Haqiqatan «…RADDI BALOmi?» yoxud isiriq haqida nimalarni bilamiz?
Beqiyos tabiatning insoniyat salomatligi uchun tortiq etgan serhislat giyohlaridan biri isiriq hisoblanadi. Xalq tabobati amaliyotida keng qo‘llanib kelayotgan isiriqning shifobaxsh xususiyatlarini ta’rif etib tugatish qiyin.
Bundan ming yillarcha muqaddam mashhur yunon tabiblari Jolinus hakim (Klavdiy Galen-eramizning 130- 200 yilarida yashagan) va Diskardus (Diskorid-eramizning I asrida yashab ijod etgan) lar tomonidan isiriq atroflicha ta’riflanib, shifobaxsh xususiyatlari ko‘rsatib o‘tilgan edi.
Buyuk tabib Abu Ali ibn Sino bir qator xastaliklarni davolashda isiriqqa murojaat etgan. Jumladan, uni quymich asablari (nerv tolalari) shamollashida, tizza va suyaklar qaqshab og‘rishida, kuchli peshob haydovchi omil sifatida foydalanishni tavsiya etgan.
Abu Rayhon Beruniy o‘zining “Kitob as-saydana fi-t-tib” asarida isiriq bilan bog‘liq bo‘lgan qiziqarli ma’lumot keltiradi. Unda bayon qilinishicha, isiriqdan tayyorlangan qaynatma bezgakka davo ekan. Agar o‘simlikning sut-shirasi bir tutam paxta yoki jun matoga shimdirilib, o‘n kun davomida quritilgach, qichima azob berayotgan joyga bog‘lansa, foydali bo‘ladi.
Isiriq tuyatovondoshlar oilasiga mansub bo‘lib, bo‘yi tizza barobar, umumiy gardishi bir metrga yetadigan sershox, quruq sharoitga moslashgan, uzun o‘q ildizi ko‘p yillik o‘t o‘simlik. Erta bahorda tez mavjlanib, gurkirab o‘sadi. O‘ziga xos badbo‘y hidi bo‘lib, mazasi taxir, ta’sirchan zahari bo‘lganligi tufayli hayvonlar yemaydi. Barglari 4-5 bo‘lakka ajralgan, barg uchlari nashtarsimon o‘tkir. O‘simlik may oylarida chaman bo‘lib gullaydi. Oq, sarg‘ish gullari o‘zgacha gashtli va fusunkor, iyun oylarida pishuvchi mevasi uch chanoqli, ochiluvchi ko‘sakcha bo‘ladi.
Isiriq Markaziy Amerikaning bir qator joylarida, Ovruponing janubi, Turkiyadan Mo‘g‘ilistongacha bo‘lgan maydonlarda uchraydi. U mamlakatimizning cho‘l va adirlari, yalangliklar, toshloq yerlar, ayniqsa, Qizilqum, Qoraqum, Sulton Uvays tog‘ etaklarida o‘sadi. Shuningdek, O‘zbekistonning Sirdaryo, Buxoro, Samarqand, Namangan viloyatlarida uchratish mumkin. Ma’lumotlarga qaraganda, isiriq unishi Forish dioparasida 800-1000, Sirdaryo viloyatida 400-500 gektarga yetadi. Hosildorlik esa gektaridan quruq massa hisobida 7-9, urug‘ hisobida 4-10 sentnerni tashkil etadi. Demak, bizning davlatimiz serxosiyatli isiriqning manbai ekan.
Isiriqning tarkibi shifobaxsh moddalarga boyligi bilan ajralib turadi. Jumladan, o‘simlik ildizida 1,7-3,3 foiz, poyasida 0,23- 3,75 foiz, barglarida 1,07-4,96 foiz, gullarida 2,82 foiz va urug‘larida 2,38-6,60 foizgacha alkaloidlar bor. Alkaloidlar majmuasidan garmalin, garmin (banisterin), peganin (vazitsin), dezoksivazitsion va yana bir qator alkaloidlar ajratib olingan.
Zamonaviy tibbiyotda isiriqdan ajratib olingan garmin alkaloydi va o‘simlik ildizidan tayyorlangan spirtli tindirma (nastoyka) Parkinson xastaligini (markaziy asab sistemasining surunkali avj oluvchi kasalligi, harakatlantiruvchi funksiyalar buzilishi bilan o‘tadi), tutqanoq, bosh miyaning yallig‘lanishi asorati – qaltirashni davolashda hamda uxlatuvchi dori sifatida ishlatilgan.
Peganin nomi bilan yuritiluvchi alkaloid kishini bardamlashtiruvchi, ichni maromlashtiruvchi va o‘t haydovchi xususiyatlarga ega bo‘lsa-da, zaharli hisoblanadi. Giyoh tarkibida mavjud bo‘lgan garmolin alkaloidi o‘tkir ta’sirligi bilan ajralib turadi. Bu alkaloid markaziy asab sistemasiga, ayniqsa, bosh miya po‘stlog‘idagi harakatni tergab turuvchi markazga qo‘zg‘atuvchi ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, u yurak, ichak, bachadon, suyak, mushaklar sistemasiga, bosh miya qon tomirlarining kengayishiga olib keladi.
Isiriqning yer ustki qismidan tayorlangan qaynatmasidan bod, qo‘tir va boshqa kasalliklarni davolashda foydalaniladi. Undan tayyorlanadigan damlama bezgak, tutqanoq, tomoq og‘rig‘i, holdan toyish va o‘ta charchash natijasida asabning buzilishida (nevrasteniya) uyqusizlikka qarshi shifobaxsh omil sifatida ishlatiladi. Isiriq va zig‘ir urug‘laridan qaynatma ziqnafas kasalligida (bronxil astma) naf beruvchi vosita hisoblansa, qalampir mevasi bilan isiriq urug‘i aralashmasidan tayyorlanadigan qaynatma zaxm, bod va boshqa kasalliklarni davolashda qo‘llaniladi. Ba’zan isiriq urug‘idan gijja va ter haydovchi (10-15 tadan 2-3 mahal ichiladi) omil sifatida foydalaniladi.
Bundan tashqari, uning yana bir ajoyib hislati – tutatib hidlansa, boshning iztirobli og‘rig‘idan holi qiladi. Isiriq bilan dudlangan xona tajavuzkor mikrob va zararli hashoratlar (qurt-qumursqa, kana, burga) dan tozalanadi. Jumladan, mabodo uyda kimdir qizamiq, tumov, terlama va boshqa yukumli kasalliklar bilan og‘rib yotgan bo‘lsa, mazkur xona havosi tarkibidagi zararli mikroblar isiriq dudidan nobud bo‘ladi. Ilmiy meditsina isiriq tarkibida mavjud bo‘lgan ta’sirchan moddalar ko‘zga ko‘rinmas mikroa’zolarga qiron keltirishini isbotlab bergan.
Isiriq ayni gullagan paytida yer ustki qismi o‘rib olinib, quyosh nuridan pana, salqin joylarda quritiladi. Mabodo uning mevalarini dorivor mahsulot sifatida tayyorlash lozim bo‘lsa, u holda o‘simlik mevasi yetilib pishganida giyohning poyasi yuqori qismdan o‘rib olinadi, quritiladi va yanchib, urug‘i ajratib olinadi.
Isiriq zamonaviy tibbiyotda ham atroflicha qo‘llanilmoqda. Uning shifobaxshlik bobidagi sir-asrorlarini ochishda O‘zbekiston olimlarining xizmati tahsinga loyiq. Hozirda undan 15 xildagi alkaloidlar ajratib olinayotgani hamda ular tibbiy amaliyotda qo‘llanilayotgani fikrimizning dalilidir.
Mabodo yog‘och anjomlar (beshik, sandiq, g‘aladon, quti, shkaf va boshqa), shuningdek, istiqomatga lozim bo‘lgan xonalarning ichini har qanday tajavuzkor omillardan pokizalash lozim bo‘lsa, u holda isiriq qaynatmasi bilan artib chiqiladi yoxud quruq isiriq tutatilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Isiriq gullab, meva hosil qilayotgan davrda yig‘ib, quritib suvda qaynatiladi va bug‘ida bod bilan og‘rigan oyoq yoki qo‘l tutib turilsa, yaxshi naf bo‘ladi.
ISIRIQ DAMLAMASI:
– yuqori nafas yo‘llari shamollaganda;
– malyariyada;
– nevrasteniyada;
– isterik va epeleptik holatlarda;
– gipertoniyada;
– endometritda;
– tish og‘rig‘ida, milklar yag‘lig‘langanda (tomoqni g‘ar- g‘ara qilish);
– revmatizm, bot kasaliklar (vanna qilish)da shifo bo‘ladi.
Isiriqning 1 choy qoshiq miqdorda quruq kukunlashtirilgan o‘tidan olib, 400 gramm qaynoq suvda damlanadi, so‘ng osh qoshiqda kuniga 3 mahal iste’mol qilinadi.
Xolida OCHILOVA,
Oliy toifali shifokor-endoskopist