Hamyurtimiz – jahon chempioni
Polshaning Vrotslav shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida o‘zbek polvoni Ruslan Nuriddinov jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritdi.
Polshaning Vrotslav shahri mezbonlik qilgan 80-jahon chempionatida dunyoning 59 mamlakatidan 300 nafardan ziyod og‘ir atletikachi g‘oliblik uchun kuch sinashdi. Nufuzli musobaqada mamlakatimiz sharafini sakkiz nafar sportchi – Ruslan Nuriddinov, Ulug‘bek Alimov, Sardorbek Do‘stmurodov, Doston Yoqubov, Ruslan Makarov, Manzuraxon Mamasoliyeva, Marina Sisoyeva hamda Mahliyo Tog‘ayeva himoya qildi.
Jahon chempionatining eng keskin va murosasiz bellashuvlari 105 kilogramm vazn toifasida kuzatildi. Dunyoning o‘n yetti mamlakatidan yigirmadan ziyod og‘ir atletikachi o‘zaro raqobatlashgan bahslarda chempionlik uchun kurash asosan uch sportchi – ikki karra Osiyo chempioni va Jahon universiadasi g‘olibi Ruslan Nuriddinov, rossiyalik jahon rekordchisi David Bedjanyan va London Olimpiadasi sovrindori, polshalik Bartlomey Voysex Bonk o‘rtasida kechdi.
O‘zbek polvoni shtangani dast ko‘tarishda 190, siltab ko‘tarishda 235 va ikkikurash natijasiga ko‘ra, jami 425 kilogramm natija qayd etib, umumiy ko‘rsatkich bo‘yicha ikkinchi o‘rin sohibi David Bedjanyanni 20, Bartlomey Voysex Bonkni 21 kilogrammga ortda qoldirib, birinchi o‘rinni egalladi. Ruslanning bu g‘alabasi sharafiga Vatanimiz bayrog‘i baland ko‘tarilib, davlatimiz madhiyasi yangradi.
Joriy mavsum og‘ir atletikachimiz uchun har tomonlama muvaffaqiyatli bo‘ldi. Dastlab mamlakat chempionatida g‘alaba qozongan sportchimiz Osiyo chempionatida ham uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Iyul oyida Jahon universiadasida ikki marotaba rekord o‘rnatib, chempion bo‘ldi. Bu yilgi mavsumning eng nufuzli musobaqasi – jahon chempionatida ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatini umumjamoa hisobida to‘rtinchi o‘rinda yakunladi.