CHEVARLAR SULOLASI
Farog‘at opa haqida gap ketgudek bo‘lsa qo‘ni-qo‘shnilar uni “qo‘li gul hunarmand”,- deya e’zozlashadi. Chunki chevarlar oilasida o‘sib-ulg‘aygan qizning yoshligidan bu kasbga qiziqishi katta edi. Uning qo‘lida jilo topgan bejirim do‘ppilar, kashtali so‘zanalarga ko‘pchilikning havasi kelardi. “Hunar, hunardan unar”, – deydi dono xalqimiz. Farog‘at opa ham o‘z ustida tinimsiz ishlab buvijoni va onasining izidan borib bu hunarning nozik sirlarini puxta egalladi. Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va Sport ishlari vazirligi, Respublika Xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi, Respublika “Hunarmand” uyushmasi hamda G‘ofur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i hamkorligida o‘tkazilgan “Nomoddiy madaniy meros-xalq durdonasidir” anjumanida Farog‘at Ergasheva o‘zining ko‘rgazmasi bilan ishtirok etdi. Ozoda Ziyamuhamedova, Larisa Manakova, Javlon Umarov kabi xalq amaliy san’ati ustalari qatorida Farog‘at opaning ham kashtachilik borasidagi ishlari barchada katta qiziqish uyg‘otdi. Do‘ppilarga tikilgan rang-barang guldor naqshlar, so‘zanalar chetidagi bargsimon gullar va yaproqlarning bir tekisda bir-biriga ulanib ketganligi bu ish ustasining qanchalik chevarlgidan dalolat berib turibdi.
– Ko‘rgazmaga qo‘yilgan kashtalarimning barchasida buvijonim va oyijonimdan o‘rgangan chevarlikni namoyon etganman. Ular mening ustozlarim desam aslo mubolag‘a emas. Men ham o‘rganganlarimni farzandlarimga o‘rgatishga bel bog‘laganman. Har bir oilaning o‘ziga xos maktabi bo‘ladi. Bizning oilada kashtachilik ilmi keng qanot yoygan. Anjuman sabab “Nomoddiy madaniy meros-xalq durdonasidir” mavzusidagi qiziqarli davra muloqotida ishtirok etish bilan bir qatorda hunarmandchilik borasida bir-birimiz bilan tajriba ham almashdik, – deydi Farog‘at opa.
Ha, har bir oilada hunarmandchilikning qaysi turi bo‘lmasin xoh u kulochilik bo‘lsin, yoki qo‘g‘irchoqbozlik, xoh kashtachilik yoki yog‘och o‘ymakorligi bo‘lsin uning ilk ustalari shubhasiz shu oilaning a’zolaridir. Zero, ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan boqiy meros — hunarmandchilik bardavomligi bilan qadrlidir.
Muhayyo QUDRATOVA