Qon tahlilida xlamidioz aniqlansa… Bu homila uchun xavflimi?
– Homilam ikki oylik. Qon tahlili topshirganimda TORCH- infeksiyasidan biri – xlamidioz aniqlandi. Bu homilaga salbiy ta’sir qilmaydimi?
Nuriya Sobirova,
Namangan viloyati
– Ko‘pincha ayollar xlamidioz belgilarini sistit yoki oqchil bilan adashtirishadi. Chunki, uning ilk belgilari sifatida peshob ajralishida qovuqda achishish, qindan ajralma kelishining ko‘payishi kuzatiladi. Keyinroq esa hayz davri orasida ham qindan qon ketishi, jinsiy hayotda muammo yuzaga kelib, ushbu a’zodan qon ajralishi mumkin. Afsuski, xlamidioz homilaning to‘laqonli rivojlanishiga juda salbiy ta’sir qiladi. Natijada homila tushishi yoki uning o‘smasligi, tug‘ruq paytidagi asoratlar, bolaning muddatidan avval yoki biron bir tug‘ma nuqson bilan dunyoga kelish ehtimoli yuz beradi. Sizning holatingizda er-xotin birgalikda davolanishingiz zarur. Davolashda esa infeksiyaga qarshi maxsus dori vositalari hamda antibiotiklar qo‘llanadi.
Oybek SATTAROV,
tibbiyot fanlari nomzodi