NURLI MANZILLARGA ELTUVCHI MAYOQ

Kitob – tafakkur bulog‘i. Yoshlarimiz qancha ko‘p mutolaa qilsa, shuncha ilm oladi, dunyoqarashi boyiydi, hayot haqiqatini teran anglaydi. Oqni qoradan ajratadi. Mehr-oqibat, bag‘rikenglik, oqibatli bo‘lish kabi tushunchalarning mag‘zini chaqadi.

Bugungi globallashuv asrida kitobning o‘rni yanada bilinmoqda. Yoshlarning zamonaviy texnologiyalardan ko‘p foydalangani sababli, kitob o‘qishga qiziqishi ancha susaydi. Ular o‘rtasidagi janjallar, noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolish ham o‘qimaslik ortidan kelib chiqmoqda. Shu o‘rinda bir jihatga e’tibor qaratishimiz lozim: yoshlarimizning texnikaga qiziqishi maqtovga loyiq. Sababi, kompyuter texnologiyalarini puxta egallash zamon talabidir. Ammo u kitobning o‘rnini bosolmaydi.
Ta’lim-tarbiya jarayonida mutolaaning ahamiyati katta. Sababi, ko‘p o‘qigan inson birovga yomonlikni ravo ko‘rmaydi. Haq gapni aytadi. Boshiga qilich kelsa-da to‘g‘ri so‘zlaydi. E’tiqodi, Vatanga bo‘lgan muhab­bati kuchli bo‘ladi. Atrof­dagilarga qo‘lidan kelguncha yaxshilik qiladi.
Hajmi kichik bo‘lsa-da mazmuni bir olam ma’no beruvchi kichik asarlar ham, tom-tom kitoblar ham – har bir ijod mahsuli ezgulikning g‘alabasi, yaxshilik insonga saodat keltirishi, mehnat, o‘qish kelajakda o‘z o‘rnini topishida asosiy vazifani o‘tashi, egrilikning oxiri voyligidan so‘zlaydi. Mutolaa qilib, mazmunini teran anglagan borki, saodat yo‘lidan adashmaydi.
Shuningdek, biz, ustozlarning vazifamiz yoshlarni kitob­ga qiziqtirishdir. O‘qituvchi sinfdan tashqari o‘qish mashg‘ulotlarida o‘quvchilar bilan o‘qigan asarini muhokama qilishi maqsadga muvofiqdir. Bolani kitobga qiziqtirishda ota-onaning ham o‘rni muhim. Ota-ona kitobxon bo‘lsa, farzand ham kitobxon bo‘ladi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda kitobxonlikka katta e’tibor qaratib kelinyapti. Turli tanlovlar o‘tkazilib, g‘oliblar munosib rag‘batlantirilmoqda. Bu yoshlarimizning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshiryapti.
Umuman, kitob – bu o‘zlik, yo‘limizni yorituvchi mayoq. Qancha ko‘p mutolaa qilsak, o‘zimizni shuncha anglab, nurli manzillar sari dadil boraveramiz.

Nargiza IRISBOYEVA,

Namangan viloyati, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi

Yana o‘qing:  Paralimpiyachilarimizning zafarli odimlari

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: