DILGA DILDOSH OHANGLAR
Kuy kishi ko‘ngliga huzur bag‘ishlab, uni orom sari yetaklaydi. Yurakni junbushga keltirib yangragan har bir ohang inson xotirasida uzoq vaqt muhrlanib qoladi. Uni qayta-qayta tinglaging keladi. Bugun nafaqat ustoz san’atkorlar tomonidan ijro etilayotgan kuy va qo‘shiqlarni maza qilib tinglayapmiz balki yosh ijrochilarning ham ijro mahoratiga qoyil qolayapmiz desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Yosh iste’dodlarning jahon sahnalarida bir qator muvaffaqiyatlarga erishayotganidan esa qalbing g‘ururga to‘ladi. Ayni vaqtda ularning safi kun sayin ortib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi qoshidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va san’at akademik litseyi o‘quvchilari Italiyaning Fermo shahrida o‘tkazilgan Xalqaro tanlovda Vatanimiz nomini yana bir bor dunyoga tanitdi. Kuni kecha musiqa vatani atalmish ushbu mamlakatda zarbli cholg‘ular yo‘nalishi bo‘yicha X xalqaro tanlov bo‘lib o‘tdi. Ushbu tanlovda qatnashish uchun kelgan akademik litsey o‘quvchilari Mustafo Jo‘rayev, Pahlavon Shodmonov, Shavkat Obloberdiyev, Zayniddin Jo‘raboyevlarga ta’lim maskani rahbari Zulfiqor Xolmirzayev hamda konsertmester Ubaydullo Toshmatovlar boshchilik qilishdi. Dastlab kichik va o‘rta baraban so‘ngra katta baraban hamda vibrafon, marimba, jamoa bo‘lib ijro etish nominatsiyalarida o‘zaro bellashgan o‘quvchilarning mahorati hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholandi. Ko‘rik-tanlovning so‘nggi bosqichida jahonning 37 ta mamlakatidan kelgan yosh musiqachilar o‘z mahoratlarini namoyish etishdi. Mazkur bosqichda hamyurtlarimizning jamoa bo‘lib ijro etgan asarlari ijobiy baholandi. Vatanimiz vakillarining ijrochilik san’atiga “Jamoa nominatsiyasi”ni baholash komissiyasi raisi amerikalik Jon Bek, shuningdek komissiyaning boshqa a’zolari gongkonglik Pius Cheing, shvetsiyalik Anders Astrand, italiyalik Silvio Felichiani kabilar alohida to‘xtalib yuqori baho berishdi. Iqtidorli o‘quvchilarimizga ko‘rik-tanlov prezidenti Antonio Santanjelo oltin medal hamda esdalik sovg‘alarini topshirar ekan, ularning kelgusi o‘qish va ijro uslublariga rivoj tiladi. San’atsevar bolajonlar musiqa bayrami doirasida italiyalik ustozlar tomonidan tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashib bilimlarini yanada oshirishdi. Ayniqsa tanlov yakunida mashhur ijrochilarning chiqishlari kechaga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Bir so‘z bilan aytganda kuy va qo‘shiqqa oshno qalblar yana bir bor ona O‘zbekistonimiz sha’niga munosib ravishda jahon sahnasida, biz hech kimdan kam emasligimizni namoyish etishdi.
Jamila HAYDAROVA