O‘zbegimning o‘zligisan, buyuk tilim!
Ona tilim, onam aytgan allam o‘zing,
To‘ylardagi yor-yorlar-u yallam o‘zing,
Yuraklarga jon bag‘ishlar shirin so‘zing,
Mehribonim – onamdayin suyuk tilim,
O‘zbegimning o‘zligisan, buyuk tilim!
Bobolarim do‘mbirasin qo‘lga olib,
Alpomish-u Go‘ro‘g‘lini esga solib,
Kuylay ketsa, keng jahonni lol qoldirib,
Baxshi bobom dostoniday suyuk tilim,
O‘zbegimning o‘zligisan, buyuk tilim!
Sen – o‘g‘ilning onasiga yozgan xati,
Qog‘ozlarda qolib ketgan muhabbati,
Qaro ko‘zlar dilidagi haqiqati,
Otam qilgan duodayin suyuk tilim,
O‘zbegimning o‘zligisan, buyuk tilim!
Qalb quvonar, senga ash’or bitgan chog‘im,
Minbarlarda ta’rifingni aytgan chog‘im,
Ko‘z tegmasin, qadab qo‘yay ko‘zmunchog‘im,
Navoiyning qalamiday suyuk tilim,
O‘zbegimning o‘zligisan, buyuk tilim!
Nargiza SULTONOVA