QVP xizmatidan aholi mamnun
Nukus tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli “Kattagar” (Kattagar – qoraqalpoq tilida katta suv oqar degani) qishloq vrachlik punktiga kirib borar ekansiz, atrofdagi mevali va manzarali daraxtlar ko‘rkidan qalbingiz yorishadi. Oltin kuz jilosi ko‘rk berib turgan yaproqlar quyosh nurida tovlanadi. Muassasa hovlisi saranjom-sarishta.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi 1-Silga qarshi kurashish dispanseridan ko‘chma rentgen mobil mashinasi mutaxassis-ftiziatrlari kelib aholini ko‘rikdan o‘tkazmoqda.
Mazkur qishloq vrachlik punktida 25 nafar tibbiyot xodimiga oliy toifali shifokor Marjon opa Ishanbayeva rahbarlik qiladi. Marjon opa bilan aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lida mehnat qilib kelayotgan jamoa faoliyati haqida suhbatlashdik.
– Mamlakatimizda aholi salomatligini saqlash borasida yuksak islohotlar amalga oshirilmoqda. Bizning qishloq vrachlik punkti ham ana shu islohotlarning mevasidir. 2005 yilda faoliyatini boshlagan tibbiyot muassasamiz hududiy jihatdan 6 ming 661 nafar aholini qamrab oladi, – deydi M. Ishanbayeva biz bilan suhbatda. – “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” shioriga amal qilgan holda reproduktiv yoshdagi ayollar va o‘smir qizlar salomatligiga ko‘proq e’tibor qaratamiz. Hududimizda istiqomat qilayotgan 1 ming 757 nafari esa 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlar orasida ham muntazam sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini orlib boramiz.
“Kattagar” qishloq vrachlik punkti “Salomatlik-1”, “Salomatlik-2” loyihalari asosida zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Laboratoriya xonasi uchun FEK – fotoelektrokolometriya uskunasi orqali qondagi qand miqdori aniqlanadi. Tibbiy tahlillar olinib xulosalar chiqariladi. Elektromikroskop esa qonning mikroelementlarini va organizmdagi turli gijja kasalliklari va boshqa parazitlarni aniqlashda yordam beradi. Stomatologik uskuna, avtoklav, ginekolog xonasida homilaning yurak urishini aniqlaydigan “Doppler” apparati, Pikfluometriya – bronxial astma, surunkali bronxit kasalliklarini aniqlaydigan uskuna hamda ko‘z, quloq, tomoq-burun sohalarini tekshirishda qo‘llaniladigan otooftalmoskop, yurak qon tomir kasalliklarini aniqlashda qo‘llaniladigan EKG uskunalari ishlab turibdi.
Bundan tashqari tuman tibbiyot birlashmasi mutaxassislari har oyda bir marotaba muassasada bo‘lib aholini UTT uskunasi orqali tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi. Xastalik aniqlangan bemorlarga kunduzgi va shifoxona sharoitida sog‘lomlashtirish uchun yo‘llanmalar beriladi.
Aholi salomatligini mustahkamlash, turli kasalliklarning oldini olishda QVP stomatologi Bahodir To‘laganov, tug‘ish yoshidagi ayollarning reproduktiv salomatligini mustahkamlash borasida faoliyat yuritib kelayotgan umumiy amaliyot shifokori Guljan Matchanova hamda laboratoriya hamshirasi Nazlimxon Shexnazarovalar alohida jonbozlik qilib kelmoqda.
Aholi orasida uchraydigan kamqonlik (anemiya), buyrak, xafaqon xastaliklarini o‘z vaqtida bartaraf etish, bemorlarni sog‘lomlashtirish va ish faoliyatini ta’minlash qishloq vrachlik punktidagi fidoyi shifokorlarning asosiy maqsadidir. Chunki, oila salomatligi uning tinchligi hamdir. Hukumatga qarashli bo‘lmagan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi tomonidan ajratilgan dori-darmon hamda sanitariya-gigiyena vositalari kam ta’minlangan oilalar, yolg‘iz keksalarni ijtimoiy himoyalash, ularning sog‘lig‘ini muhofaza qilish ishiga yo‘naltirilmoqda.
Insonlar ongu shuurida davr bilan hamnafas odimlash ishtiyoqi baland. Har bir fuqaroning salomatligi, avvalo, uning tibbiy savodxonligiga bog‘liqdir. Bu borada ularga hamisha shifokorlar ko‘makka shay. Zero, sog‘lom avlodgina jamiyat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘sha oladi. Biz qalbi egnidagi libosi kabi oq, qo‘li yengil shifokorlarga hamisha omad yor bo‘lishini tilaymiz.
Sahifani Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Muhabbat XO‘JAMURODOVA tayyorladi