IJTIMOIY IZOLYaSIYa: Masofa saqlash, qarindoshlarni yo‘qlash va toza havoga chiqish borasida mutaxassis maslahatlari
Ayni paytda ba’zi do‘konlarda, dorixonalarda 1,5-2 m. qilib belgilangan navbat kutish masofalarini ko‘ryapmiz. Ma’lumki bu tartib virusdan himoyalanishga yordam beradi. Hozirda boshqa bir qator mamlakatlarda ham oraliq masofa saqlash qat’iy belgilangan. Umuman, chiziq tortilmagan bo‘lsa ham jamoat joylarida odamlar o‘zini va yaqinlarini xavfli virus yuqishidan asrash uchun bir-biriga yaqin kelmasligi shart. Unutmang, COVID-19 yoshi kattalar uchun xavfli deyilmoqda, lekin yoshlar bundan butunlay holi degani emas.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, ijtimoiy masofalanish – koronavirus tarqalishining oldini olishda eng muhim chora. Bugungi kunda aksariyat yurtdoshlarimizni qiziqtirayotgan karantin vaqtida masofa saqlash, qarindoshlarni yo‘qlash, bolalarni sayr qildirish haqidagi savollarga shifokor-terapevt Gulbahor QODIROVA javob berdi.
Ijtimoiy masofalanish nima?
Oddiy qilib aytganda, bu odamlar orasidagi munosabatni cheklash, kamida 2 m. atrofida masofa saqlashdir. Bundan tashqari, jamoat transportlaridan foydalanmaslik, uydan turib ishlash, ommaviy tadbirlar va odamlar ko‘p yig‘iladigan joylarga, hatto qarindoshlarnikiga mehmonga bormaslik – bularning barchasi ijtimoiy masofalanishga kiradi.
Iloji boricha, yoshlar ham ijtimoiy masofalanishga rioya qilishlari kerak. Hatto inson o‘zi kasal yuqtirganini bilmagani holda ham uni boshqalarga yuqtirib yuraveradi. Shuning uchun infeksiya tarqalishining davom etishiga sababchi bo‘lmaslik, katta yoshdagi qarindoshlarini asrash maqsadida ham har bir fuqaro ijtimoiy masofalanishi juda muhim.
Bolalarni toza havoga olib chiqish mumkinmi?
Albatta. Faqat ko‘chada odam bo‘lmaganda bolani yaqin bog‘ yoki maydonchaga toza havoga olib chiqish mumkin. Keksalar va o‘rta yoshli odamlar ham shaxsiy tomorqasida jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullansa bo‘ladi. Yosh bolalar nazorat ostida uy oldida velosiped haydashi, sayr qilishi mumkin.
Asosiy maqsad uyda o‘tirish emas, balki boshqalar bilan yaqin aloqani cheklash. Zarur narsalarni xarid qilish yoki dorixonaga borish uchun uydan tibbiy niqoblar va boshqa gigiyenik vositalar bilan himoyalangan holda chiqish kerak. Uyni tark etganda, yoningizda antiseptik gel yoki spirt olib chiqing. Qo‘l tekkizish mumkin bo‘lgan yuzalarni arting, qo‘llaringizni spirtli eritma bilan tozalang. Ammo yuzingizga qo‘lingizni tekkizmang. Eng asosiysi, uyda bo‘lganda ham qo‘lingizni tez-tez sovunlab yuvib turing. Ayniqsa, ko‘chadan qaytganingizda, ovqatlanishdan oldin yoki yoshi kattalar va kichiklar bilan muloqot qilishdan oldin bu juda muhim.
Do‘konga borsa bo‘ladimi?
Ha. Lekin qatnovni kamaytirish uchun bir vaqtning o‘zida iloji boricha ko‘proq mahsulot xarid qiling va kamroq odam bo‘ladigan vaqtda boring.
Har qanday jihozning yuzasida virus bo‘lishi mumkinligini esdan chiqarmang. Savatchalar va aravaning dastasini ushlashdan oldin ularni dezinfeksiya qiladigan salfetka bilan arting. Sabzavot va mevalarni saralaganda qo‘lingizga polietilen paket kiyib oling. Xarid vaqtida telefoningizga tegmang.
Qarindoshlar va oila a’zolari ko‘rgani kelsa-chi?
Bu oila a’zolari orasidagilarning yoshi va salomatligiga bog‘liq. Agar ular orasida salomatligi zaiflar bo‘lsa, unda muloqotni cheklash shart. Ularni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘ng‘iroq qilib yoki videomuloqot orqali ahvollaridan xabar olib turing.
Agar farzandingizning koronavirusga taalluqli bo‘lmagan kasalligi bo‘lsa, ularning uyda bo‘lgani ma’qul. Agar ular sog‘lom bo‘lsa, daladagi mashg‘ulotlar, masalan, velosiped haydash bilan shug‘ullansa bo‘ladi.
Bolalarning og‘izlari, burunlari va yuzlariga ko‘p teginishlarini hisobga olib, ular bolalar maydonchalariga o‘ynagani chiqishsa, o‘yin davomida tegishi mumkin bo‘lgan har qanday yuzalarni avval dezinfeksiya qiling. Bolalarda koronavirus og‘ir kechmaydi, lekin ular uyga qaytib katta yoshdagilarga virus yuqtirishlari mumkin. Ularning qo‘llarini tez-tez sovunlab yuvib turish shart.
Onlayn muloqot:
uning nafi bormi?
Oila a’zolari va yaqinlar bilan aloqada bo‘lish har qachongidan ham muhim bo‘lishi mumkin. Odamlar stress holatida bir-birini tinchlantiradi. Uzoq muddat yaqinlar bilan ko‘rishmaslik kishining ruhiy ahvoliga yomon ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
“Ijtimoiy masofalanish” ijtimoiy izolyasiya degani emas. Texnologiyalar vositasida odamlar ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va video orqali aloqada bo‘lishi mumkin. Shunday qilsangiz, virusdan himoyalangan bo‘lasiz. Uzoqdagi yaqinlaringizning ham ko‘ngli xotirjam bo‘ladi.
Manzura BEKJONOVA
yozib oldi