“Ona tilim, onajonim tili bu…”

Asrlar osha o‘z nufuzini yuksaltirib kelayotgan ona tilimiz ne-ne og‘ir sinovlarni boshdan kechirgani hech kimga sir emas. Shukrki, istiqlolga erishgach, onajon tilimizga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaydi. Bu yil o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganiga 24 yil to‘ladi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi, pedagogika fanlari doktori, professor Qumri Abdullayeva bilan tilimizni ko‘z qorachig‘idek asrash borasida nimalarga e’tibor qaratish zarurligi xususida suhbatlashdik.

– Qumri opa, farzandlarimizning bolaligidan so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilishi muhim ahamiyatga ega. Bu borada ota-onalar nimalarga e’tibor qaratishi lozim?

– Ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy «ko‘ngul maxzanining qulfi til va ul maxzanning kalidin so‘z bil», degan edilar. Darhaqiqat, inson qancha bilim boyligiga ega bo‘lmasin, uni so‘z, nutq bilan ifodalab bera olmasa, bunday bilim, malakaning o‘zgalarga nafi bo‘lmaydi.

Bola doimo so‘zlashga, fikrini tushuntirishga harakat qiladi. Shunday paytda kattalar uni qo‘llab-quvvatlab, tovush, so‘z va gaplarni takrorlab, unga ko‘mak berishlari lozim. Shu asnoda bolada asta-sekin so‘zlashish layoqati shakllanib boradi. Bu paytda ota-ona farzandi bilan to‘g‘ri talaffuz mashqlarini o‘tkazsa, bola ravon so‘zlashga harakat qiladi. Bo‘g‘inlarni qo‘shib, so‘zlar, so‘zlardan esa sodda gaplar hosil etishni kuzatib, ma’qullash zarur. Shunda bolaning o‘ziga bo‘lgan ishonchi yanada ortadi.

– O‘zbek tilining lug‘at boyligi va nufuzini oshirish borasida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

– Mamlakatimiz istiqlolga erishgandan so‘ng o‘zbek tilining ravnaqiga katta e’tibor berilganini mamnuniyat bilan ta’kidlash lozim. O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun har yili o‘zgacha shukuh bilan nishonlanishi, ana shu bayramga bag‘ishlab o‘g‘il-qizlarimizning tayyorlagan dasturlari ularning bilimini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ulug‘ ajdodlarimiz asrlar osha o‘zbek tili rivojiga ulkan hissa qo‘shib bizgacha go‘zal asarlar qoldirgan. Endigi vazifa, biz yosh avlodni o‘z ona tilida erkin so‘zlashishlari, uning lug‘at boyligini ko‘payishiga hissa qo‘shishlarini ta’minlashimiz kerak. Masalan, katta yoshli bobo-buvilarimiz tomonidan qo‘llaniladigan ba’zi so‘zlar asta-sekin muloqotdan chiqib ketmoqda. Dunyo fan-texnika taraqqiyoti bilan bog‘liq holda chetdan kirib kelayotgan va yangi paydo bo‘layotgan so‘z va atamalar iste’molga kiritilmoqda.

Yana o‘qing:  Karomat sozgarning muvaffaqiyati

– Bugungi kunda yurtimizda yoshlarimizning bilim olishlariga katta e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa til o‘rganish tizimi jadal sur’atlarda rivojlanib bormoqda. Bu borada fikringiz…

– Prezidentimizning 2012 yil 10 dekabrdagi «Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori o‘g‘il-qizlarimiz uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Yangi davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari asosida 1-sinflar uchun ingliz, nemis, fransuz tillaridan darslik majmualari yaratildi. Bu esa o‘z navbatida ota-onalardan farzandini til o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni talab etadi. Shuni unutmaslik kerakki, bola qaysi tilni o‘rganishga kirishmasin, avvalo o‘zbek tili gramatikasini ham puxta o‘zlashtira borishi lozim.

– O‘tgan davr mobaynida tilimiz rivojini ta’minlash borasida ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Uning imkoniyatlari haqida qanday fikr bildirasiz?

– Darhaqiqat, o‘tgan qisqa davr mobaynida tilimiz sofligini saqlash, uni yuksaltirish borasida xayrli ishlar amalga oshirildi. O‘zbek tili o‘zining keng imkoniyatlarini xalqaro munosabatlarda, fan sohalarida to‘liq nomoyon etayotgani har bir vatandoshimiz qalbini cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldiradi.

Ona tilimizning zamonaviy ilm-fanning barcha yo‘nalishlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, iqtisodiyot, bank-moliya tizimida keng ishlatilayotgani uning imkoniyatlarini nechog‘lik yuqori ekanligidan dalolat berib turibdi.

Tilning lug‘at boyligi jamiyatdagi barcha o‘zgarishlarning yorqin ifodasi. Ayni vaqtda turli fan sohalariga tegishli minglab terminlarning shiddat bilan kirib kelayotganining ijobiy jihatlar bilan bir qatorda salbiy holatlar ko‘zga tashlanayotgani ham bor gap. Buni har tomonlama puxta o‘rganib, tilimiz taraqqiyoti uchun foydali tamoyillarni tayin etishimiz lozim. Yoshlarimiz ongida ona tiliga hurmat, uning beqiyos go‘zallini asrab-avaylash hislarini singdirish eng muhim vazifalarimizdan biridir.

Faxr va iftixor bilan shuni aytish kerakki, xalqimiz erkin va obod yurtda to‘kin hayot kechirmoqda. Shahar va qishloqlarimizni, ko‘cha va guzarlarimizni yangi bino va imoratlar bezamoqda. Ko‘plab binolar, maishiy xizmat shahoblari va do‘konlarning ayrimlari peshtoqida xorijiy tilda yozilgan so‘z va atamalarga ko‘zingiz tushadi. Axir, o‘zbek tilining imkoniyatlari juda keng. Biz undan keng ko‘lamda foydalanishimiz kerak.

Yana bir mulohaza, ko‘cha ko‘yda «Bobur» oshxonasi, «Zulfiyaxon» go‘zallik saloni, «Alisher» kafesi, kabi nomlarga ko‘zimiz tushadi. Bu mantiqan noto‘g‘ri. Qolaversa, Alisher Navoiy, Zaxiriddin Muhammad Bobur, Zulfiyaxonim kabi ulug‘ zotlar millatimizning faxri va g‘ururi, iftixoridir…

Yana o‘qing:  Ijtimoiy q(t)armoqlardagi “do‘st”larning salmog‘i haqida

Jamila HAYDAROVA suhbatlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: