Karomat sozgarning muvaffaqiyati
Istiqlolning ilk yillaridanoq milliy qadriyatlarimizga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratildi. Musiqa va cholg‘u asboblarining takomili borasida qator xayrli ishlar amalga oshirildi. Sozgar hunarmandlar ijodini rivojlantirishga keng yo‘l ochildi. Turli studiya va ustaxonalar tashkil etildi. «Tillo noxun» musiqa asboblari yasash va ta’mirlash xalq studiyasi shulardan biridir.
– 1992 yilda Buxoro shahridagi viloyat ilmiy-metodik markazida musiqa asboblari yasash va ta’mirlashni o‘rgatishga yo‘naltirilgan to‘garak tashkil etdik, – deydi studiya rahbari Karomat Muqimov. – Biz to‘garakka sohaga qiziqishi bor yoshlarni jalb qilish maqsadida kollej va maktablarda davra suhbatlari, uchrashuvlar uyushtirdik. Natijada o‘nlab o‘quvchilar to‘garakka qabul qilindi. A’zolarning safi yildan-yilga kengayib bordi, shu bois to‘garak negizida studiya tashkil qildik. Haftada ikki marta mashg‘ulot olib borishni yo‘lga qo‘ydik. Yosh havaskor ustalarga nazariy mashg‘ulot paytida musiqa asboblari, ularning kelib chiqishi haqida tushuncha berilsa, amaliyotda cholg‘u asboblari yasash o‘rgatiladi. Milliy musiqa asboblarini mevali daraxtlar – o‘rik, tut, yong‘oqdan yasagan ma’qul. Faqat ularni dekabr – fevral oylari yiqitib olish maqsadga muvofiq. Shunda cholg‘u asbobi pishiq va chidamli bo‘ladi. Yog‘ochga ishlov berish, tayyorlash, quritish jarayoni esa sozgardan sergaklikni talab etadi.
Karomat akaning ko‘p yillik samarali mehnatlari inobatga olinib, 2002 yil ushbu studiya «Xalq havaskorlik jamoasi» unvoniga loyiq topildi va unga «Tillo noxun» nomi berildi.
K.Muqimovning 10 dan ziyod shogirdlari hududlarda musiqa asboblarini yasash va ta’mirlash hunarini davom ettirib kelishmoqda.
N.NIYOZOVA,
Respublika xalq ijodiyoti madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi yetakchi mutaxassisi