SUV HAM TIRIK MAVJUDOT

Suv borki, hayot bor. Inson uchun tiriklik baxsh etadigan eng noyob manba, bu oltindan ham qimmatli ne’mat – suvdir. Buni har birimiz yozning jaziramasida bir pasgina chanqoqlikka duch kelganimizda yaxshi anglab olganmiz.

Ha, suv shunday obihayotki, po‘rviqor tog‘lar bag‘ridan zamin bag‘riga shoshiladigan sharsharalar ham hayot nafasi ila hayqirib, sachrab, sakrab zaminga otiladi. Toshdan-toshga urilib, zarralarga aylanib, so‘ng yana havoga ko‘tariladi. Uning bir qismi daryo va anhorlarga qo‘shilib insonlarga, ona tabiatga hayot baxsh etadi.

Ana shu suvning ta’mi va hayotbaxshligidan bahramand tirik mavjudot borki, uning kuchi va mo‘jizaviyligi ila hayot otlig‘ tiriklik dunyosida javlon uradi. Aslida suv ham tirik mavjudot. Toza ichimlik suvida tiriklik alomati borligini tekshirishgan olimlar qiziq tafsilotlarni aniqlaganlar. Ular bir qator tajribalar o‘tkazib, suvda sezish, ta’sir qilish, ta’sirlanish alomatlarini ko‘rishgan.

Aniq qilib aytadiga bo‘lsak, suv “gapiradi”, “eshitadi” va “ko‘radi”.

Yapon olimi M. Emato, avstriyalik olim A. Guber, rus olimi S. Zenin o‘z ilmiy xulosalarida suv olam va odam munosabatlarining muhim vositasi ekanligini qayd etganlar. Xalqimizning qadimiy barhayot an’ana hamda qadriyatlarida ham suvni e’zozlash, uning qadr-qimmatini har nedan ustun bilish haqida rivoyat va hikoyatlar mavjud. Mutaxassis olim M. Ematoning mikroskop orqali o‘z isbotini topgan tajribalariga ko‘ra, faqat ezgu va yaxshi so‘z, fikr va tuyg‘uni “eshitgan” suvning kristallashgan (muzlatilgan) holati o‘zgacha go‘zal ko‘rinishni olgan. Aksincha, yomon yoki qo‘pol so‘zlar aytilgan suv kristallari qoraygan yoki xoatik holga kirgan. Olimning “Suvning aytganlari” nomli kitobida axborotlar ta’siridan keyin suvni kristallangan shakllarining 200 dan 500 martaga kattalashtirilgan tasvirlari berilgan. Tasvirlarga ko‘ra, “farishta” so‘zini eshitgan suv kristali o‘ra shaklini, “muhabbat” so‘zini eshitgan suv kristali olti burchakli gul shaklini, “jonimga tegding” degan so‘zni eshitgan suv kristallarining shakli sahroda qochib borayotgan odam shaklini olgan. Tanamizning 70 foizdan ko‘pini suv tashkil qilgani uchun ham balki inson yaxshi so‘zning gadosi bo‘lsa kerak.

Suv inson hayotida eng muhim o‘rin egallaydi va uni hech nimaga alishtirib bo‘lmaydi. Agar tabiatda temir zahirasi tugasa, uni plastmassaga almashtirish, o‘simlik yoki hayvon oqsillari bo‘lmasa, uni sun’iy yo‘l bilan olish mumkin. Ammo suvsiz hayotni tasavvur etib bo‘lmaydi.

Yana o‘qing:  Sport xabarlari (2015/14)

Bundan tashqari, suv qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, sanoat korxonalarining rivoji uchun ham eng zarur suyuq mineral, tabiiy xom ashyo hisoblanadi.

Suv sayyora iqlimini saqlashda ham asosiy rol o‘ynaydi.

Suv inson organizmining yashash jarayonida, muhim biokimyoviy jarayonlarda faol qatnashib, tana haroratini mo‘tadil saqlaydi. Tuz va boshqalarni ionlarga parchalab, organizmda hayotiy muhit yaratadi. Me’da–ichak, ovqat hazm qilish jarayonida, qondagi osmatik bosim doimiyligini ta’minlashda, qon aylanishi va muskullar qisqarishida vositachilik qiladi. Xujayra va to‘qimalarda hosil bo‘ladigan zaharli chiqindilarni tashqariga chiqarishda, to‘qima va xujayralarga kerakli ozuqa moddalarini yetkazib berishda faol ishtirok etadi.

Suvning sifati va tabiiy holatining buzilishi, tarkibida yuqumli kasalliklar tarqatuvchi mikroorganizmlarning bo‘lishi, gijja tuxumlarining ko‘payib ketishi yoki zaharli xususiyatga ega kimyoviy moddalar miqdorining ko‘payishi inson sog‘ligiga ziyon yetkazishi shubhasiz. 

Olimlarning ta’kidlashicha, 2025 yilga kelib suv tanqisligidan 2 milliard aholining aziyat chekish ehtimoli bor. Ekologik xavfsizlikning eng nozik va murakkab qirralaridan biri, kelajakda toza ichimlik suvining muammosi butun dunyo aholisini jiddiy tashvishga solmoqda. Chunki ayni paytda, jahon aholisining 40 foizi toza ichimlik suvi yetishmaydigan joylarda yashamoqda. Bugungi kunda aholini ekologik va gigiyenik talablarga javob bera oladigan toza ichimlik suvi bilan ta’minlash inson salomatligini muhofaza qilishning asosiy omillaridandir. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi yillarda eng taraqqiy etgan davlatlarda suvning iste’moli kishi boshiga sutkasiga 800 litrga to‘g‘ri kelgan bir vaqtda endi rivojlanayotgan mamlakatlarda bu miqdor 30 litrni tashkil etadi. Har bir kishiga suv sarfi iqlim sharoitiga, mintaqalarning obodonlik darajasiga, taraqqiyotiga va ishlab chiqarish korxonalarining o‘ziga xos xususiyatlariga ham bog‘liq. Shu sababli aholini toza va sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash bugungi kun dolzarb masalalaridan hisoblanadi.

Buyuk olim Abu Ali ibn Sino o‘sha davrlardayoq suvni tozalashda filtrlash usulidan foydalanishni tavsiya qilgan va bu g‘oya hozirgi kunda ham vodoprovod tizimida qo‘llanilib kelinmoqda. Suvning bu maqsadlarda ishlatilishi sanitariya va ekologik holatini yaxshilaydi. Hozirgi paytda dunyoda aholi soni 6 milliarddan ortib ketsada, suvning miqdori ko‘paygani yo‘q. Shu bois chuchuk suv muammosi murakkablashib, toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi muammoga aylanmoqda. Buni bartaraf etish uchun aholini markazlashgan vodoprovod suvi bilan ta’minlashda suv manbaining o‘zini-o‘zi, tabiiy tozalash xususiyatiga katta ahamiyat qaratilgan. Bu jarayon davlatimizda olimlar tomonidan o‘rganilib chiqilgan va hayotga tatbiq etilmoqda.

Yana o‘qing:  Xushxabar, raqamlar (2015/9)

Jumladan, “Tabiatni muhofaza qilish”, “Respublika davlat sanitariya  nazorati to‘g‘risida” va “Suv to‘g‘risi”dagi Qonunlar hamda yaratilgan normativ hujjatlarning asosiy maqsadi ham mamlakatimizdagi xo‘jalik, toza ichimlik suvi, madaniy sport, baliq xo‘jaligi maqsadlari uchun ochiq suv havzalari, kanallar va daryolarni, ko‘l va suv omborlarini, sun’iy kanal va jilg‘alarni bulg‘anishdan asrash, ifloslanishini oldini olishdan iborat.

 Shunday ekan, tiriklik nashidasini surayotgan har bir  inson tabiatning noyob ne’mati – suvni isrof qilmaslikka, ifloslanishiga yo‘l qo‘ymasligi, uni tejash va sarfini nazorat qilishni yosh avlodga uqdirishni va ularga ibrat namunasini ko‘rsatishni burch deb bilmoqlari lozim.

 

Maryam AHMEDOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: