Uchinchi Renessansning birinchi halqasi

yoxud maktabgacha ta’lim tizimiga yangicha yondashuv

Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida ulkan islohotlar olib borilmoqda. Ayniqsa, mamlakatimiz kelajagi va ravnaqida muhim o‘rin tutadigan maktabgacha ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, bu tizim jamiyatning birlamchi va eng muhim bo‘g‘inidir.

Farzandlarimiz 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan davrda oladigan barcha ma’lumotlarning 70 foizini o‘zlashtirishi mutaxassislar tomonidan tasdiqlangan ekan, demak ta’lim tarbiyaning asosi va poydevori bu maktabgacha ta’lim va tarbiyadir.

Bu tizim so‘nggi yillarda Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tufayli bolani qarab, boqib turadigan tashkilotdan haqiqiy ta’lim-tarbiya maskaniga aylandi.

Davlatimiz rahbarining sohaga oid qabul qilgan qaror va farmonlari natijasida chekka qishloqlarda ham yangi zamonaviy bog‘chalar barpo etilib, qisqa vaqt ichida maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 3 barobarga oshdi. Eng muhimi, bolalarni qamrab olish ko‘rsatkichi 28 foizdan 54 foizga yetdi.
Sohaga davlat-xususiy sheriklik mexanizmi joriy etilishi tufayli 223 mingdan ortiq o‘ringa ega bo‘lgan 7 ming 400 ta xususiy bog‘cha tashkil qilindi. Bu maqsadlar uchun 1 trillion 850 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari yo‘naltirilib, 20 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.
Prezidentimiz 1 oktyabr – Ustoz va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirida barcha ta’lim tizimi jonkuyarlari uchun zarur vazifalarni belgilab berdi. Yangi O‘zbekistondagi bo‘lg‘usi Renessansning birinchi halqasi maktabgacha ta’lim-tarbiya maskanlari, birinchi ustuni tarbiyachilar, deb e’tirof etdi.
Shu o‘rinda bugungi kunda bir necha ming farzandlar taqdiriga daxldor xalq noibi sifatida bir qator takliflar bildirmoqchiman.

Birinchidan, tegishli vazirlik va idoralar barcha imkoniyatlardan unumli foydalangan holda davlat xususiy sherik­lik tizimini rivojlantirib, nodav­lat sektorning ulushini oshirish kerak.
Ikkinchidan, avval bog‘cha bo‘lib faoliyat yuritgan va bugungi kunda boshqa tashkilotlar balansiga o‘tib ketgan binolarni xatlovdan o‘tkazib, maktab­gacha ta’lim tashkiloti bo‘lib qaytadan faoliyat yuritishini ta’minlash, ayniqsa, 2 yoki 3 guruh bo‘lib faoliyat yuritayotgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarini davlat dasturi asosida rekonstruksiya qilish, qo‘shimcha binolar qurish hisobiga quvvatni ko‘paytirish choralarini ko‘rish lozim.
Uchinchidan, Maktabgacha ta’lim vazirligi huzurida tashkil etilgan Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi maktabgacha ta’lim tizimi ob’yektlarini qurish, kapital ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va jihozlash bo‘yicha buyurtmachi sifatida hududdagi bog‘cha yoshidagi bolalar soniga muvofiqlashtirilgan, ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan loyiha ishlarini tashkil etishda katta mas’uliyat bilan yondashish zarur.

Shuningdek, mahalliy kengash deputatlari maktabgacha ta’lim muassasasi mavjud bo‘lmagan hududlarda yangi ta’lim tashkilotlarini qurish uchun har yilgi qabul qilinadigan davlat dasturiga taklif kiritishi hamda mahalliy byudjet mablag‘lari taqsimlanishida mazkur hududlarga alohida e’tibor qaratishlari maqsadga muvofiqdir.

Tuman, shahar hokimlari xususiy bog‘cha ochish istagini bildirgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashi, mazkur vazifalar ijrosida faol ishtirokchi bo‘lish­lari g‘oya muhimdir. Zero, bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 100 foiz qamrab olish, bog‘chalar uchun bilimli pedagoglar, yetuk kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishning amaldagi tizimini jahon talablariga javob beradigan darajaga yetkazishimiz eng muhim vazifalardan biridir.

Xulosa qilib aytganda, Uchinchi Renessansning poydevorini yaratish uchun bizga kichik Xorazmiy, Beruniy, Termiziy, Moturidiy, Navoiylar tarbiyalaydigan ta’lim maskanlari kerak. Bu yuksak marrani zabt etishga ma’rifatga «iligi tuq» xalqimiz, ilm-fan, ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun barcha kuch, mablag‘ va imkoniyatimiz bor.

Shahnoza XOLMAHAMATOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Yana o‘qing:  «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi: faoliyat qisqa satrlarda

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: