ZANJABIL VIRUSLI XASTALIKKA HAM DAVO(MI?)
Zanjabilsimonlar oilasiga mansub bu ko‘p yillik o‘simlikning vatani Janubiy Osiyo bo‘lib, hozir Xitoy va Hindiston, Indoneziya va Avstraliya, G‘arbiy Afrika, shuningdek, Yamayka va Barbados orollaridagi tropik va subtropik hududlarda o‘stiriladi. Zanjabil sanskritchada “shoxli ildiz” degan ma’noni anglatadi va “universal dori vositasi” sifatida keng qo‘llaniladi.
Zanjabil Yevropaga o‘rta asrlarda savdogarlar tomonidan olib kelingan hamda undan ziravor va dori-darmon sifatida foydalanilgan. Xususan, o‘latning oldini olishda asosiy dori vositasi hisoblangan. Abu Ali ibn Sino “Tib qonunlari” asarida ko‘plab xastaliklarni davolashda qo‘llanadigan malhamlarni tayyorlashda ular tarkibiga zanjabil qo‘shish lozim, deb yozgan.
15-asrda yashab ijod etgan Yusuf Muhammad ibn Yusuf at-Tabib al-Xaraviy “Xayrli kishilarga foydalar” asarida zanjabil haqida ancha mukammal ma’lumot beradi:
Tomirsiz zanjabil bo‘lsa qo‘lingda,
Eski bo‘lmay, yangi bo‘lsa u biroq,
Qorinda yig‘ilgan yellarni haydar,
Yuz falaji sholga foydadir har choq,
Har kim undan har kun iste’mol qilsa,
Quvvati oshadi shubhasiz, mutlaq.
16-asrda yashab ijod etgan Hakim Davoiy al-G‘iloniy ham “Insonlarga foydalar” asarida zanjabil haqida kengroq ma’lumot beradi:
Jigaru miyadan tiqilma ochar,
Sababi balg‘amdir, illat tez qochar.
Boshga soz, ko‘z esa zulmati kamdir.
Bosh og‘riq quvilar, laqvaga qadar,
Me’dadan ho‘llik ham quvilar badar.
Tarkibi
Zanjabilning ildizi dorivor bo‘lib, tarkibida 1,5 foizdan 3 foizgacha efir yog‘lari, 70 foizgacha organik kislotalar, noyob aminokislotalar bor. Vitaminlardan S, A, D, V1, V2, V3, V4, V6, V12 darmondorilari mavjud.
Bulardan tashqari kaliy, fosfor, magniy, temir, mis bor.
Xususiyatlari
Jigarni tozalab, undan zaxarli moddalarni chiqarib yuboradi.
Jigarni har yili bir-ikki marta tozalash zarur. Bu hayotiy muhim a’zo qonni filtrlab turadi va qon-tomir tizimidan zararli va zaharli moddalarni chiqarib yuborish uchun xizmat qiladi.
Zanjabilli choy ichilganda undagi zanjabil va dolchin birikmasi jigarni himoyalab, tozalab turadi, buning natijasida u tozalanib, yengil tortadi va o‘z vazifasini faol bajarishga o‘tadi.
O‘t pufagiga foydasi
Agar o‘t pufagingizda tosh paydo bo‘lgan bo‘lsa, bu choydan muntazam ichib yuring, bu nafaqat jigaringizni himoyalashda yordam qiladi, balki shu bilan bir qatorda o‘t pufagingizni ham sog‘lomlashtiradi.
Organizmni ichdan qizdiradi
Bunday qaynoq choy ichilganda qizdiradi va sovuqdan himoya qiladi, shuning uchun sovuq va nam havoli kunlarda ichish ayniqsa yoqimli.
Zanjabil organizmni qizdiruvchi ta’sirga ega, ortiqcha kaloriyaga ega bo‘lgan keraksiz energiyani chiqarib yuboradi, tanada me’yordagi haroratni saqlashga yordam beradi.
Ovqat xazm qilishni yaxshilaydi
Ovqat hazm qilishda muammosi bo‘lgan kishilar oshqozon-ichak yo‘llari faoliyatini yaxshilash maqsadida bu choydan ichishlari mumkin.
Bu choy badanni yaxshigina qizdiradi, ichki a’zolardagi shamollashlarni oladi, qorin dam bo‘lishidan hamda yeldan xalos etadi.
Immun tizimini mustahkamlaydi
Zanjabil ayniqsa kaliy, fosfor va vitamin S ga boy, bu moddalar immunitetni mustahkamlashda, gripp va shamollash viruslariga qarshi kurashda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, erkaklik quvvatini oshiradi.
Aterosklerozda, yog‘lar va xolesterin almashinuvi buzilganda qon tomirlar holatini me’yorga soladi. Bosh og‘rig‘ida, yelkada og‘riqlar paydo bo‘lganda, surunkali bod xastaligida undan kompress qilinadi. Artrit hastaligida xam shifo bo‘ladi.
Zanjabil – aromaterapiyada keng qo‘laniladi. Asab va ruhiy zo‘riqishlar va, ayniqsa, virusli kasalliklarni davolashda yaxshi muolaja hisoblanadi.
Issiq ingalyasiyalar, vannalar, badanga surtish, uqalash va iste’mol qilish zarur bo‘lganda ham uning efir moylaridan foydalaniladi.
Ovqat hazmi buzilishidan hosil bo‘lgan ich ketishini to‘xtatadi.
Tovuq tuxumi sarig‘i bilan birga yeyilsa, maniyni ko‘paytiradi va uning quyuqligini isloh qiladi.
Zanjabilni og‘izga solib so‘rilsa, me’dada balg‘am yig‘ilishi oqibatida hosil bo‘lgan tashnalikni bartaraf etadi.
Bobomiz Abu Ali ibn Sino zanjabilning xosiyatlari ustida to‘xtalib, uning yurakka quvvat berishi, qusishni to‘xtatishi, ich ketishini qoldirishini aytib o‘tgan.
Tuyib elaklangan talqoni tabobatda jigar, yurak, me’da xastaligini davolashda ishlatiladi ( choynakda asal bilan aralashtirib ichiladi).
Ayollarda homiladorlikdagi ko‘ngil aynishi, organizmning turli xil shamollashlari oldini oladi. Sovuq kunlarda – tumovning ko‘payishi mavsumida immunitetni kuchaytiradi. Qaynoq sut yoki choyga bir oz zanjabil ildizidan qo‘shib ichish inson sog‘ligi uchun benihoyat foydali.
Hozirgi zamon tibbiyoti ilmiy tadqiqotlari har xil shamollashlar, gripp kasalligi asoratlari va onkologik hamda yurak kasalliklari oldini olishda bu shifobaxsh giyoh ildizi muhim rol o‘ynashini tasdiqlamoqda.
Inson hazm a’zolari, dengiz kasalligi, avtomobilda yoki samolyotda ayrim kishilarda bo‘ladigan bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, qayd qilish, terlash kabi xastaliklarning oldini olish uchun ishlatiladigan zamonaviy “Dramamin” dorisidan hech qanday kamchiligi yo‘qligi, undan qolishmasligini mutaxassislar ta’kidlashmoqda.
Zanjabil bilan choy bir bo‘lganda to‘qimalarni makon qilgan yog‘lar darhol issiqqina joylarini tark etishadi.
Bunday choy odamni tetiklashtirib, mushaklardagi yog‘ qatlamlarining erishini tezlashtiradi. Bundan tashqari, zanjabilli choy organizmdan ortiqcha suvni haydaydi.
Zanjabil atir-upa sanoatida ham foydali xomashyo sifatida nixoyatda qadrlanadi.
Oziq-ovqat sanoatida konditer mahsulotlarini ishlab chiqarishda va pazandachilikda ba’zi ovqatlarga (pishish oldidan) maydalangan holda ziravor sifatida qo‘shib ishlatiladi.
O‘t tosh kasalligida: bir dona olxo‘ri qoqiga ozroq zanjabil sharbati qo‘shib qaynoq suv bilan ichiladi.
Yo‘talda: yangi sog‘ilgan sutga qirg‘ichdan o‘tkazilgan zanjabil qo‘shib ichilsa, yaxshi muolaja bo‘ladi.
Semirishda: yangi yanchilgan zanjabilli choy yaxshi yordam beradi hamda zanjabil isi ishtahani yo‘qotadi.
Yaponlar esa dasturxonga marinadlangan zanjabilni guruch va baliq bilan birga qo‘yadilar, chunki u tozalovchi, immunitetni oshiruvchi, mikroblarga qiron keltirish xususiyati bilan sarimsoqdan qolishmaydi.
– Bir bo‘lak zanjabil tomoqdagi anginaga, tish og‘rig‘iga ham shifo bo‘ladi.
– Zanjabil taomlar hazmini me’yorga soladi, organizmni zaharli moddalardan tozalaydi. Buning uchun qirg‘ichdan chiqarilgan zanjabilni limon sharbati va ozgina tuz qo‘shib, ertalab nonushtaga qadar ise’mol qilish kerak. Zanjabilning qo‘llanish doirasi shu qadar kengki, shu bois uni haqiqiy mo‘jizaviy dori, deb atashadi.
Zanjabilli choy tayyorlash usuli quyidagicha: qirg‘ichdan yangi chiqarilgan uch choy qoshiq zanjabil ildizi 100 ml. suv yoki sutga solinib, qopqog‘i zich yopilgan emalli idishda past olovda 10 daqiqa qaynatiladi. So‘ng 5-10 daqiqa dimlab qo‘yiladi hamda asal va limon qo‘shib issig‘ida ichiladi.
– Maydalab kesilgan yoki nafis bo‘laklangan zanjabil ildizini choykakka solib, ustidan qaynab turgan suv quyiladi va biroz damlanadi. So‘ngra limon va asal qo‘shib ichilsa, juda xushta’m bo‘lishdan tashqari, nihoyatda foydali hamdir.
– Zanjabil sabzavot va mevalarni marinadlashda ishlatiladi. Go‘sht dimlanganda go‘sht xushbo‘y bo‘ladi va mayinligini saqlaydi. Bir kilogramm xamir yoki bir kilogramm go‘shtga bir gramm zanjabil solish kifoya.
Zanjabilli choyni ichib bo‘lmaydigan holatlar: Zanjabil oshqog‘onni ko‘p kasalliklaridan himoya qilsa ham, ovqat hazm qilish a’zolarida muammosi bor kishilarga bunday choy ichish tavsiya etilmaydi, chunki zanjabil qo‘zg‘atuvchi moddadir. Shuningdek, uni ichish homilador ayollarga, bolalarga va kuchli antikoagulyant dorilar qatoriga kiruvchi aspirin, varforin, tiklopidin yoki geparin kabi dori-darmonlar ichib yuruvchi kishilarga tavsiya etilmaydi. Zanjabilni ichishdan oldin shubha tug‘ilsa, davolovchi shifokor bilan maslahatlashish lozim.
Xolida OCHILOVA,
Oliy toifali shifokor-endoskopist