Shaxmatchilarimiz muvaffaqiyati
Hindistonning Chennay shahrida shaxmat bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasida davom etayotgan “Women Grand Master Chess Tournament – 2013” xalqaro turniri qizg‘in pallaga kirdi.
Xalqaro shaxmat federatsiyasi – FIDE qoidalari asosida o‘tkazilayotgan nufuzli musobaqada mezbonlardan tashqari O‘zbekiston, Armaniston, Bangladesh, Gruziya, Malayziya, Rossiya va Serbiyadan yuz nafar shaxmatchi g‘oliblik uchun kuch sinashmoqda.
Turnirning oltinchi turidan so‘ng beshtadan ochko jamg‘argan besh nafar grossmeyster peshqadamlik qilayotir. Ular orasida hamyurtimiz Nafisa Mo‘minova ham bor. Musobaqada mag‘lubiyatsiz o‘ynayotgan iste’dodli grossmeysterimiz turnir davomida mezbonlardan Vi Toshali, Yuy Ashvini, Maxa Lakshmi hamda Manisha Kiran ustidan zafar quchdi. Nafisa yana bir yosh shaxmatchimiz Gulruhbegim Tohirjonova hamda mezbonlar vakilasi Monisha Gek bilan durang o‘ynadi.
Yettinchi turning markaziy uchrashuvida Nafisa Mo‘minova rossiyalik grossmeyster Inna Ivaxinova bilan bahslashadi.
FIDE ustasi Gulruhbegim Tohirjonova esa hindistonlik Kristal Fernandes, Divya Garg, malayziyalik Tan Li Tingni mag‘lubiyatga uchratdi va mezbon shaxmatchi Sumya Svaminatan bilan durang o‘ynadi. Olti imkoniyatdan to‘rt ochko jamg‘arib, peshqadamlarni ta’qib etayotgan hamyurtimiz keyingi partiyani gruziyalik Maka Purtseladzega qarshi o‘tkazadi.
O‘zA.