Chempionat yuqori saviyada o‘tdi
Samarqandda o‘tkazilgan baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha o‘n beshinchi Osiyo chempionati yakunlandi.
Qariyb bir hafta davom etgan musobaqalarda 20 dan ortiq davlatdan 500 ga yaqin sportchi qatnashdi. Shuningdek, chempionat doirasida turli madaniy tadbirlar, Samarqand shahridagi madaniy va tarixiy obidalar, sport majmualariga sayohatlar uyushtirildi.
Chempionat kunlarida o‘tkazilgan Osiyo kanoe federatsiyasining 16-kongressi va matbuot anjumanida xalqaro kanoe federatsiyasi hamda Osiyo kanoe federatsiyasi rahbarlari O‘zbekistonda 15 Osiyo chempionati yuqori saviyada tashkil etilgani, ayniqsa, Samarqand eshkak eshish kanalida amalga oshirilgan kapital rekonstruksiya ishlariga yuqori baho berdilar. Majmuada xalqaro sport musobaqalari hamda o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari o‘tkazish uchun barcha sharoit mavjudligi va bu sportchilarga keng imkoniyatlar berishi ta’kidlandi.
Chempionat yakuniga ko‘ra, 15 oltin, 15 kumush va 15 bronza medallarni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik sportchilar umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Qozog‘iston va uchinchi o‘rin Eron terma jamoalariga nasib etdi.
Vakillarimizning bunday muvaffaqiyatida Vadim Menkov, Aleksey Mochalov, Serik Mirbekov, Gerasim Kochnev, Yuliya Soy, Yekaterina Zarkova, Artur Guliyev, Temur Haydarov, Temur Mamaroziqov, Vladislav Patofeev, Sergey Buxalsev kabi sportchilarimizning hissasi katta bo‘ldi.
Musobaqalar doirasida paralimpiyachilar o‘rtasida ham bahslar o‘tkazildi. Unda hamyurtimiz Usmon Kestan oltin medalni qo‘lga kiritdi. Yana bir vakilimiz O‘ktam G‘aybullayev kumush medal bilan taqdirlandi.
Qit’a miqyosidagi nufuzli musobaqa yuksak darajada o‘tkazilgan Samarqand eshkak eshish kanalida joriy yilning 13-17 oktyabr kunlari akademik eshkak eshish bo‘yicha navbatdagi Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi.
O‘zA.