“Salomatlik poyezdi” – ezgulik mayog‘i
Yurtimizda aholini ijtimoiy himoyalashga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida ko‘plab davlat va nodavlat tashkilotlari faoliyat olib borishmoqda.
Hukumatga qarashli bo‘lmagan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” DAK bilan hamkorlikda tashkil etgan “Salomatlik poyezdi” loyihasi doirasida ko‘pgina xayrli ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, mamlakatimizning ekologik noqulay va chekka hududlarida istiqomat qilayotgan aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, ularni chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, zarur dori-darmonlar va sanitariya-gigiyena vositalari hamda kerakli tibbiy anjomlar bilan ta’minlash ishlari izchillik bilan olib borilmoqda.
Bu safar “Salomatlik poyezdi” Qoraqalpog‘iston Respublikasining chekka hududlarida istiqomat qiluvchi ehtiyojmand oilalarga insonparvarlik yordamlarini yetkazib berish maqsadida Toshkent-Jasliq-Karakalpakiya-Toshkent yo‘nalishida tashkil etildi.
19 oktyabr kuni jo‘nab ketgan “Salomatlik poyezdi”ning malakali shifokorlariga joylarda jamg‘armaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi tibbiy ijtimoiy patronaj brigadasi xodimlari yaqindan ko‘maklashmoqda. Ushbu xayriya aksiyasi davomida aholiga va davolash profilaktika muassasalariga 49,4 mln. so‘mlik oziq-ovqat, kiyim-kechak hamda umumiy qiymati 281,29 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan dori-darmon va tibbiyot anjomlari, sanitariya-gigiyena vositalaridan iborat muruvvat yordamlari yetkazib beriladi.
Reja muvofiq, Toshkent-Jasliq-Karakalpakiya-Toshkent stansiyalariga yaqin hududlardan tashqari “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialining “Avtoambulans” mashinasi orqali hududdagi barcha “Muruvvat”, “Mehribonlik”, “Saxovat” uylari, shu bilan bir qatorda shifoxonalar, respublikaning bolalar tug‘ruq komplekslariga hamda maxsus maktab-internatlariga o‘z yordamini ko‘rsatishni rejalashtirgan.
“Salomatlik poyezdi” 27 oktyabr kuni Toshkentga qaytib keladi.
F. TOLIPOV