Muruvat-la dunyo charog‘on
Xayol og‘ushiga cho‘mgan daraxtlar, yam-yashil archalar sukunatini buzib yangragan qo‘shiq ohanggiga mos xirom etayotgan qizning bir tekis mayda o‘rimli uzun sochlari ko‘rgan kishining havasini keltiradi. Egnidagi atlas libosi va boshidagi iroqi do‘ppi payvasta qoshlariga zeb berib turibdi.
Raqqosaning imkoniyati cheklangan bo‘la turib, musiqa ohangini his etayotganiga hayronligimni sezgan hamrohim, Hukumatga qarashli bo‘lmagan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi Jizzax shahar mintaqaviy filiali direktori Dilorom Rasulova archazor tarafga imo qildi. Bir juft archa orasida ustozi berilib xirom etib, sahnadagi shogirdiga raqs harakatlarini o‘rgatib turganini ko‘rib, beixtiyor lol qoldim. Qalbimda jo‘sh urgan mehrni yashirolmay, “ustozingga ming rahmat qizim, unib-o‘sib katta-katta sahnalarda xirom etish senga nasib etsin” deya pichirladim.
Kuz eshik qoqqan bo‘lsada, Jizzax viloyati Zarbdor tumani “Yangi Bo‘ston” qo‘rg‘onidagi zaif eshituvchi bolalar maxsus maktab-internati hovlisida gullar chamandek ochilib turibdi. 180 o‘ringa mo‘ljallangan ta’lim maskani zamonaviy ko‘rinishda qad rostlagan bo‘lib, mavjud uchta yotoqxona, oshxona, kutubxona o‘quvchilar ixtiyorida. “Obod turmush yili” munosabati bilan mahalliy byudjetdan 150 million so‘m mablag‘ ajratilib, maktab-internat yotoqxonasi to‘liq ta’mirlanmoqda. Ta’lim maskani rahbari Nizomiddin Toshbekov boshchiligida mehnat qilayotgan 83 nafar oliy ma’lumotli o‘qituvchilar, surdopedagog va malakali tarbiyachilar eshitishda nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilarga tayanch ma’lumot berish bilan birga, ularni kasb-hunarga yo‘llash kabi ezgu ishlarni amalga oshirib kelmoqdalar. O‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun ta’lim maskanida “O‘z-o‘ziga xizmat”, “Milliy o‘yinlar”, “Quvnoq startlar”, “Bayramga tayyorgarlik”, “Qo‘g‘irchoq teatri” kabi mashg‘ulot va tadbirlar o‘tkazilishi yaxshi an’anaga aylangan. Ushbu mashg‘ulotlar orqali o‘quvchilar amaliy mehnatga, sport bilan muntazam shug‘ullanishga o‘rgatilmoqda. Shuningdek, “Qo‘g‘irchoq teatri”da o‘quvchilar tarbiyachilari yordamida tomoshalar uyushtiradilar.
Bundan tashqari maktab-internati qoshida Nargiza Hasanova hamda Faxriddin Berdimurodov rahbarligida “Nilufar” raqs dastasi tashkil etilgan bo‘lib, mazkur raqs dastasi o‘zining dasturlari bilan viloyat miqyosida o‘tkazilayotgan bayram tadbirlarida faol ishtirok etib kelayotir.
Maktab-internatda iqtidorli o‘quvchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Lolaxon Husanboyeva o‘z o‘quvchilari bilan birgalikda “Maftunkor ranglar jilosi” respublika ko‘rik-tanlovida III o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Mo‘tabar Erkaboyeva Respublika Bolalar kutubxonasida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekistonning yetti mo‘jizasi” shiori ostidagi respublika ko‘rik-tanlovida “Amir Temur darvozasi” deya nomlangan rasmi uchun I o‘ringa sazovor bo‘ldi. Rangtasvir uyg‘unligini bolalar qalbiga singdirayotgan tajribali ustoz Lolaxon Husanboyeva yoshlar bilan ishlashdagi samarali faoliyati uchun O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va yana bir qancha tegishli tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan “Tasviriy san’at” haftaligining diplomiga sazovor bo‘lgan.
Ha, bayram bolalarniki. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi Jizzax shahar tayanch maskani, Zarbdor va Baxmal tuman hokimliklari, Viloyat gaz taminoti va elektr tarmoqlari korxonalari, “Zarbdor” don qabul qilish OAJ hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbir orzulari osmon bolajonlarga bir olam shodlik ulashdi.
Biz esa o‘z iqtidorini namoyish etishga intilayotgan o‘quvchilar va ularning jonkuyar ustozlarining kelgusi o‘qish va ishlarida omadlar tilab, ular bilan xayrlashdik.
J.ERDONOVA,
Jizzax viloyati