Ona yurtning olis manzillarida

Avval xabar berganimizdek, “Sog‘lom avlod uchun” Hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya jamg‘armasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi hamkorligida Toshkent – Qoraqalpog‘iston – Jasliq – Toshkent yo‘nalishida tashkil etilgan “Salomatlik” poyezdining navbatdagi safari nihoyasiga yetdi.

“Salomatlik” poyezdi Toshkentga qaytib keldi

Azaldan xalqimiz urf-odatlari, an’analari, so‘nmas qadriyatlarida o‘zaro mehr-oqibat tuyg‘ulari mujassam ekanini ko‘ramiz. Yo‘qsilni yo‘qlash, bemorning dardiga malham, ehtiyojmandning ko‘ngliga xotirjamlik olib kirish, ezgulik ulashish jismu jonimizga singgan amalu a’molimizdir. To‘g‘ri-da, turmushning obodligi, ko‘ngilning xotirjamligi tansihatlikda, hamjihatlikda…

Bugun mamlakatimizda aholi salomatligini saqlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada yurtimizda faoliyat yuritayotgan nodavlat-notijorat tashkilotlarining ham hissasi beqiyos.

Yurtimizning ekologik jihatdan noqulay hududlarida istiqomat qilayotgan aholini tibbiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi tashabbusi bilan tashkil etilayotgan “Salomatlik” poyezd”lari xalq salomatligini saqlashda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Orolbo‘yi hududida joylashgan Qoraqalpog‘iston va Jasliq qo‘rg‘onlari aholisi bu yil ham tibbiy va ijtimoiy ko‘makdan bahramand bo‘ldilar. Tibbiy ko‘rik “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasining “Salomatlik” tibbiy-sanitariya yordam poyezdining malakali shifokorlari, “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialining tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi mutaxassislari tomonidan amalga oshirildi.

– Mazkur tadbir davomida Qoraqalpog‘iston va Jasliq qo‘rg‘onlarida istiqomat qilayotgan 963 nafar aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, – deydi jamg‘armaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali direktori Orazgul Yembergenova. – Tibbiy ko‘rik davomida 354 nafar ayol, 290 nafar bola hamda 320 nafar erkak, 17 nafar nogiron qamrab olindi. Ma’lumki, chekka, ekologik sharoiti noqulay bo‘lgan xududlarda yashovchi aholiga malakali mutaxassislar tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatishda zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar yordamida tekshiruvlarni o‘tkazish katta ahamiyat kasb etadi. Shu bois tibbiy ko‘rik davomida aniq laboratoriya tahlillariga va zamonaviy tekshirish usullariga tayangan holda tashhislar qo‘yildi. Jumladan, 330 nafar kishi EKG tekshiruvi, 466 ta ultratovush tekshiruvi, 575 nafar aholiga flyurografiya va 660 nafar mahalliy aholining 1980 ta laboratoriya tekshiruvlari (qon va peshobning umumiy tahlili, surtmalarning tahlili, eritrotsit, leykotsit va ECHT tekshiruvlari va qondagi gemoglobin miqdori aniqlandi) o‘tkazildi.

Yana o‘qing:  MUVAFFAQIYAT FORMULASINI bilimli bolalar topadi

O‘tkazilgan tibbiy ko‘rik vaqtida 673 nafar katta yoshdagi aholining 313 tasida turli kasalliklar, jumladan, yurak-qon tomir tizimi, nafas olish, ovqat hazm qilish, tayanch-harakat tizimi xastaliklari, shu bilan bir qatorda stomatologik kasalliklar aniqlandi.

Xastaliklarning nozologik tahliliga e’tibor qaratilsa, katta yoshdagi aholi orasida yurak-qon tomir tizimi kasalliklari, ovqat hazm qilish tizimi kasalliklari, kamqonlikning turli darajalari nisbatan ko‘proq kuzatiladi.

Shuningdek, ushbu tadbir davomida shifokorlar tomonidan aholiga tibbiy tavsiya va maslahatlar berildi. Xastaligi aniqlangan bemor bolalar va ayollarning salomatligini tiklash maqsadida hududiy tibbiyot maskanlariga kunduzgi va shifoxona sharoitida davolanish uchun yo‘llanma berildi.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bolalar orasida kamqonlikning turli darajalari, gijja kasalliklari, yuqori nafas yo‘llari xastaliklari aniqlandi.

“Salomatlik” poyezdi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik davomida kasallik aniqlangan aholiga ayniqsa, onalar va bolalar, nogironlar hamda muhtoj oilalarga shu joyning o‘zida zaruriy dori-darmonlar, sanitariya-gigiyena vositalari bilan insonparvarlik yordami ko‘rsatildi.

Bolalar shodligi – dil obodligi

Oilada farzand dunyoga kelsa, u bilan xonadonga cheksiz quvonch kirib keladi. Shu bois bolalarimizni “umrimiz mazmuni, ovunchog‘imiz”, deb ardoqlaymiz. Ko‘zimiz qarog‘i – yurt farzandlarining sog‘lom va durkun voyaga yetishi ulug‘vor kelajagimizni ta’min etadi. “Salomatlik” poyezdi faoliyati davomida 100 nafar bir yoshgacha bo‘lgan bolalarning ota-onalari uchun aksiya o‘tkazilib, bolalar vannasi va qadoqlangan sutdan iborat jamlanma hadya etildi.

Bolaning tanidagi og‘riq ota-onaning jismida yanada zo‘rayadi. Boladagi nuqson ota-onaning ham qalbini jarohatlaydi. Jasliq qo‘rg‘onida istiqomat qiluvchi Aqniyetga bobosi oq niyat tilab ism qo‘ygan edi. Uning oilasiga taqdirning imtihoni bo‘ldimi, Aqniyetning xastaligi kun sayin yuzaga chiqa boshladi. Aqniyet O‘razaliyeva bugun to‘qqiz yoshni qarshiladi. Ammo ko‘zlari chaqnab turgan bu qizaloq oyoq va qo‘l harakatidan mosuvo umrguzaronlik qilmoqda. U o‘qishni xush ko‘radi, ertaklar mutolaa qiladi. Xonadonning o‘zida jonkuyar muallimlardan saboq oladi.

U yashayotgan qo‘rg‘ondan juda ko‘p poyezdlar o‘tadi. Ba’zan ko‘p qavatli uy derazasidan boqib, poyezdni kengliklarga singib ketgunga qadar kuzatib turadi.

Bugun uning ko‘zlari sevinch yoshiga to‘ldi. Ezgulik poyezdidan bir hadya Aqniyetning xonadoniga kirib keldi. Endi u hovlida ham, uyda ham bemalol harakatlanadi. Qizaloqning maxsus yangi aravachasi bor.

Yana o‘qing:  O‘ZBEKISTON OLIY TIBBIYOT TA’LIMI SAMARALARINING YANA BIR XALQARO E’TIROFI

500 ta oilaga manzilli yordam

“Salomatlik” poyezdi faoliyati davomida Qo‘ng‘irot tumanida istiqomat qilayotgan boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj 500 ta oilaga “Sog‘lom avlod uchun” xayriya jamg‘armasi tomonidan tayyorlangan, oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat paketlar manzilli yetkazib berildi. 1 ming 512 nafar aholiga dori-darmon, uy-ro‘zg‘or anjomlari, sanitariya-gigiyena vositalari, bolalar va tug‘ish yoshidagi ayollar uchun vitaminlar jamlanmasi bepul tarqatildi.

– Tadbir davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasining boshqa tuman va shaharlarida joylashgan “Mehribonlik”, “Muruvvat” uylari, maxsus maktab-internatlari, tibbiyot muassasalari uchun ham tibbiy anjomlar, oziq-ovqat yuklaridan iborat insonparvarlik yordamlarini taqdim etdik, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi “Onalik va bolalikni muhofaza qilish” bo‘limi boshlig‘i Jumabek Nurov. – Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy-amaliy markazining Nukus filialiga 8 turdagi 14 ta tibbiy asbob-uskuna, jumladan, ko‘p funksiyali jarrohlik karovatlari, jarrohlik stoli, tibbiy sanitar zambili va to‘shaklar topshirildi. Safar davomida Qoraqalpog‘istondagi 21 ta tashkilot va muassasaga muruvvat yordamlari berildi.

Ezgulikning ildizi teran

Xalqimiz xayrli ishni saxovat, deydi. Uni oftobga mengzaydi. Zero, saxovat inson qalbining oftobidir. Undan mehr nuri taraladi.

“Salomatlik” poyezdi bilan safarga otlangan, ona yurtning olis manzillarida yashayotgan vatandoshlarimizning omonligi uchun kamarbasta mehnat qilgan shifokorlarga tahsin aytasan. Ba’zan bir ostona hatlab qo‘shningdan xabar olishga yo vaqt, yo imkon topolmaysan. “Kasbi… vazifasida…”, deydi ba’zi birovlar istehzo bilan. Aslo unday emas! Aholi bilan gavjum vagon-poliklinika, tongdan shomga qadar tibbiy-ko‘rik, charchoq, bularning barchasi zamirida kasbiga sadoqat, elparvarlik, ezgulik kabi yuksak insoniy fazilatlar mujassamdir.

Matluba Yakubova mana 12 yildirki, “O‘zbekiston temir yo‘llari” DATKning tibbiy-sanitariya “Salomatlik” poyezdi poliklinikasida stomatolog-shifokor vazifasida faoliyat yuritadi:

– Kasbimga mehrim baland. Shu bois bo‘lsa kerak uning mashaqqatlarini sabot bilan yengaman, – deydi Matluba opa. – Yaqinlarim ham ba’zan bu qiyinchiliklarni yuzimdan ilg‘ab, uyda, nabiralarim ardog‘ida bo‘lishimni maslahat berishadi. Ammo, “Salomatlik” poyezdidagi mitti ishxonam uyimdek bo‘lib qolganini ilg‘ayman. Qolaversa, elga kasbimiz orqali yordam berayapmiz, kimgadir nafimiz tegayapti.

… “Salomatlik poyezdi” Toshkentga qaytdi. Ammo, uning xayrli safari yurtning olis manzillarida umrguzaronlik qilayotgan odamlar qalbiga mamnunlik ulashib turibdi.

Yana o‘qing:  YANGI KUN

Faxriddin Hayitov,

“Sog‘lom avlod” gazetasi muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: