Saxiy tabiatning sarxil tuhfasi
Kuz faslining o‘ziga xos oltindek tovlanadigan shifobaxsh ne’matlaridan biri bu shubxasiz behi mevasidir. U biroz qattiq bo‘lsada, tanovul qilinganda o‘ziga xos mazasi odamga xo‘sh yoqadi.
Ayniqsa, behidan tayyorlangan murabbo qish davomida eng tuyimli va mazali, shuning bilan birga foydali ozuqa hisoblanadi.
Behining oddiy va yapon turi mavjud bo‘lib, O‘zbekistonda faqat oddiy behi ekiladi. Baxri behi, non behi, quva behisi shular jumlasidandir.
Uning tarkibida 12 foizgacha qand, 5 foizga yaqin organik kislotalar (olma, uzum, limon kislotalari), efir moylari, pektin va oshlovchi moddalar, S vitamini, temir, mis, kalsiy tuzlari, urug‘ida 20 foizga qadar shilliq, glikozid amigdalik, 8 foizdan oshiq moy, bo‘yoq moddalar bor.
Behi mevasi shifobaxsh bo‘lib, undan tabobatda keng foydalaniladi. Behi mevasining sharbati bilan astma, yurak, sariq hiqichoq, qorin og‘rig‘i, dizenteriya kasalliklarini davolashgan. Bundan tashqari behidan darmonsizlik, kamqonlik, yo‘tal, me’da, jigar va buyrak kasalliklarini davolashda ham keng qo‘llanilgan.
Ushbu mevadan tayyorlangan damlamani ibn Sino yo‘g‘on ichakning yallig‘lanishini davolashda, behi shirasi bilan astma, qon tupurish va qayt qilishni to‘xtatishda, chanqoq hamda miya og‘rig‘ini qoldirishda ishlatgan.
Behi urug‘i bilan uzum sharbatining qaynatmasi kamqonlikda, ichburug‘da, bavosil kasalliklarini davolashda yaxshi ta’sir qiladi. Sharbati esa me’dani kuchaytiradi va balg‘am ko‘chishini to‘xtatadi.
Ushbu meva terni to‘xtatadi. Uning yog‘i esa sovuqdan teri yorilganda hamda buyrak va qovuqqa ham foyda qiladi.
Qo‘rga ko‘mib pishirilganini ko‘zdagi issiq shishlarga qo‘yiladi.
Behi sharbati
Sharbatni tayyorlash uchun shirin va nordon behidan 400 grammdan olib, maydalab 1 litr suvda qaynatiladi va ustiga 10 gramm binafsha guli qo‘shib, so‘ng qaynatish yana yarim soatgacha davom ettiriladi. Sovuganidan keyin dokada suziladi va 100 grammga 50 grammdan asal qo‘shib qaynatiladi. Ichiga 11 gramm dolchin va zanjabilni solib qaynatma sovitiladi.
Behi barglari va yosh novdalaridan qand kasali va qon bosimini davolashda ham keng foydalanilgan. Uning uchun behi barglari va novdalarini gullash davrida olib, salqin yerda quritiladi. 1-2 osh qoshiq barg va novdaning kukunidan olib, 1 stakan suv qo‘shiladi va past olovda 15 daqiqa qaynatiladi. So‘ngra sovutilib, dokadan o‘tkaziladi va 1 osh qoshiqdan kuniga 3 mahal ichiladi.
M.HASANOVA tayyorladi