Bolangizning nutqida nuqson bormi?

Unga siz aybdor bo'lishingiz mumkin

So'zga oshuftalik, uning mag'zini chaqish, talaffuzdagi ohang jarangdorligi, ona tilida ta'sirli nutq ayta oluvchiga hurmat ko'rsatish xalqimizning azaliy an'analaridandir.

Ulug' bobomiz Yusuf Xos Hojib «Odobning boshi tildir» deb bejiz aytmaganlar. Zotan, nutqning burroligi, lisoniy ifodaning aniqligi insonning go'zal xislatlaridandir.

Eramizdan oldin va hozirgacha dunyoning turli burchaklarida til bilan bog'liq savollar ko'p bo'lgan. Tarixiy kitoblarning birida qayd etilishicha XVI asrda Akbarshoh tomonidan g'aroyib bir tajriba o'tkazilgan. Ulug' shoh «Biron – bir tilga o'rgatilmagan odamning tabiiy tili yahudiy tili bo'ladi» degan g'ayriilmiy gapni eshitib qoladi. Shunda Akbarshoh bunga aniqlik kiritishni istaydi va shu maqsadda o'n ikkita emizikli bolani ajratib olib, Agradan olti mil uzoqlikdagi qal'aga joylashtiradi. Ularning tarbiyasi bilan shug'ullanishi uchun o'n ikkita soqov enaga yollaydi. Qal'a darvozasini ochish qat'iyan taqiqlanadi. Bolalar o'n ikki yoshga yetganda, Shoh bolalarni huzuriga keltirishni buyuradi va saroyga barcha tilni biladigan donishmandlarni ham taklif etadi. Agrada yashaydigan bir yahudiy bolalarni chindan ham yahudiycha gapirish yoki gapirmasliklariga hakamlik qilishi kerak edi. Hind faylasuflari bu bolalarning tili sanskrit (qadimgi hind tili) bo'lib chiqadi, deya bashorat qilishadi. Ammo bolalar shoh huzuriga keltirilganda, barcha hayratdan tosh qotib qoladi, chunki bolalar hech bir tilda gapirmasdilar.

Ular o'z enagalaridan fikrlarini faqat turli imo-ishoralar bilan ifodalab, hech, qanday tilsiz muomala qilishni o'rgangandilar. Ular bu notanish, begona jamoadan qo'rqib, hurkib turardilar.

Bolaning go'daklikdan dunyoni ona tilida idrok etishi uchun, avvalo, oila ya'ni ota-ona mas'uldir. Bolalikning nutqiy ko'nikmalaridagi kamchilik va nuqsonlarni vaqtlar o'tgach o'zgartirish oson bo'lmaydi. Bu kabi salbiy holatlar xoh katta bo'lsin, xoh kichik, onaning ziyrak va mehribon nigohidan chetda qolmasligi lozim. Bolani o'ynatish, erkalash jarayonida so'zlarni to'g'ri talaffuz qilish uning nutqiy madaniyati shakllanishida yaxshi samara beradi. Shuningdek, turli jargon so'zlarini ishlatmaslik ham maqsadga muvofiq. Boisi bola eshitgan so'zini tez o'zlashtirishga intiladi va bu uning tarbiyasiga salbiy ta'sir ko'rsatadi.

Dilrabo SAYDULLAYEVA,

O'zDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi

Яна ўқинг:  Гўштли хитойча соус

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: