Zukko kitobxon
bilimli ko‘pni yengar
Kuni kecha Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va san’at akademik litseyida “Yuksak ma’naviyatli farzandlar – mustaqil yurt tayanchi” shiori ostida an’anaviy “Zukko kitobxon” tanlovi o‘tkazildi. Tadbirda yozuvchi va shoirlar, ustoz murabbiylar, o‘quvchilar, ularning ota-onalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tanlovni o‘tkazishdan asosiy maqsad yoshlar orasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish, axborot kommunikatsion texnologiyalari orqali ular o‘rtasida mutolaa madaniyatini yuksaltirishdan iboratdir.
Tadbirda so‘zga chiqqan filologiya fanlari nomzodi, dotsent Omonulla Ma’dayev ona tilimizga, kitob o‘qishga bo‘lgan e’tiborni o‘quvchilar ongu shuuriga singdirishda mana shunday tanlovlarning ahamiyati katta ekanini ta’kidladi.
Tanlovda bilim maskani 7-sinf o‘quvchilaridan iborat – “Mezon”, “Tafakkur”, “Fikrat” jamoalari o‘zaro bellashdilar. O‘quvchilar kitobxonlik lavhalari aks etgan ijodiy albom tayyorlash, zehn matni, notiqlik mahorati, zukko kitobxon savol-javobi kabi beshta shart bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar. Yakunda “Tafakkur” jamoasi birinchi, “Mezon” jamoasi ikkinchi hamda “Fikrat” jamoasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. G‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
M.XO‘JAMURODOVA