‘lmasin his-tuyg‘ularimiz, ruhiyatimizga ta’sir etuvchi ma’naviy go‘zallik sifatida namoyon bo‘ladi.
Kundalik turmushimiz zavqli, go‘zal va rang-barang. Biz o‘quvchilarimizni qanchalik foydali ishlarga undasak, qiziquvchanligini oshira borsak, ularga go‘zallikning ma’lum bo‘lmagan qirralari, sir-sinoatlari namoyon bo‘laveradi. Bolani niholga mengzaymiz. Nihol tuproqdan, suvdan ozuqa olib, baravj rivojlanadi. O‘smir ham atrofdagi go‘zalliklardan bahramand bo‘lib borsa, yaxshi ilg‘ab zavqlana olsa, uni bilim olish va mehnat jarayoniga, kundalik hayotiga olib kirolsa, izlansa, fikr doirasi boyib, kengayib boradi. Bu bilan u kelgusida orzu-maqsadlarining ro‘yobga chiqishiga puxta zamin hozirlagan, ma’naviy olamini boyitib borgan bo‘ladi. Biz, pedagoglar o‘quvchilarimizni ana shunday foydali yumushlarga jalb qilsak, da’vat etsak oldimizdagi burchimizni og‘ishmay bajargan bo‘lamiz.
Marg‘uba MAHMUDOVA,
G‘allaorol tumanidagi 22-umumta’lim
maktabining oliy toifali o‘qituvchisi