YUZ TERISI UCHUN FOYDALI QAYSI MAHSULOTLAR TAOMNOMADA BO‘LISHI ShART?
Odatda, yuz terisi parvarishi uchun qimmatbaho kremlaru zardoblar tavsiya etiladi. Biroq bu ishni juda arzonga ham bajarish mumkin. Qanday qilib deysizmi? Hamma gap ovqatlanish ratsionini to‘g‘ri tashkil etishda! Kundalik taomnomada sevib iste’mol qilinadigan mahsulotlarning foydasi ham zarari ham yuz terisida aks etadi. Shunday ekan, ular to‘g‘ri tanlanishi shart.
Qichitqi o‘t
Bu o‘simlik terini kuchli ta’sirlantirishi rost. Ammo choy yoki suyuq taomlarga ziravor sifatida ishlatilganida yuz terisi uchun foyda qiladi. Qichitqi o‘t tarkibida yallig‘lanishga qarshi birikmalar bo‘lib, u yuz terisini tinchlantirib, husnbuzarlar bilan kurashishda yordam beradi.
Suli
Nonushtaga sutda tayyorlangan suli bo‘tqasi iste’mol qilinsa, yuz terisining rangi yaxshilanadi. Teri tonusi ortishi ham bor gap. Sulidan tayyorlangan niqoblar esa terini oqartirish xususiyatiga ega.
Rezavor mevalar
Qorag‘at, shotut kabi to‘q rangli rezavor mevalar teri kataklarini tozalaydi. Bundan tashqari ular tarkibidagi ozuqaviy tolalar yengil tamaddi uchun ayni muddao bo‘lib, qorinni to‘q tutadi.
Yalpiz
Kundalik hayotda faqat pamil choy ichishga odatlangan bo‘lsangiz, ora-chora ko‘k choy ichib turing. Ayniqsa, yalpiz qo‘shilgani yuz terisi uchun foydali sanaladi. Bilasiz, yalpiz tinchlantiruvchi, yallig‘lanishga qarshi xususi- yatlari bilan mashhur. Shuningdek, yalpizli choy hazm faoliyatini yaxshilaydi, immunitetni mustahkamlaydi. Asosiysi, yuz terisi rangini oqartiradi.
Yong‘oq
Mineral moddalar, sink, selen yetishmovchiligi yuz terisida
husnbuzar paydo bo‘lishiga olib keladi. Bunday bo‘lmasligi uchun vaqti-vaqti bilan yong‘oq iste’mol qilib turish kerak. Ayniqsa, dumaloq yong‘oq, quritilgan qovoq urug‘i organizm va teri holati uchun foydali.
Pomidor
Qizil poliz ekini tarkibida S vitamini mo‘l bo‘lib, u kollagen ishlab chiqarilishida ishtirok etadi. Shuningdek, likopin qizil pigmenti organizmdagi muhim almashinuv jarayonlarida ham ishtirok etadi. Unutmang! Agar sizda oziq-ovqat mahsulotlariga allergiya bo‘lsa, pomidor bilan do‘stlashmang. Sababi ushbu mahsulot yuz terisi va og‘iz bo‘shlig‘ida turli xil allergik reaksiyalarni paydo qilishi mumkin.
Qizg‘ish uzum
Aniqrog‘i uning danagida ko‘p miqdorda antioksidantlar va kimyoviy birikmalar bor. Ular teri yallig‘lanishi kasalliklari bilan kurashadi. Agar sizni husnbuzar toshishi, yuz terisining noodatiy qizarib qolishi, achishishi, haddan tashqari quruqlashishi bezovta qilsa, taomnomaga qizg‘ish uzumni qo‘shing. Yana bir gap, bu uzum navi angitistamin xususiyatiga ham ega bo‘lib, allergik toshmalarning oldini oladi.
Qizil lavlagi
Yuz terisi tozaligiga e’tiborli bo‘lsangiz, qizil lavlagi qo‘shilgan salat va yeguliklar yoki uning sharbatini iste’mol qiling. A va Ye vitaminlari,
kaliy, magniy, natriyga boy bo‘lgan qizil lavlagi yuz terisi kataklarini a’lo darajada tozalaydi. Shuningdek, u ichaklar faoliyatini yaxshilashi bilan ham foydali. Bilasiz, ichaklarda muammo bo‘lmasa, yuz terisi tiniqligini yo‘qotmaydi. Qizil lavlagi qonda xolesterin miqdorini kamaytiradi. Anglaganingizdek, u nafaqat go‘zallik balki salomatlik uchun ham foydalidir.
Dukkakli o‘simliklar
Sog‘ligimda muammolar bo‘lmasin desangiz oqsil miqdoriga e’tibor bering. U ayniqsa, dukkakli o‘simliklarda ko‘p bo‘ladi. Qizil loviya, esmiq doni, no‘xot, grechiha – ushbu mahsulotlar organizmni oqsilga to‘yintiradi. Bundan tashqari, dukkaklilar vitamin va mikroelementlarga boy bo‘lib, ichaklarni tiqinlardan tozalashda asqatadi.
Sarimsoqpiyoz
Bu sabzavot tarkibida allitsin nomli modda bo‘lib, u organizmga tushgach, immunitetni mustahkamlaydi. Asosiy vazifasi esa yallig‘lanish jarayonlari, xususan, teri muammolari bilan kurashishdir. Bundan tashqari, sarimsoqpiyoz kuchli antioksidant hisoblanadi. Metabolizmni tezlashtirishni istaganlar sarimsoqpiyoz qo‘shilgan salat va yeguliklarni kanda qilmasliklari lozim.
Unutmang! Oshqozon va o‘n ikki barmoq ichak yarasi, shuningdek, og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklarida sarimsoqpiyoz tavsiya etilmaydi.
Tvorog
Oqsil va kalsiyga boy bo‘lgan mahsulot yuz terisini oqartirishda tengsiz hisoblanadi. Nonushtaga 100 grammdan tvorog iste’mol qilishga odatlansangiz, yuz teringiz sizdan minnatdor bo‘ladi.
Dildora YUSUFBEKOVA tayyorladi.