Munosabatlarni asraylik
Britaniyalik olimlar 12 yil davomida olib borilgan tadqiqot natijalariga tayangan holda insonlar o‘rtasida o‘zaro munosabatlarning buzilishi yurak kasalliklari xavfini 34 foizga oshirishini aniqlashdi.
Xususan, oilasi va yaqinlari tomonidan yetarlicha ruhiy ko‘mak olmaydigan odamlar yurak kasalliklariga 34 foizga ko‘proq chalinishi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, ular koronar yurak kasalligiga moyil bo‘lib, bu holda ushbu xastalik rivojlanishi 23 foizga oshishi aniqlandi.
Olimlar yaqin kishilar bilan munosabatlar va yurak holati orasida o‘zaro aloqa mavjudligini birinchi bor isbotlayotgani yo‘q. Bundan oldin o‘tkazilgan tadqiqotlar ham baxtli nikoh inson hayotini uzaytirishidan hamda turmush qurgan erkak va ayollar yolg‘izlarga qaraganda infarktga 3 baravar kamroq chalinishidan dalolat bermoqda. Ajrashganlarda esa infarkt xavfi 30-40 foizga oshar ekan.