O‘zingizni asrang!
Sovuq tushishi bilan gripp va O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiyalar) kasalliklari ancha ko‘payadi. Haroratning pasayishi sababli immuniteti past kishilar osongina viruslar va bakteriyalar hujumiga uchraydi.
Bu xastaliklarni yengish uchun taomnomangizga quyidagilarni kiriting:
Zanjabil – xastalikni ilk bosqichida to‘xtatadi va kasallik rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi.
Asal – mikroblar va viruslarga qarshi kurashadi. Ayniqsa, limon va issiq choy bilan birgalikda samarali ta’sir etadi.
To‘q sariq rangli sabzavotlar – ularda alfa va beta-karotin, lyutein moddalari ko‘p bo‘lib, ular immunitetni mustahkamlovchi A vitaminini hosil qiladi.
Dengiz balig‘i – D vitaminining asosiy manbai, shuningdek, u yong‘oqlarda va o‘simlik yog‘larida mavjud.
Piyoz va sarimsoqpiyoz uning tarkibidagi A va S vitaminlari immun tizimini mustahkamlaydi.
Tibbiy niqob taqib yuring. U viruslarga mexanik to‘siq hosil qilgan holda xastalikning yuqish xavfini kamaytiradi. Odamlar ko‘p to‘planadigan joylar kinoteatrlar, savdo markazlari, jamoat transportida va bemorlar bilan muloqot chog‘ida tibbiy niqobdan foydalaning. O‘zingizni ehtiyot qiling! Sovuq qotish, yelvizak va haddan tashqari katta jismoniy yuklamalar ham organizmning himoya kuchlariga putur yetkazishi mumkin.
Agar xasta bo‘lsangiz, uy sharoitida davolanish va kasallikni “oyoqda” o‘tkazmaslik muhim ahamiyatga ega. Yuqori harorat, yo‘tal, tumov ikki-uch kun uyda qolish uchun muhim sabab bo‘ladi. Agar ish muhimroq degan qarorga kelgan bo‘lsangiz, hamkasblaringiz haqida o‘ylang. Bitta bemor kishi hamkasblarning xastalanishiga sabab bo‘ladi! Bu esa jamoada ish unumining juda pasayib ketishiga sabab bo‘ladi.